Texnologiya | 15:26 / 25.09.2016
8202
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda dunyodagi eng yirik radioteleskop ishga tushdi

25 sentabr kuni Xitoyning Guychjou viloyatida dunyodagi eng katta radioteleskop foydalanishga topshirildi. Bu haqda ShanghaiDaily.com xabar berdi.

FAST (Five hundred meter Aperture Spherical Telescope) nomini olgan bu teleskop qurilishi 2011 yilda boshlangan edi. Uning ochilish marosimiga yuzlab kishilar tashrif buyurishdi.

Qurilmaning diametri 500 metrni tashkil etadi, u 4,450 mingta uchburchak qaytargichga ega. U o‘zining tuzilishi bo‘yicha qurilmani o‘rnatish uchun tabiiy chuqurlikdan foydalanilgan Aresibo observatoriyasiga o‘xshaydi. Uning qurilishiga 1,2 milliard yuan sarflandi (180 million dollar). Bu teleskop yana 15-20 yil mobaynida jahondagi eng yirik teleskop maqomini o‘zida saqlab qolishi kutilmoqda.

30ta futbol stadioniga teng hajmdagi bu teleskopning maqsadi - boshqa sayyoralarda hayotning bor yo‘qligini astronomik hisob-kitob qilish va mavhum materiyani o‘rganish hisoblanadi. Yangi teleskop Xitoyning ochiq koinotdagi tadqiqotlar borasidagi imkoniyatlarini oshirishga yordam berishi ko‘zda tutilgan. Uning yordamida Yerdan 11 milliard yorug‘lik yili masofasida joylashgan kosmik jismlarni kuzata olish mumkin bo‘ladi.

2016 yilning boshida provinsiya hukumati teleskop qurilayotgan hududda yashovchi 9 mingga yaqin kishini kompensatsiya to‘lash sharti bilan boshqa joyga ko‘chirgan edi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid