Jahon | 13:56 / 11.11.2025
2920
9 daqiqa o‘qiladi

Oq uyga kelgan Ash-Shar’a, Dehlidagi portlash va qamoqdan chiqarilgan Sarkozi – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Ash-Shar’a Oq uyda

10 noyabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Vashingtonda Suriya prezidenti Ahmad ash-Shar’a bilan tarixiy muzokaralar o‘tkazdi. Tramp uchrashuvdan so‘ng Suriyani muvaffaqiyatli davlatga aylantirish uchun «qo‘lidan kelgan barcha ishni qilishga» va’da berdi.

Shar’a diktator Bashar Asadni ag‘darib, hokimiyatni egallagani keyin yaqinda Kremlga borgan edi, oldinroq Yevropa davlatlariga ham tashrif buyurdi va BMTda chiqish qildi. AQShga esa Braziliyadagi sammit keyin yetib keldi. Ilgari o‘zining boshi uchun 10 million dollar mukofot e’lon qilgan davlatga prezident o‘laroq rasmiy tashrif esa, bu yilda Suriya diplomatiyasining eng cho‘qqisi bo‘ldi.

Reutersʼga ko‘ra, Shar’aning tashrifi davlati mustaqillikka erishganidan buyon, ya’ni deyarli 80 yildan beri ilk marta Suriya rahbarining Oq uyga tashrifi bo‘ldi.

Shar’a kutilgan dabdaba bilan emas, oddiy tarzda kutib olindi — Oq uyning asosiy kirishidan emas, yon eshikdan kirdi. Jurnalistlar uni faqat qisqa daqiqa ko‘ra oldilar. Uchrashuv tafsilotlari ham rasman ochiqlanmadi.

«U juda «og‘ir joy»dan kelgan va o‘zi ham qat’iy inson. U menga yoqdi. Biz Suriyaning yangi prezidenti bilan yaxshi til topishdik. Uning o‘tmishi «og‘ir» bo‘lgan. Ammo ochig‘ini aytganda, agar insonning qiyin o‘tmishi bo‘lmasa, u hech narsaga erisha olmaydi. U Erdo‘g‘an bilan juda yaxshi chiqishadi. U esa Suriyada ro‘y berayotgan jarayonlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Biz Suriyani ishlaydigan tizimga aylantirishimiz kerak», — dedi Tramp.

Shar’a Vashingtonga kelishining asosiy maqsadi eng og‘ir AQSh sanksiyalarini to‘liq bekor qildirish edi. Tramp bilan yopiq eshiklar ortida uchrashgan paytda, AQSh Moliya vazirligi «Tsezar qonuni» bo‘yicha sanksiyalar ijrosini to‘xtatish muddati yana 180 kunga uzaytirilganini e’lon qildi. Ammo sanksiyalarni butunlay bekor qilish vakolati faqat Kongressga tegishli.

Suriya axborot vazirligiga ko‘ra, Damashq yaqinda AQSh boshchiligidagi «IShIDga qarshi global koalitsiya» bilan siyosiy hamkorlik deklaratsiyasini imzolagan.

Tarixiy uchrashuvdan bir necha soat oldin Yaqin Sharqdagi manbalar «IShID »ning Shar’ani o‘ldirishga qaratilgan ikki fitnasi so‘nggi oylar ichida fosh etilganini bildirdi.

Dehlida avtomobil portladi: 8 kishi halok bo‘ldi

10 noyabr kuni kechqurun Hindistonning Dehli shahridagi tarixiy Qizil qal’a yaqinida portlash sodir bo‘ldi. Unda kamida sakkiz kishi halok bo‘ldi, yana 20 kishi jarohatlandi.

Politsiyaning ma’lum qilishicha, sekin harakatlanayotgan avtomobil yo‘l chorrahasida to‘xtaganida, soat 19:00 atrofida portlab ketgan. Yaqin atrofdagi bir nechta avtomobillar ham jiddiy zarar ko‘rgan.

Portlash natijasida metro stansiyasi yaqinidagi gavjum ko‘chada bir nechta avtomobillar vayronaga aylangan, jasadlar parchalangan holatda qolgan.

Bu — aholisi 30 milliondan oshgan, kuchli qo‘riqlanadigan shaharda juda kam uchraydigan portlash bo‘lib, mamlakatning bir necha shtatlari va muhim obektlarida yuqori darajadagi ogohlantirish e’lon qilinishiga sabab bo‘ldi.

Hindiston ichki ishlar vaziri Amit Shah dushanba kuni «barcha yo‘nalishlarda tergov olib borilmoqda, xavfsizlik idoralari tez orada xulosaga keladi», deb bayonot berdi. Mahalliy OAVlarga ko‘ra, Hindiston politsiyasi poytaxt megapolisida sodir bo‘lgan halokatli avtomobil portlashini «terrorchilikka qarshi» qonun doirasida tergov qilmoqda.

Qizil qal’a — 17-asrda qurilgan Boburiylar davri inshooti bo‘lib, fors va hind me’morchiligi uslublarini uyg‘unlashtirgan, juda ko‘p sayyohlar keladigan tarixiy yodgorlikdir. Hindiston bosh vaziri har yili, mustaqillik kuni shu qal’a devorlaridan turib xalqqa murojaat qiladi.

