Mo‘jiza ro‘y bermadi: Rossiyada urushga qarshi yagona nomzodga saylovda qatnashishga ruxsat berilmadi
Markaziy saylov komissiyasi uning nomzodi uchun to‘plangan imzolarda nuqson topdi va ro‘yxatga olmadi.
Rossiya Markaziy saylov komissiyasi siyosatchi Boris Nadejdinga prezidentlik saylovlarida ishtirok etishga ruxsat bermadi. Avvalroq MSK Boris Nadejdin uchun berilgan imzolarning 15 foizini yaroqsiz deb topgandi. Siyosatchining jamoasi bu yaroqsiz imzolar xato sabab qabul qilinganini isbotlay olmagan.
Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, 5 foizgacha imzolar xato chiqishiga ruxsat beriladi. Nadejdin MSK yig‘ilishida ro‘yxatga olingan imzolarni tekshirish uchun 10 fevralgacha muddat so‘radi, ammo komissiya rahbari Ella Pamfilova bunga ruxsat bermadi. Pamfilova siyosatchiga «uning siyosiy kelajagi porloq ekani»ni aytib, shaxsiy partiyasini tuzishni taklif qildi.
Nadejdin MSKga jami 104 ming 734 ta imzo taqdim etgan. Komissiya ularning 9 147 tasi, ya’ni 8,7 foizini yaroqsiz deb topgan. Komissiya rahbari o‘rinbosari Nikolay Bulayevning aytishicha, imzosi qo‘yilganlar ichida 11 kishi aslida vafot etgan va bu «juda ajablanarli holat».
Rossiya MSKga ko‘ra, yana 1 767 ta holatda imzo yig‘uvchi imzo to‘plovchilar ro‘yxatida qayd etilmagan, 995 ta holatda imzo yig‘uvchining ma’lumotlari notarial ro‘yxat bilan mos kelmagan, 123 ta holatda imzo yig‘uvchi nomidan uchinchi shaxs imzo to‘plagan. Shuningdek, Nadejdin uchun imzo to‘plaganlarning ikki nafari saylov komissiyasida ishlashi ham qonunga zidligi keltirilgan.
Bulayevga ko‘ra, imzo varaqalari avval sun’iy intellekt yordamida, keyinroq 40 nafar ekspert tomonidan tekshirilgan. Bu jarayonga 144 soat vaqt sarflangan. Jarayonda Nadejdinning vakillari qatnashmagan.
Avvalroq Boris Nadejdin uning saylovda qatnashishi uchun 200 ming rossiyalik ovoz bergani, ular orasidan MSKga topshirilgan 105 mingta imzo aynan muammoli chiqib qolmasligi uchun saralab olinganini aytgandi.
Siyosatchi Ukrainadagi Rossiya bosib olgan hududlarda imzo to‘plamagandi, uning uchun xorijdagi rossiyaliklar bergan imzolarni esa ehtiyotkorlik yuzasidan umuman hisobga qo‘shmagandi. Shu tariqa, Nadejdin MSKga 105 mingta «ideal imzo» topshirganiga qaramay, ularning 15 foizi yaroqsiz deb topilib, siyosatchiga Rossiya prezidentligi uchun saylovlarda qatnashishga ruxsat berilmadi.
Siyosatchi Rossiya MSK qarori bo‘yicha mamlakat Oliy sudiga arznoma kiritishi, 2024 yildagi prezidentlik saylovida ishtirok etish siyosiy hayotidagi eng muhim vazifa ekanini aytdi.
Nadejdinning aytishicha, o‘tkazilgan so‘rovlarga ko‘ra uning reytingi faqat amaldagi prezident Putinnikidan ortda qolmoqda. «Barcha so‘rovlarga ko‘ra mening reytingim ikkinchi edi. Bu esa o‘n millionlab odamlar men uchun ovoz bermoqchi degani. Siz esa menga o‘lgan odamlar va pasportlardagi xatoliklar haqida gapiryapsiz. Buni qonundagi kamchilik deb bilaman. Bu qaror borasida albatta [sudda] tortishamiz», degan Nadejdin.
Nadejdinni parlamentga a’zo bo‘lmagan «Fuqarolik tashabbusi» partiyasi prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatgandi. Bunday partiya vakillari saylov byulletenida nomi ko‘rsatilishi uchun esa kamida 105 mingda imzo to‘plashi kerak. Boris Nadejdin mamlakat prezidentligi uchun saylov boshlanishi oldidan urushga qarshi ekanini ochiq aytgan yagona nomzod edi.
Boris Nadejdin 1963 yil Toshkentdagi yahudiylar oilasida tug‘ilgan. Oila 1966 yildagi dahshatli zilzila vaqtida ham O‘zbekiston poytaxtida yashagan va 1969 yilda Rossiyaga ko‘chib ketgan. Siyosatchining bobosi katta Boris Nadejdin Toshkent konservatoriyasi dotsenti bo‘lgan. Vikipediya ma’lumotiga ko‘ra, Toshkentda katta Boris Nadejdinga yodgorlik o‘rnatilgan va uning nomiga musiqa maktabi atalgan.
4 nafar nomzod qoldi
Shu tariqa, Rossiya Markaziy saylov komissiyasi yig‘ilishidan keyin prezidentlik saylovida to‘rt nomzod kurashadigan bo‘lib turibdi. Bular amaldagi prezident Vladimir Putin, LDPR partiyasi yetakchisi Leonid Slutskiy, Kommunistik partiya vakili Nikolay Xaritonov va «Noviye lyudi» partiyasi yetakchisi Vladislav Davankov.
Saylov byulletenida nomi keltiriladigan nomzodlarning yakuniy ro‘yxati 10 fevral kuni e’lon qilinadi. Boris Nadejdin hali byulletenda nomi ko‘rsatilishi uchun imkoni borligini aytgan.
Urushga qarshi yagona nomzod
60 yoshli Boris Nadejdin 2023 yil kuzidayoq prezidentlik kampaniyasi boshlagandi. Uni parlamentga a’zo bo‘lmagan «Fuqarolik tashabbusi» partiyasi nomzod sifatida ko‘rsatgan, MSK unga imzo to‘plash uchun ruxsat bergandi.
Nadejdinga gumon bilan qarashlariga uning reputatsiyasi ham rol o‘ynadi. U 90-yillarda avvaliga Boris Nemsovning, keyinroq hozir Rossiya prezidenti ma’muriyati rahbari o‘rinbosari bo‘lgan Sergey Kiriyenkoning maslahatchisi bo‘lib ishlagan. Kiriyenko hozirda Rossiya ichki siyosatiga javobgar muhim shaxs hisoblanadi.
Rossiya Davlat dumasiga «O‘ngchi kuchlar kengashi» partiyasidan saylangan Nadejdin u yerda faqat bitta chaqiriqda ishlaydi. Partiya tarqalib ketgach esa hukumatga sodiq bo‘lgan «To‘g‘ri yo‘l» partiyasida faoliyat yuritadi. Oxirgi yillarda Nadejdinga Rossiya davlat telekanallarida muxolifat vakili rolini «ishonib topshirishgandi».
Shunga qaramay, Boris Nadejdin Ukrainadagi urush davom etishini qo‘llamasligini ochiq aytgan yagona nomzod hisoblanadi. U urush so‘zi o‘rniga ehtiyotkorlik bilan rasmiy lahjada qabul qilinganidek «maxsus harbiy amaliyot» iborasini qo‘llamoqda. Siyosatchi urush boshlash qarorini «falokatli xato» deb atagan. Shuningdek, Putin mamlakatni halokatga yetaklayotgani haqida ochiq gapirgan.
Qizig‘i, Nadejdinning kampaniyasida imzo to‘plashga unchalik jiddiy e’tibor berishmayotgandi. Vaziyat yanvar oyi o‘rtalarida, Rossiyaning ko‘plab shaharlarida uni qo‘llovchilar imzo berish uchun uzundan uzun navbatlar tashkil qilgach o‘zgardi.
Avvaliga Rossiya muxolifatida Nadejdinning nomzod sifatida ko‘rsatilishiga sovuqqonlik bilan qarashdi. Muxolifatda Nadejdinni «Kremlning Putin uchun tayyorlagan liberallar orasidan navbatdagi sparring raqibi» deb qarashdi. Xuddi shunday vazifani 2018 yilgi saylovlarda Kseniya Sobchak bajarib bergandi.
Nadejdin o‘z nomzodi ro‘yxatdan o‘tkazilgach, buni Kreml bilan maslahatlashmaganini aytdi. Uning tanishlaridan biri esa «Meduza» bilan suhbatda nomzodini ko‘rsatish siyosatchiga prezident ma’muriyatidan taklif qilinganini aytgan.
Boris Nadejdin uchun imzo to‘plashda katta navbatlar kuzatilgani Rossiya muxolifati a’zolari, xususan, urush boshlangach mamlakatni tark etganlarning e’tiborini o‘ziga qaratgandi. Aksar muxolifatchilar Nadejdin uchun ovoz berishga chaqirishdi. Ularning fikricha, bu nomzodni qo‘llash hozir Rossiyada urushga qarshi bo‘lishning yagona qonuniy yo‘li hisoblanadi.
Mavzuga oid
12:50
Rossiyada sariyog‘ va tuxumdan keyin kartoshka ham qimmatlashdi
12:10
YeI Euroclear'ga Rossiya aktivlaridan foydalanishga ruxsat berishi mumkin
23:08 / 31.10.2024
«Boshqa davlatlar ham Pxenyan kabi o‘z qo‘shinlarini Rossiyaga yuborishi mumkin» - ekspert
11:10 / 31.10.2024