O‘zbekiston | 10:41 / 16.02.2022
22767
27 daqiqa o‘qiladi

Prezident stipendiyasi atrofida mojaro: nomzodlar nimadan norozi?

Prezident stipendiyasi uchun tanlov aniq baholash mezonlarisiz o‘tgan. Natijada hakamlar qo‘ygan ballar ko‘plab nomzodlarda e’tiroz uyg‘otmoqda.

10 fevral kuni davlat OTMlarining magistrantlari o‘rtasida prezident davlat stipendiyasi uchun o‘tkazilgan joriy yilgi tanlov yakunlandi. Ijtimoiy tarmoqlarda saralash jarayoni shaffof va adolatli o‘tmagani haqida xabarlar tarqaldi. Nomzodlar Kun.uz muxbiri bilan suhbatda tanlovga topshirilgan ishlar aniq mezonlar asosida baholanmagani, ayrim hollarda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgani haqida aytishdi.

“Apellyatsiya talab qilganimiz uchun bosimga uchradik”

Ja’farxon Isaxonov, O‘zMU magistranti, Navoiy davlat stipendiyasi sovrindori:

— Taxminan oktyabr oylarida Prezident stipendiyasiga hujjatlar yig‘ila boshlandi. Noyabr oyida qog‘oz ko‘rinishida to‘plangan hamma hujjatlar elektron shaklda stipendiya.edu.uz platformasiga yuklandi va tanlovda qatnashish uchun arizalar topshirildi.

Orada universitet bosqichi, 3 bosqichli tanlov imtihonlari bo‘lib o‘tdi, hujjatlarimiz ko‘rib chiqilib, tanlovning respublika bosqichiga yuborildi. 7 fevral kuni nomzodlar uchun vazirlikda konsultatsiya bo‘lib o‘tdi, 8 fevralda DTM binosida test topshirdik, 10 fevral kuni esa vazirlik tomonidan tuzilgan komissiyaning suhbatidan o‘tdik, shu kuni test natijalari ham e’lon qilindi.

Ammo tanlovni tashkillashtirish, nomzodlarning ishlarini baholash jarayonidan ko‘nglimiz to‘lmadi. Saralash jarayoni davomida Prezident stipendiyasi uchun nomzodlarning yillar davomida amalga oshirgan ishlari, chop etgan maqola va qo‘llanmalari, erishgan yutuqlari hamda ilmiy ishlanmalarini aniq baholash tizimi yo‘qligi, yo‘nalishlar bo‘yicha baholash mezonlari turlichaligiga, kim qanday xohlasa, o‘shanday baholayotganiga guvoh bo‘ldik. Bu esa tanlovda qatnashgan nomzodlar o‘rtasida e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda.

Hujjatlarni qabul qiladigan platforma esa shoshilinchda qilinganini bir qarashdayoq bilish mumkin. Platformaning juda ko‘p kamchiliklari bor. U Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston iqtidorli yoshlarini taqdirlash va moddiy rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi qarori talablariga javob bermaydi.

Aynan shu holat bo‘yicha Oliy ta’lim vazirligiga savollarim bor. Nima uchun O‘zbekistondagi eng nufuzli tanlovlardan birida vazir buyrug‘i bilan yoki boshqacha tartibda rasman tasdiqlangan aniq baholash mezonlari yo‘q?

Baholash mezonlari aniq bo‘lmagan joyda qanday qilib adolatni ta’minlash mumkin? Tayyorlangan hujjatlarga necha ball beriladi? O‘zbekistondagi ilmiy nashrlarda chiqqan, xalqaro nashrlar, masalan, Scopus bazasidagi jurnallarda chiqqan, Impact Factor darajasidagi maqolalar qanday baholanadi? Bu borada aniq tasdiqlangan mexanizm yo‘q.

Milliy yoki xalqaro darajadagi sertifikatlar, diplomlar, patentlar, ixtirolar, shuningdek, ilmiy risola, kitob va monografiyalarga baho berishda ham shu muammo bor.