Sarkozi qamoqdan chiqarildi

Fransiya sudi dushanba kuni sobiq prezident Nikolya Sarkozini qamoqdan ozod qilishga qaror qildi. Sud advokatlarining apellyatsiya jarayoni yakunlanmaguncha uni ozodlikka chiqarish haqidagi so‘rovini ma’qullagan. U 21 oktyabr kuni Parijdagi La Sante qamoqxonasiga joylashtirilgan edi. Fransuzlarning ilk marta qamoqqa olingan prezidenti u yerda 20 kun o‘tirdi.

Ozodlikka chiqarilganidan so‘ng, sudi Sarkoziga adliya vaziri Jyerar Darmanen bilan aloqaga chiqishni hamda Fransiya hududini tark etishni man etdi. Sud «ayblanuvchilar o‘rtasidagi bosim yoki til biriktirish xavfi hali ham to‘liq istisno etib bo‘lmaydi» deb hisoblamoqda.

Prokurorlar ham Sarkozining sudlarga doimiy qatnashgani va politsiya bilan hamkorlik qilganini inobatga olib, uni sud nazorati ostida ozod qilishni qo‘llab-quvvatlashgan.

Eslatib o‘tamiz, sentabr oyida Fransiya sobiq prezidenti Nikolya Sarkozi 2007 yilgi saylov kampaniyasini Liviya mablag‘lari bilan noqonuniy moliyalash ishi bo‘yicha besh yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi. Sarkozi 2007 yildan 2012 yilgacha Fransiya prezidenti lavozimida ishlagan.

Tramp amerikaliklarga 2 ming dollardan to‘lamoqchi

AQSh prezidenti Donald Tramp mamlakat bojlaridan tushadigan daromadlardan fuqarolarning har biriga kamida 2000 dollar miqdorida “dividend” to‘lashni xohlashini ma’lum qildi. Tegishli yozuvni Oq uy rahbari 9 noyabr kuni Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida joylashtirdi.

“Bojlarga qarshi bo‘lgan odamlar — ahmoqlar! Hozir biz dunyodagi eng boy va hurmatli mamlakatmiz, deyarli nol inflatsiya va fond bozorida rekord ko‘rsatkichlar bilan”, - deb ta’kidlaydi Tramp.

“Biz trillionlab dollar olyapmiz va tez orada 37 trln dollarlik ulkan qarzimizni to‘lashni boshlaymiz. AQShda rekord darajadagi investitsiyalar amalga oshirilmoqda. Har bir fuqaroga kamida 2000 dollar miqdorida dividend to‘lanadi”, — deyiladi xabarda.

Dpa agentligi qayd etishicha, Amerika rahbari bir necha oy avval ham AQSh fuqarolariga to‘lovlar g‘oyasini ommaviy ravishda aytgan, ammo hozirgacha bu chorani amalga oshirish bo‘yicha aniq qadamlarni belgilamagan.

Tramp o‘z postida “deyarli nol inflatsiya” haqida gapirgan bo‘lsa-da, bu ko‘rsatkich 3 foiz darajasida saqlanib turibdi. Shuningdek, Nyu York va boshqa yirik shaharlarda uy-joy ijarasi yuqori bo‘lib qolmoqda.

Ekvadordagi qamoqxonada janglar

9 noyabr tongida Ekvadorning Machala shahridagi El Oro qamoqxonasida jinoiy guruhlari o‘rtasida kelib chiqqan to‘qnashuvlarda 4 mahbus halok bo‘lgan, yana 30 dan ortig‘i jarohat olgan.

Biroz vaqt o‘tib, xavfsizlik xodimlari binoning uchinchi qavatida osilgan holda qolgan yana 27 mahbus jasadini topganliklarini ma’lum qildi. Jami halok bo‘lganlar soni 31 kishiga yetdi.

BBCʼning yozishicha, mamlakatdagi ortiqcha to‘ldirilgan qamoqxonalar so‘nggi yillarda bir necha marta ommaviy isyonlar va to‘qnashuvlarga sahna bo‘lib kelgan, natijada yuzlab mahbuslar halok bo‘lgan.

Bu safargi to‘qnashuvlar ba’zi mahbuslarni yangi qurilgan qamoqxonaga ko‘chirish rejalari sabab boshlangan.

Ayni qamoqxonada shu yilning sentabr oyida ham o‘xshash fojia yuz bergan — o‘shanda 13 mahbus va bitta qo‘riqchi raqib guruhlar o‘rtasidagi jangda halok bo‘lgan edi.

Mahbuslar yaqinlari qamoqxonalarda xavfsizlikni kuchaytirishni, raqib guruhlarni bir-biridan ajratishni so‘ramoqda. Machala aholisi esa ko‘p yillardan buyon shahar markazida joylashgan bu qamoqxonani ko‘chirishni talab qilib keladi.

Prezident Daniel Noboa hukumati bu yil boshida boshqa hududda yangi, maksimal xavfsizlikdagi qamoqxona qurilayotganini e’lon qilgan edi. Ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, bu muassasa noyabr oyi oxirida ochiladi va eng zamonaviy xavfsizlik tizimlariga ega bo‘ladi. 

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid