Jahon | 14:11 / 15.02.2019
17184
3 daqiqa o‘qiladi

Mendeleyev jadvalidagi bo‘sh kataklar to‘ldirilishi rejalashtirilmoqda

Foto: Fotolia / Shawn Hempel

2019 yilda Mendeleyev kimyoviy elementlar davriy jadvalining yaratilganiga 150 yil to‘ladi. Shu munosabat bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti joriy yilni «Xalqaro kimyoviy elementlarning davriy jadvali yili» deya nomladi. Bu haqida TASS axborot agentligi xabar bermoqda. 

Mazkur yil doirasidagi anjumanlarga start berish marosimi 29 yanvar kuni YuNeSKOning Parijdagi shtab-kvartirasida bo‘lib o‘tdi. Rasmiy yopilish marosimi esa dekabr oyida Yaponiyada o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bu davr oralig‘ida YuNeSKO homiyligida turli mamlakatlarda ilmiy konferensiyalar, yosh kimyogarlar tanlovlari, mavzuli ko‘rgazmalar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. 

Anjumanlarga Rossiya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Niderlandiya, AQSh, Shveytsariya, Xitoy, Yaponiya va Shotlandiya mezbonlik qiladi. O‘tkazilajak ko‘rgazmalarning diqqatga sazovor eksponatlaridan biri davriy jadvalning eng qadimiy nusxasi  (Vena, 1885) bo‘lishi kutilmoqda. Shuningdek, yil davomida davriy jadvalning bo‘sh kataklarini to‘ldirish borasidagi ishlarni jadallashtirish rejalashtirilgan. 

Davriy jadval ilk marotaba tuzib chiqilganda olimlarga 63 kimyoviy element ma'lum bo‘lib, o‘tgan davr mobaynida yana 55tasi kashf qilindi. Ya'ni o‘rtacha har uch yilda bitta yangi element aniqlandi. XX asr o‘rtalariga kelib esa jadvalga asosan tezlatkichlar yordamida sintez qilingan sun'iy elementlar kiritildi va bunda asosiy tashabbusni kimyogarlar emas, fiziklar qo‘lga olishdi. Yangi element sintezi murakkab texnologik jarayon bo‘lganligi bois bu boradagi asosiy ishlar Rossiya, AQSh va Yaponiya hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. 

Ma'lumot uchun, tabiatda uchraydigan kimyoviy elementlar atom massasiga ko‘ra tartib bilan joylashtirilgan Davriy jadval rus olimi D.I.Mendeleyev (1834 – 1907) tomonidan 1869 yilda tuzilgan. Bunday tizimlashtirish asosidagi jadval noorganik kimyo fanida o‘ziga xos inqilob bo‘lgan.

Mavzuga oid