O‘zbekiston | 11:03 / 16.04.2021
30939
2 daqiqa o‘qiladi

Olmaliqdagi voqeadan keyin 11 nafar soliqchi ishdan bo‘shatildi

Internetda tarqalgan video ortidan Olmaliq shahar davlat soliq inspeksiyasining 11 nafar xodimi ishdan bo‘shatildi.

Davlat soliq qo‘mitasi ko‘chada sotuvchilik qilayotgan ayollarning buyumlarini tortib olib, mashinaga yuklashga uringan zo‘ravon soliqchilar bo‘yicha o‘tkazilgan tekshiruvlar natijalarini ma'lum qildi.

«Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video bo‘yicha tezkor tekshiruv o‘tkazilib, natijasi bo‘yicha Olmaliq shahar davlat soliq inspeksiyasining 11 nafar xodimi, jumladan, voqeada bevosita ishtirok etgan uch nafar soliq inspektori ishdan bo‘shatildi va ularning barcha maxsus unvonlari bekor qilindi», deyiladi Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati xabarida.

Shu bilan birga, Toshkent viloyati DSB boshlig‘iga hamda Olmaliq shahar davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘iga hayfsan berilgan.

Qayd etilishicha, shu paytga qadar noqonuniy faoliyat yuritgan fuqarolarga tegishli huquqiy yordam ko‘rsatilib, faoliyati qonuniylashtirilgan. Ularga Olmaliq shahridagi savdo markazidan tegishli joy ajratib berilgan. Shuningdek, kredit olishda amaliy yordam ko‘rsatilib, ulardan biriga tikuv mashinasi hadya etilgan.

Avvalroq, soliqchilar ko‘chada sotuvchilik qilayotgan ayollarning buyumlarini tortib olib, mashinaga yuklashga uringani aks etgan video internetda tarqalgandi.

Shundan so‘ng, Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev zo‘ravon soliqchilar aks etgan video bo‘yicha munosabat bildirib, kerakli choralar ko‘rilishini aytib o‘tgandi.

Mavzuga oid