O‘zbekiston | 18:50 / 20.06.2018
101693
5 daqiqa o‘qiladi

«Bolalar o‘limiga sabab bo‘lgan dorilar ro‘yxati». Aslida gap nimada?

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda ayrim xorij davlatlari hududida bolalar ba'zi dori vositalari ta'sirida yuzaga kelgan kuchli allergik reaksiya qurboni bo‘lishayotgani haqida xabarlar tarqaldi.

Bunda 3-12 yosh oralig‘idagi bolalar hayotdan ko‘z yumgani va bu dorilarni zinhor iste'mol qilmaslik haqida ogohlantirish bor edi. Xabarga Urganch tumani prokuraturasining Tibbiyot birlashmasi boshlig‘i va «Xorazm dori-darmon» MChJ raisiga yo‘llagan xati ilova qilindi.

Xatda «har qanday sharoitda ham sotuvga chiqarish mumkin bo‘lmagan» dori vositalarining quyidagi ro‘yxati keltirilgan:

Amoksitsillin;
Kapesula;
Ibuprofen suspenziya;
Alklofenak;
Sumamed;
Ingalipt;
Antisept;
Inflyutsid;
Bolalar panadoli;
Sanasol.

Shundan so‘ng, ijtimoiy tarmoqlar va ba'zi saytlarda yashin tezligida vahimali xabarlar tarqaldi. Uning ba'zilarida bu dorilarni umuman iste'mol qilmaslikka chaqirilgan bo‘lsa, ba'zilarida dorilarning sifatini tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilish, dori vositalarining seriyasi, yaroqlilik muddatiga alohida e'tibor qaratish so‘ralgan edi.

Vaziyatni o‘rganish uchun Urganch shahri va tumani dorixonalarini aylanganimizda, ayni paytda, dorixonalar bu dorilarni sotmaslik haqida hech qanday ko‘rsatma olishmagani ma'lum bo‘ldi. Ularning ba'zilari esa sotuvda bor, masalan, Amoksitsillin, Ingalipt va Ibuprofen. Ba'zilari esa sotuvda yo‘q, buning sababi - ularning xorijda ishlab chiqarilayotgani va allaqachon ularning o‘rnini egallagan dorilar o‘zimizda ham, faqat boshqa nomlarda mavjud.

Holat yuzasidan ma'lumot olish uchun «Xorazm dori-darmon» MChJ raisi Suhbat Rajabov bilan bog‘landik. U bizga ro‘yxatda keltirilgan dorilar sotuvini taqiqlash bo‘yicha hech qanday buyruq yo‘qligini tasdiqladi.

«Bu dorilar zararli, iste'molga yaroqsizligi, ularni taqiqlash shartligi to‘g‘risidagi buyruq mavjud emas. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan hujjat esa bunga asos bo‘lolmaydi. Avvalo, qaysidir dorini taqiqlashdan oldin, uning nomi, ishlab chiqarilgan zavodi, seriya raqami aniq ko‘rsatilgan va belgilangan bo‘lishi kerak. Masalan, Amoksitsillin dorisi butun dunyoda ishlab chiqiladi. Agar «Amoksitsillin taqiqlansin» deyilsa, unda shunday dorining hammasi sotilmasligi kerak, bu esa noto‘g‘ri. «Amoksitsillin nomli, falon zavodda, falon vaqtda va falon raqamli seriyadagi dori taqiqlansin deyilsa», bu to‘g‘riroq bo‘lardi, taqiqlash jarayoni aynan shunday», - dedi Rajabov «Kun.uz» muxbiriga.

Bu holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati rahbari Furqat Sanayevning fikri bilan qiziqdik.

«Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, go‘yo ma'lum bir dorilar tufayli, bolalarning ommaviy o‘limi haqidiga xabarlarga biz asos topmadik. Xorij mamlakatlari, xususan, Rossiya, Qozog‘iston va boshqa mamlakatlarda bunday dorilar iste'mol qilinishi oqibatida ommaviy o‘lim holatlari qayd etilgani haqida ham hech qanday xabar yo‘q. Demak, asossiz xabarlarga qandaydir izoh berishga hojat bo‘lmasa kerak. Xorijda ishlab chiqarilgan dorilar O‘zbekiston hududida sotilishidan oldin, jiddiy sinovdan o‘tkaziladi, tekshiriladi, yaroqlilik sertifikati beriladi. Ularning hayot uchun xavfsiz ekani aniqlangandan so‘ng, sotishga ruxsat beriladi. Prokuratura xatiga keladigan bo‘lsak, Respublikamiz hududi bo‘ylab bu voqea kuzatilmadi. Xat faqat Urganch tumaniga taalluqli. Buning izohini xatni jo‘natgan tashkilot bersa to‘g‘riroq bo‘lardi», - dedi Sanayev.

Qizig‘i shundaki, xuddi shunday xabarlar 2014 yili Rossiya Federatsiyasida ham tarqalib ketgan va ro‘yxat aynan yuqoridagi shaklda bo‘lgan. Muomalada bo‘lgan dori-darmonlarning sifatini nazorat qiluvchi «Roszdravnadzor» tashkiloti esa o‘sha paytda bu dorilarning hayot uchun xavfli ekani haqidagi xabarlarni «asossiz va fantastika» deb atagan edi.

O‘z o‘rnida aytish lozimki, dori-darmonlarni qabul qilishdan kelib chiqadigan jiddiy allergik reaksiya (shu jumladan, qo‘qqisdan o‘limga olib keluvchi) fantastika emas. U har bir insonda, har qanday doridan kelib chiqishi mumkin, ammo, bu kamdan-kam hollarda yuz beradi. Uni esa faqat tibbiyot muassasasida, shoshilinch aksilshok muolajasi natijasida bartaraf qilish mumkin. Shu tufayli ham, bolalarga, ayniqsa allergiyasi bor bolalarga dori-darmonlarni faqat shifokorlar nazorati ostida berish tavsiya qilinadi.

Yana bir hayotiy muhim qoidani unutmaylik, har qanday dori-darmonni qabul qilish - faqat va faqat shifokorning ko‘rsatmasi asosida bo‘lishi shart.

Nurmuhammad Said

Mavzuga oid