Bundan tashqari, DTM tomonidan olinadigan test bali tanlov davomida olish mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning necha foizini tashkil qilishi, magistrning ilmiy faoliyat bilan bir qatorda ijtimoiy loyihalarda ishtiroki qanday baholanishi, xalqaro va respublika darajasida ilmiy-amaliy grantlardagi ishtiroki qanday baholanishini ham bilmaymiz. Shu bois bu baholovchi ekspertlarning kayfiyatiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Buni o‘zimning misolimda ham boshdan o‘tkazdim.

Prezident stipendiyasi uchun o‘tkazilgan tanlov tashkilotchilarning o‘zlari ham biz bilan og‘zaki muloqot davomida baholash metodikasi va mezonlarining yo‘qligini tan olishdi. Boshqa ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha tanlovda nomzodlar bilan suhbatlashganimizda, kimlardir DTM test sinovida olingan ballarga urg‘u berganini, ayrim ekspertlar nomzodning chet tilini bilishiga, yana kimlardir boshqa so‘nggi bir yil ichidagi yutuqlarigagina e’tibor qaratganini ta’kidlashdi.

Aytaylik, nomzod Scopus bazasiga kirgan jurnalda maqola chiqardi, uning bahosi nechchi bo‘lishi ekspertning xohishiga bog‘liq. Tasavvur qilaylik, qaysidir nomzod 50 ta maqola chiqargan, ushbu maqolalar qayerda chop etilganidan qat’iy nazar buning uchun necha ball berish ekspertning kayfiyatiga bog‘liq. Deylik, nomzodda xalqaro darajada baholangan sertifikat bor, biroq uni baholashi kerak bo‘lgan shaxsning bu borada malakasi yo‘q, mutaxassis bo‘lmagani uchun ushbu sertifikatning darajasi, ahamiyatini aniqlay olmaydi. Bunday paytda ekspert qarorni kayfiyatiga qarab aytadi. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: nima uchun biz kimningdir kayfiyatiga qarab javob kutishimiz kerak?

Suhbatdan so‘ng bir guruh magistrlar bilan birga appelyatsiya talab qildik. Shundan so‘ng ekspertlar komissiyasidan bittadan kishi keldi. Ekspertlar o‘zining metodikasi qaysi talablar asosida baholanganini isbotlab bera olmadi. Bu jarayonni apellyatsiya deb ham bo‘lmaydi. Chunki jarayon suhbatlashtirilmadi, e’tirozlarimiz yozib olinmadi va savollarimizga asoslantirilgan javoblar berilmadi.

Shunchaki Prezident stipendiyasiga nomzodlar bilan og‘zaki suhbat bo‘lib o‘tdi. Ta’bir joiz bo‘lsa, magistrlarni yosh boladay yupatmoqchi bo‘lishdi. Suhbat davomida qo‘limizdan hech narsa kelmasligi, barchasi hal bo‘lgani ochiq aytildi. Apellyatsiya talab qilganimiz uchun bosimga uchradik.

Alam qiladigani shundaki, e’tirozlarimizga qoniqarli javob bera oladigan appelyatsiya komissiyasining o‘zi yo‘q ekan. Tanlov bo‘yicha nechta shikoyat kelib tushgan bo‘la, barchasi ekspert komissiyasi xulosasi ustidan yozilgan. Eng qizig‘i, shikoyatlarimiz biz qarorlaridan norozi bo‘lgan shaxslarning o‘ziga yuborilarkan. Bu yana bir muammo. Mazkur holat Prezident stipendiyasi tanlovi jarayonida apellyatsiya berish, shikoyatlarni ko‘rib chiqish tartibi ham ishlab chiqilmaganini ko‘rsatmoqda.

Telegram-kanalimga chiqargan postimdan keyin 12 fevral kuni meni vazirlikka chaqirtirishdi va yopiq suhbat bo‘ldi. Apellyatsiya uchun jalb etilgan qaysidir universitetning ilmiy ishlar bo‘yicha prorektori mutaxassisligi kimyo bo‘lishiga qaramay mening, ya’ni gumanitar fanlar bo‘yicha Prezident stipendiyasi uchun nomzodning hujjatlarini tahlil qildi. Maqolalarimdan kamchilik topdi, yana bir qator texnik xatolarni ko‘rsatib berdi. Lekin bu talablar odatda ilmiy ish himoyasida so‘raladi. Shu bois unga men dissertatsiya himoya qilayotganim yo‘q, balki tanlovda qatnashyapman deb fikrimni ochiq aytdim. U yerga o‘zimning savollarimga qoniqarli javob olish uchun borgandim, lekin bunday bo‘lmadi.

