Iqtisodiyot | 13:18
7814
2 daqiqa o‘qiladi

1 iyundan elektr energiyasi va tabiiy gazning yangi tariflari joriy etiladi

Hukumat qarori bilan 2026 yil 1 iyundan elektr energiyasi va tabiiy gazning yangi tariflari tasdiqlandi.

Foto: Getty images

Qarorga muvofiq, I va II guruh iste’molchilari uchun elektr energiyasining 1 kVt soati 1 ming 100 so‘m etib belgilandi. IV guruh iste’molchilari uchun ham elektr energiyasining 1 kVt soati 1 ming 100 so‘mni tashkil etadi.

III guruh, shu jumladan aholi uchun tabaqalashtirilgan tariflar saqlab qolindi.

Xususan, ovqat tayyorlash uchun markazlashgan holda elektr plitalar bilan jihozlangan ko‘p kvartirali uylar va yotoqxonalarda yashovchi aholi uchun:

➖ oyiga 200 kVt soatgacha — 325 so‘m;
➖ 201 kVt soatdan 500 kVt soatgacha — 450 so‘m;
➖ 501 kVt soatdan 1 000 kVt soatgacha — 550 so‘m etib belgilandi.

Qolgan maishiy iste’molchilar uchun esa:

➖ oyiga 200 kVt soatgacha — 650 so‘m;
➖ 201 kVt soatdan 500 kVt soatgacha — 900 so‘m;
➖ 501 kVt soatdan 1 000 kVt soatgacha — 1 ming 100 so‘m bo‘ladi.

Yuqori hajmdagi iste’mol uchun oshirilgan koeffitsiyentli tariflar saqlanib qoladi.

Tabiiy gaz bo‘yicha barcha iste’molchilar uchun (alohida toifalardan tashqari) 1 kub metr gaz narxi 2 ming so‘m etib belgilandi. Avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari uchun tarif 1 kub metr uchun 2 ming 750 so‘mni tashkil etadi.

Aholi uchun tabiiy gaz tariflari ham tabaqalashtirilgan tartibda saqlanib, isitish mavsumida oyiga 500 kub metrgacha, boshqa mavsumlarda esa 100 kub metrgacha iste’mol uchun 1 kub metr gaz 1 ming 100 so‘mdan hisoblanadi.

Qaror bilan energiya resurslarini yetkazib berishdagi yo‘qotishlarni qisqartirish, energiya samaradorligini oshirish va xizmatlar sifatini yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar ham belgilandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid