O‘zbekiston | 08:02 / 15.06.2024
2893
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik tibbiyot xodimlari Koreyada malaka oshiradi

Koreya ixtisoslashtirilgan markazlarida tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha uzoq muddatli dastur ishga tushiriladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekistonlik tibbiyot xodimlari Janubiy Koreyaning ixtisoslashtirilgan markazlarida malaka oshiradi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Koreya Respublikasi prezidenti Yun Sok Yol ishtirokidagi muzokaralar chog‘ida kattalar uchun shifoxona va onkologik klinikani o‘z ichiga olgan tibbiy klaster loyihalarini tayyorlash va amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Bundan tashqari, Koreyaning ixtisoslashtirilgan markazlarida tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha uzoq muddatli dastur ishga tushiriladi.

Ta’lim sohasida hamkorlik bo‘yicha katta tajriba to‘plangan. O‘tgan yilning martida birinchi O‘zbekiston-Koreya rektorlari forumi bo‘lib o‘tdi. Kelgusi yili navbatdagi uchrashuv o‘tkaziladi.

O‘zbekistonda Koreya fan va texnologiyalari instituti (KAIST) modeli asosida institut tashkil etish taklifi qo‘llab-quvvatlandi.

Koreya Davlat boshqaruvi instituti va Milliy inson resurslari instituti bilan hamkorlikda Toshkentdagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshida Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt o‘quv markazini ochish rejalashtirilgan.

Mavzuga oid