“Ariza yozsang, kelajagingga ziyon qilasan deyishdi”

Akbar Otaboyev,Urganch davlat universiteti magistranti, Alisher Navoiy nomidagi (2018 yil) va bakalavriat bosqichida Prezident stipendiyasi (2019 yil) sohibi:

— Tanlov natijalaridan norozi bo‘lib, og‘zaki tarzda apellyatsiya berdim. Nizomiy nomidagi TDPUning ... B.A. [suhbatdosh lavozim egasining mansabi va ism-familiyasini keltirdi – Kun.uz] “Ariza yozsang, kelajagingga ziyon qilasan, hali yana yuzlashamiz” degani uchun yozma tarzda murojaat qilmasdan Xorazmga qaytdim. Lekin apellyatsiya beruvchilar ro‘yxatiga ism-familiyani yozdirib qo‘ydim.

U biz bilan bir o‘zi gaplashdi, jarayon bo‘yicha hech qanday hujjat rasmiylashtirilmadi, e’tiroz va savollarimizga javob bermadi. Faqatgina tasalli berish, taqdirga tan berishga chaqirish bilangina kifoyalandi.

Masalan, men bakalavriatda Alisher Navoiy nomidagi hamda Prezident stipendiyalari uchun o‘tkazilgan tanlovlarda g‘olib chiqqanman. Bundan boshqa ko‘plab yutuqlarim ham bor. Bu haqda barcha ma’lumotlarni, tegishli hujjatlarni tanlov komissiyasiga taqdim etganman.

Men test sinovida 64 ball to‘pladim. Bu – men qatnashgan yo‘nalishdagi eng yuqori natija. Lekin tanlovning yakuniy bosqichiga, ya’ni suhbatga chaqirilmadim. Buning sababini so‘raganimizda B.A. Prezident stipendiyasi uchun o‘tkazilgan tanlovda test hech qanday ahamiyatga ega emasligini, ekspertlar o‘zaro kelishuv asosida meni suhbatga jalb qilmaganini aytdi. O‘zaro kelishuvda kimlar qatnashgani, qaysi asosga ko‘ra meni keyingi bosqichga o‘tkazishmagani haqida asosli izoh keltira olishmadi. Test sinovi natijasi inobatga olinmas ekan, u nega o‘tkazildi va biz nima uchun ovora bo‘lib test topshirib yuribmiz? Bu savol ham ochiq qolib ketdi.

Shu bilan birga, B.A. suhbat davomida bakalavr bosqichida olgan yutuqlarim, ilmiy ishlarim hisobga o‘tmasligini ham ta’kidlab o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, buning uchun bakalavr bosqichida Prezident stipendiyasini olib bo‘lganman, magistratura bosqichida o‘tkazilgan tanlov uchun so‘nggi bir yildagi ishlar inobatga olingan. Garchi Prezident davlat stipendiyalari nizomida bu haqda lom-mim deyilmagan bo‘lsa-da, bunga ham rozi bo‘ldim.

Ammo baholash jarayonida magistratura bosqichidagi o‘qishim davomida chiqargan ilmiy maqolalarim va monografiyam nima uchun hisobga olinmagani bo‘yicha tayinli javob berisha olmadi. Magistratura davrida olgan yutuqlarim ham yetarli edi. Shular bilan ham tanlovda ishtirok etgan raqobatchilarimdan ustun edim. B.A. og‘zaki suhbat paytida mening shu paytgacha juda ko‘p yutuqlarga erishganim, bakalavr bosqichida Prezident, Alisher Navoiy stipendiyalarini yutganim, endi boshqa nomzodlarga ham yo‘l berishim kerakligini qayta-qayta ta’kidladi.

Shu o‘rinda menda qator savollar tug‘ilmoqda. Bakalavr bosqichida prezident stipendiyasi sohibi bo‘lish yoki boshqa tanlovlardan yutish magistraturada Prezident stipendiyasi uchun o‘tkazilgan tanlovda qatnashib g‘olib berishga monelik qiladimi? Bu qaysi normativ-huquqiy hujjatda ko‘rsatilgan? Agar shunday bo‘lsa, nima uchun hujjatlarni qabul qilish jarayonida bu haqda menga aytilmagan va hujjatlarimni qabul qilish rad etilmagan? Bu gap-so‘zlar nega tanlovning yakuniy bosqichida – g‘olib va mag‘lublar aniqlanadigan palladagina chiqmoqda? Albatta, B.A.dan bu savollar bo‘yicha izoh so‘radim, ammo javob ololmadim.

Tanlovga taqdim etgan boshqa materiallarim munosib va xolis baholanmadi deb hisoblayman. Eng katta muammo bu – baholashning aniq mezoni yo‘qligi. Test sinovida qatnashganlar orasidan saralab olinib suhbatga chaqirilgan nomzodlar qaysi xizmatlari uchun ushbu bosqichga o‘tgani, chaqirilmaganlarga esa qaysi kamchiliklari uchun bunday imkoniyat berilmagani bo‘yicha aniq javobi mavjud emas.

Yana bir qiziq holat bo‘ldi. Suhbatga kirgan nomzodlarning tanlov davomida to‘plagan umumiy bali o‘sha vaqtning o‘zida yashirin ravishda e’lon qilindi. Buni faqat suhbatga kirganlargina eshitishdi xolos. Na boshqa nomzodlar kiritildi, na nomzodlar bilan kelgan yaqinlar kiritildi. Hammasi yopiq holatda bo‘ldi. Aslida bu jarayonlar ochiq va shaffof bo‘lishi kerak emasmidi?

B.A.dan suhbatga kiritilgan nomzodlarning mendan nimasi bilan afzalligini aytib bering, natijalarini ko‘rsating desam, buni ham rad etdi. “Boshqa nomzodlarning baholari, ishlari haqida sizga ma’lumot bera olmaymiz, faqat o‘zingizning kamchiliklaringizni ko‘rsatishimiz mumkin”, deb aytishdi. Lekin qanday kamchiliklarga yo‘l qo‘yganimni ko‘rsatib bera olishmadi.

Mayli, meni qo‘ya turaylik, tabiiy fanlar yo‘nalishi bo‘yicha suhbatga tavsiya etilgan Urganch davlat universiteti magistranti Amir Shigabuddinov ham “yiqilibdi”. Hali natijalar rasman e’lon qilinmay turib, “O‘zMU iqtidorli talabalar” nomli Telegram-kanalida O‘zMU magistranti Dildora Oxunjonovani tabiiy fanlar yo‘nalishi bo‘yicha Prezident stipendiyasi sohibi bo‘lgani bilan tabriklashga ulgurishgan. Holbuki, uning natijalari bilan Amir Shigabuddinovnikini solishtirib bo‘lmaydi. Chunki u kimyo fani bo‘yicha Mendeleyev xalqaro olimpiadasining 4 karra g‘olibi, Islom Karimov stipendiyasi sohibi, 1 ta patent egasi, ilmiy maqolalari ko‘p.

Dildora Oxunjonova qanday qilib g‘olib bo‘ldi degan savolga javoban komissiya a’zolari O‘zMU magistrining ingliz tilida burro gapirganini, boshqa nomzodlar gapira olmaganini ta’kidlashgan. Tabiiy fanlar bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovda nomzodlarning ilmiy yutuqlari e’tiborga olinmasdan, chet tilini bilishi ko‘proq tosh bosib ketganini umuman hazm qilib bo‘lmaydi.

“Manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yildi”

Sardor Salimov, TATU magistranti, Beruniy stipendiyasi sohibi:

— Test sinovi 100 ta savoldan iborat bo‘ldi, har bir to‘g‘ri javobga 1 baldan berildi. O‘zbekiston tarixi va axborot texnologiyalaridan 35 tadan, ingliz tilidan esa 30 ta savol (CEFR B2 darajasidagi savollar) tushdi. Men 68 ball to‘pladim. Prezident stipendiyasi uchun o‘tkazilgan tanlovga mas’ul bo‘lgan Oliy ta’lim vazirligi boshqarma boshlig‘i Abduvali Xoliqov biz bilan suhbatda 98 nafar nomzodning 70 foizdan ortig‘i test sinovlarida 50 foizdan kam ball to‘plaganini, shuning uchun test natijalarini inobatga olmaganini aytdi.

Men vazirlik xodimiga test sinovlarida hamma har xil baho olgani, shu paytgacha yuqori baho olganlar suhbatga tanlab olingani, agar test xo‘jako‘rsinga o‘tkazilgan bo‘lsa, bir ball olganlar ham suhbatga kirish imkoniyatiga ega bo‘lishi haqida aytganimda, u hech kim bunday baho olmasligini ta’kidlab, javob berishdan o‘zini olib qochdi. Chunki suhbatga tavsiya etilganlar orasida testdan qoniqarli ball ololmaganlar, masalan, 28, 30, 40 ball olganlar ham bor edi.

Foto: Kun.uz

Vazirlik vakilidan Prezident stipendiyasi tanlovida ishlarni baholash bo‘yicha metodikaning vazirning buyrug‘i yoki boshqa bir yuridik hujjat bilan tasdiqlangan shakli bor-yo‘qligini so‘radim. Chunki ichki buyruqlar bilan tasdiqlangan bo‘lsa, biz bundan bexabar bo‘lishimiz mumkin edi. Shuning uchun mas’ul boshqarma boshlig‘idan tanlov davomida ishlarimga qanday ball berilgani va bu baholar qaysi mezonlar asosida qo‘yilganini ko‘rsatib berishini so‘radim. Bu talabim ham bajarilmadi. Qayta-qayta talab qilaverganimdan keyin bunday hujjat yo‘qligini aytishdi.

Tanlovda ekspertlar ishlarni qanday baholashgan? Bizga tushuntirishlari bo‘yicha, komissiya a’zolari maqolaga, deylik, 10 ball qo‘yamiz, sertifikatlarga 1 ball qo‘yamiz deb o‘zaro kelishib olishgan ekan. Lekin buning huquqiy asosi yoki nomzodlarning ishlarini maqomi va darajasiga qarab baholashning aniq mezoni mavjud emas ekan. Mana shuni tanlovning eng katta kamchiligi desa bo‘ladi.

Ekspertlardan maqolani 10 ballik mezon asosida baholaymiz deyishdi. U 10 balga tortishini qayerdan bilishdi, balki 5, balki 8 balga loyiqdir u. Baholash mezoni bo‘lmasa, ekspertlar kayfiyatlariga qarab baholashadimi buni?! Sertifikatlarga 1 ball beriladi deyishdi. 50 ming so‘mga chiqarilgan sertifikatlar bor, nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan o‘tkazilgan seminarlarda qatnashganlik uchun berilgan sertifikatlar bor, bir yoki ikki yillik mehnat orqasidan kelgan diplomlar bor. Bularni qanday qilib bir xil baholash mumkin? Bunga javoban hammasi 1 ball bilan baholanishini aytishdi.

Suhbatga tavsiya etilganlar orasida Toshkent moliya instituti, Samarqand iqtisodiyot va servis institutidan nomzodlar bor edi. Eng qizig‘i, nomzodlarning ishini baholab borgan komissiya a’zolari safida Samarqand iqtisodiyot va servis instituti rektori Muhiddin Po‘latov (ZOOM orqali qatnashdi) ham bor edi. Ya’ni rektor o‘zi rahbarlik qiladigan institut talabasining ishlarini baholagan. Bu esa menda Prezident stipendiyasi tanlovida manfaatlar to‘qnashuviga ham yo‘l qo‘yilgan bo‘lishi mumkinligi haqida gumonlarni yuzaga keltirdi. Vazirlik boshqarma boshlig‘i Abduvali Xoliqovdan bu haqda so‘raganimizda u buni tan olmadi va tanlov davomida manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilmaganini ta’kidladi.

Baholash mezonlari ishlab chiqilmagani tufayli boshqa jarayonlarda ham ko‘rindi. Masalan, IT yo‘nalishini oladigan bo‘lsak, mening bir qancha loyihalarim bor, ya’ni amaliy ishlanma yaratganman. Hammasini bitta platformaga biriktirganman. Ishlarimni baholagan ekspertlardan ana shu loyihalarim bilan tanishib chiqdingizmi, necha ball qo‘ydingiz deb so‘radim. Bu loyihalarim respublika miqyosidagi loyihalar edi. Ekspert tanishib chiqmaganini, ularni ko‘rmaganini aytdi. Hujjatlarimizni onlayn yuborganimizda meniki kabi loyihalarni ilova qilish uchun alohida joy ajratilmagani bois boshqa ishlarimning orasiga qo‘shib, arxiv fayl sifatida biriktirgandim. Agar o‘sha faylni ochib ko‘rganida nima haqda gapirganimni darrov tushungan bo‘lardi.

