O‘zbekiston | 17:31 / 02.12.2024
4543
5 daqiqa o‘qiladi

Isitish mavsumini boshlashdagi sovetcha qoidadan voz kechiladimi?

Amaldagi tartibga ko‘ra, 5 kun davomida sutkalik tashqi harorat 8 gradusdan past bo‘lgandan keyingina isitish mavsumi boshlanishi lozim. Kommunal xo‘jalik vazirligi boshqarma boshlig‘i Ilhom To‘rayevga ko‘ra, bu borada yopiq tizimga o‘tish rejalashtirilyapti. Bunda iste’molchilar ta’minotni o‘zi xohlagan paytda yoqishi va o‘chirishi mumkin bo‘ladi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda isitish mavsumining kech boshlanishi noroziliklarga sabab bo‘lib turadi. Mas’ullar bu borada sovet paytidan qolgan qoidani ro‘kach qiladi. Bu qoidaga ko‘ra, isitish mavsumi – 5 kun davomida sutkalik tashqi harorat 8 gradusdan past bo‘lgandan keyingi, ya’ni 6-kundan boshlanishi kerak.

Bugun, 2 dekabr kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida jurnalistlar bu qoidani o‘zgartirish rejasi bor-yo‘qligini so‘radi.

“Bu tartibga qaysidir yil amal qilinadi, yana qaysidir yil amal qilinmaydi. Bunda ishlar amaldorlarning shaxsiy xohishiga ko‘ra bo‘ladimi yoki aniq bir mezonlar bormi?” deya savol berildi mas’ullarga.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i Ilhom To‘rayevga ko‘ra, bu borada yopiq tizimga o‘tish rejalashtirilgan.

“To‘g‘ri, bu – SSSR paytida qabul qilingan qoida. Bugungi kunda uni takomillashtirish uchun yagona yechim – yopiq tizimga o‘tish. Ya’ni yopiq tizimga o‘tib, individual issiqlik punktlarida hisoblagichlar o‘rnatiladi. Boshqaruv servis kompaniyasiga kelib tushgan murojaatga qarab, aholi ta’minotni yoqadi va o‘chiradi. Yerto‘la qismida o‘rnatilgan hisoblagichga qarab, to‘lov amalga oshiriladi.

Bugungi kunda Toshkent shahridan tashqari viloyatlarda 8 gradusga qarab o‘tirilmasdan, ta’minotchi yoki iste’molchilarning tashabbusi bilan issiqlik yoqilgan joylar juda ko‘p bo‘ldi. Ayniqsa ijtimoiy soha obektlari – maktab, bog‘cha va kasalxonalarda murojaatga qarab yoqildi. Davlatimiz tomonidan qo‘yilgan talab – yopiq tizimga o‘tish. Bu issiqlik resurslarini 30 foizgacha qisqartirish imkonini beradi.

Bitta narsani aytib o‘tishim kerak, SSSR paytida 8 graduslik tizim joriy etilgan bo‘lsa-da, bugungi kunda [o‘sha paytga nisbatan] bitta amal qilinmayotgan jihat bor. Tashqi havo harorati e’tiborga olinmagan holda, ijtimoiy soha obektlarida 15 oktyabrdan isitish yoqilishi kerak bo‘lgan. Shu narsaga oxirgi yillarda amal qilinmayapti.

Prognoz bor, kelgusi jarayonda sovib ketish xavfi bo‘ladigan bo‘lsa, bu narsaga amal qilinmaydi. Agar 1 kunlik sovuq bo‘lib, yana havo isib ketadigan bo‘lsa, bu narsaga amal qilib kelingan”, dedi Ilhom To‘rayev.

Jurnalistlar ayni paytda amalda bo‘lgan Vazirlar Mahkamasining qarori 2014 yilda qabul qilinganini eslatib, nima uchun o‘sha paytda SSSR davrida o‘rnatilgan tizimdan voz kechilmaganini so‘radi.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i Obidjon Mo‘minovning ta’kidlashicha, 10 yil oldin bu masalaga yechim topilmagan.

“Mana shu narsaga yechim o‘sha payti topilmagani uchun shunaqa qilingan. Yechim nima uchun topilmagan. Tizimlarimiz – 50-60 yil oldin qurilgan narsalar. Ko‘p narsa ma’nan eskirgan. Tizimni modernizatsiya qilib, yangilasak, sizlar aytgan narsa bo‘ladi. Hozir ham harakat bo‘lyapti. Tizimni moslashuvchan qilishimiz kerak, buning uchun texnik jihatlar o‘zgarishi lozim. Ana shunga harakat ketyapti. Vodiy viloyatlari, Qashqadaryoda yangi tizim qurilyapti. Ularni haroratdan kelib chiqib moslasa bo‘ladi.

Bu tizimlar juda katta miqdorda energiya talab qiladi va murakkab texnologik jarayon. Uni bugun yoqib, ertaga o‘chirib qo‘ya olmaymiz. Asosiy omil shu.

Veolia o‘zining yangi tizimini olib kiryapti. Bu ham bosqichma-bosqich amalga oshiriladi va katta miqdorda mablag‘ va vaqt resursini talab qiladi. Bunga bosqichma-bosqich kelyapmiz. Yirik obektlarimizga ozgina vaqt kerak, bunga ham olimlar ishlashi kerak, ham texnik qurilmalarini almashtirish kerak”, dedi Obidjon Mo‘minov.

Mavzuga oid