Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Agar uzoq vaqt yomg‘ir yog‘masa, Tehronni evakuatsiya qilishga to‘g‘ri keladi – Eron prezidenti
Mas’ud Pizishkiyon uzoq yillik qurg‘oqchilik tufayli yuzaga kelgan suv ta’minoti bilan bog‘liq og‘ir vaziyatga e’tibor qaratdi.
Foto: NurPhoto
Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon uzoq davom etgan qurg‘oqchilik tufayli yuzaga kelgan suv inqirozi yanada kuchaygan taqdirda Tehron evakuatsiya qilinishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Bu haqda Pizishkiyon mamlakat g‘arbidagi Senendej shahriga xizmat safari chog‘ida ma’lum qildi, deb xabar berdi Reuters. U mahalliy hokimiyat vakillari ishtirokidagi yig‘ilishda mamlakatdagi iqtisodiy va ijtimoiy muammolar majmuasiga to‘xtalib o‘tdi.
Pizishkiyonning ta’kidlashicha, yuqori inflatsiya va narxlarning oshishi ham ichki boshqaruv xatolari, ham tashqi sanksiyalar natijasidir. «Inflatsiya va qimmatchilik uchun javobgarlik parlament va hukumat zimmasida. Ishlar olib borilyapti, lekin mablag‘ning cheklangani loyihalarni oxiriga yetkazishga imkon bermayapti», dedi prezident.
U uzoq yillik qurg‘oqchilik tufayli yuzaga kelgan suv ta’minoti bilan bog‘liq og‘ir vaziyatga alohida e’tibor qaratdi. «Eron tabiiy muammolarga duch keldi - yog‘ingarchilik kamligi va suv resurslarining kamayishi og‘ir oqibatlarga olib kelmoqda», dedi Pizishkiyon.
Suv va energiyani qattiq tejash, resurslarni yanada oqilona boshqarishga o‘tish nihoyatda zarurligini ta’kidlab, prezident poytaxtdagi tashvishli vaziyatga e’tibor qaratdi. «Agar yaqin orada yomg‘ir yog‘masa, keyingi oydan boshlab Tehronda suv ta’minotiga qat’iy cheklovlar kiritishimiz kerak bo‘ladi. Agar yog‘ingarchilik bo‘lmasa, zaxiralar tugaydi va biz shaharni evakuatsiya qilishni boshlashga majbur bo‘lamiz», dedi u.
Eron poytaxti beshta yirik suv ombori - Lor, Mamlu, Amir Kabir, Toliqon va Lotiyondan suv bilan ta’minlanadi, ulardan eng kattasi Amir Kabir to‘g‘onidir.
So‘nggi besh yil ichida mamlakatda yog‘ingarchilik darajasining barqaror pasayishi kuzatilmoqda. Ob-havo xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilda Tehronda yog‘ingarchilik mavsumdagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 40 foizga kam bo‘lgan. Bahor va yoz oylarida yomg‘irning deyarli yog‘masligi suv omborlaridagi suv hajmining halokatli darajada kamayishiga olib keldi. Inqiroz nafaqat yer usti, balki yer osti suv resurslariga ham ta’sir ko‘rsatib, ularning tez kamayib ketishiga sabab bo‘ldi.
20 iyul kuni Tehron viloyati Suv xo‘jaligi boshqarmasi poytaxtni ta’minlovchi suv omborlaridagi zaxiralar so‘nggi yuz yildagi minimal darajaga yetgani haqida rasman ogohlantirdi. Yoz davomida shaharda bir necha bor suv ta’minotida vaqtinchalik uzilishlar bo‘ldi.
23 iyulda prezident Pizishkiyon iste’molning joriy sur’atlari saqlanib qolsa va muammoni hal qilish choralari ko‘rilmasa, Tehron aholisiga suv yetkazib berish imkonsiz bo‘lishini aytgandi.
3 noyabr kuni Tehron Suv ta’minoti boshqarmasi bosh direktori Behzod Porso mavjud zaxiralar poytaxtni ko‘pi bilan ikki hafta davomida uzluksiz ta’minlashga yetishini ma’lum qildi.
Mavzuga oid
08:33
Tramp: AQSh Eron bo‘yicha maqsadiga yetdi, hujumlar tez orada to‘xtaydi
22:50 / 31.03.2026
Tramp Eronning boyitilgan uran zaxiralarini nazoratga olmoqchi emasligini aytdi
21:33 / 31.03.2026
Italiya AQShning Yaqin Sharqqa uchayotgan samolyotlari Sitsiliyaga qo‘nishiga ruxsat bermadi
20:52 / 31.03.2026