Maqolaga 10 ball qo‘yilayotgan bir paytda bunday ishlar 50 balga loyiqdir desam, loyihalar baholanmaydi deb aytdi. Yo‘nalishimiz iqtisodiyot, men raqamli iqtisodiyot bo‘yicha ishlarimni topshirganman, butun bir iqtisodiy tizimni raqamlashtirib chiqqanman, nima uchun bu ish baholanmasligi kerak degan savolimga siz axborot texnologiyalari bo‘yicha o‘qisangiz, boshqa nomzodlar moliya, buxgalteriya bo‘yicha o‘qishadi, ular siz kabi dastur yarata olmaydi, shu sababli loyihalaringiz uchun ball berish ularga nisbatan nohaqlik bo‘lib qoladi deb aytishdi.

Iqtisodiyot ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha magistratura bosqichida 11 kishi Prezident stipendiyasi uchun nomzod sifatida ro‘yxatga olingan. Qaysi nomzod qancha maqola chiqargan, qayerlarda chiqargan, komissiya tomonidan bunga qancha ball berilgan, boshqa yana qanday ishlari bor, shular haqda bitta jadval qilib, hammaga ochiq ko‘rsatishganda e’tirozlar ancha kamaygan bo‘lardi. Hattoki o‘zimning ballarimni ham ko‘rsatishmadi.

Umuman, tanlovni tashkil etishdagi kamchiliklar ko‘p bo‘ldi. Ana shunday kamchiliklardan biri nomzodlarning bakalavr bosqichida erishgan yutuqlari inobatga olinmagani bilan bog‘liq. Masalan, men bakalavr bosqichida o‘qiyotgan vaqtimda Beruniy stipendiyasini olganman, ammo Prezident stipendiyasi nomzodlarining ishlarini baholash jarayonida bu yutug‘im uchun hech qanday ball berilgani yo‘q. Buning sababini so‘raganimda Beruniy stipendiyasi uchun qilgan ishlaring rag‘batlantirib bo‘lingan deb javob berishdi. Lekin bunga sazovor bo‘lganim uchun ham qandaydir ball berilishi kerak emasmi?! Chunki tanlovda nomzodlarning ilmiy va ijodiy yutuqlari so‘ralgandi, nomzodlar orasida shu paytgacha birorta stipendiya bilan taqdirlanmaganlar ham bor, ularning darajasi teng emas-ku. Xullas, savollarimiz juda ko‘p. Hozircha bu savollarga asosli javob ololganimiz yo‘q.

“G‘olibning til bilishi mening o‘nlab ilmiy natijalarimdan ustun keldi”

Hakima Davlatova, Jizzax davlat pedagogika instituti magistranti:

— Pedagogika ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha Prezident stipendiyasi tanlovida 13 kishi qatnashdi. Test sinovi natijasi 10 fevral kuni soat o‘nda chiqdi. 13 nafar nomzoddan 3 kishi testdan o‘tib, suhbatga tavsiya etildi. Suhbatdan so‘ng umumiy natijalar e’lon qilinishi kerak edi. Soat oltilar atrofida bizni suhbat bo‘lib o‘tgan xonaga yana chaqirishdi.

O‘sha yerda 22 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha Prezident stipendiyasi joriy etilgani, shundan 16 ta yo‘nalish bo‘yicha nomzodlar tanlovda qatnashgani, matematika fani yo‘nalishi bo‘yicha hech kim suhbatga tavsiya qilinmagani ma’lum qilinib, 15 ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kimlar g‘olib deb topilganini e’lon qilishdi. Pedagogika yo‘nalishi bo‘yicha Buxoro davlat universiteti magistranti Mohinur Saidova g‘olib deb topildi.

Natijalar e’lon qilingandan keyin savollar bo‘lsa javob beramiz deb aytishdi. Bir nechta nomzodlar tanlov natijalari bo‘yicha e’tiroz bildirishgandi, tashkilotchilar “samimiy” tushuntirib qo‘yishdi. G‘oliblar muhokama qilinmaydi deyishdi. Qaysidir g‘olibning sertifikati qolganlarnikidan ko‘proq tosh bosgani, kimningdir xorijiy tilni bilish darajasi raqiblarinikidan yuqoriroq ekani, yana kimningdir ilmiy maqolalari ko‘p ball olgani aytildi.

Men ham pedagogika yo‘nalishi bo‘yicha g‘olib deb topilgan nomzod qolganlardan qanday jihatlariga ko‘ra ustun deb ekani bilan qiziqdim. Scopus va boshqa platformalardan uning muallifligidagi maqolalar chiqmadi. Internetdagi qidiruvda ingliz tilidagi ikkita maqolasi topildi, ammo ushbu maqolalar chop etilgan jurnallarning ilmiy jamoatchilik orasidagi obro‘sini yuqori deb bo‘lmaydi.

Menda esa nufuzli xalqaro ilmiy jurnallarda 5 ta maqolam chiqqandi, Germaniyada kitobim chop etilgan, mobil ilova va elektron darslik yaratganman. G‘olib deb topilgan nomzodda 2ta infofaktor bo‘lsa, meniki xalqaro jurnallarda chop etilgan maqolalarim soni 18 ta edi-ku, O‘zbekiston doirasidagi, OAK ro‘yxatiga kiritilgan nashrlarda chiqqanlari bilan qo‘shib hisoblasa ellikka yaqin materialim bor edi, qanday qilib bular teng yoki raqibimnikidan past deb topilishi mumkin?

Bundan tashqari, Moskvada o‘tkazilgan “2021 yilning eng yaxshi ilmiy maqolasi” (“Luchshaya nauchnaya statya 2021”) tanlovida “Jizzax vohasi tojiklarining urf-odatlari” mavzusidagi maqolam bilan qatnashib, birinchi o‘rinni olganman. Shuncha e’tirozlarga javoban g‘olib deb topilgan qiz ingliz va rus tillaridan tashqari koreyschani bilarkan, shu bilan yutib ketdi deb aytishdi xolos.

Umuman, tanlovda nomzodlarning ishlarini baholash bo‘yicha aniq mezonlar bo‘lmagani aksariyat ishtirokchilarning e’tirozlariga sabab bo‘ldi. Tanlov natijasidan qoniqmaganim haqida 11 fevral kuni Vazirlar Mahkamasiga, Prezident administratsiyasiga va boshqa mas’ul idoralarga murojaat yubordim. Murojaatlarimda Prezident stipendiyasi uchun tanlov qanday bo‘lib o‘tgani, qanday kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganini batafsil ko‘rsatib o‘tganman. Umid qilamanki, bu murojaatlarimiz izsiz ketmaydi va barcha e’tirozlarimiz, eng muhimi, tanlov natijalari, malakali hay’at a’zolari tomonidan qayta ko‘rib chiqiladi.

Vazirlik nima deydi?

Kun.uz yuqorida bildirilgan e’tirozlar yuzasidan Oliy ta’lim vazirligi boshqarma boshlig‘i Abduvali Xoliqovning fikrlari bilan ham qiziqdi. Vazirlik mulozimi testda ko‘pchilik 50 foiz ham ball ololmagani va bu asosiy mezon qilib olinganda ko‘plab ta’lim yo‘nalishlari g‘olibsiz qolib ketgan bo‘lishi mumkinligini aytmoqda.

“Prezident stipendiyasi uchun 22 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tanlov e’lon qilingandi. Shundan 16 ta yo‘nalish bo‘yicha hujjatlar qabul qilindi, qolgan oltita yo‘nalishning ayrimlari bo‘yicha hujjat topshirilmagan bo‘lsa, ayrimlarining hujjatlari kamchiliklari borligi va talabga muvofiq emasligi uchun rad etildi.

16 ta komissiya tomonidan nomzodlarning hujjatlari, tanlov uchun taqdim qilgan ishlari ko‘rib chiqildi. Komissiya tomonidan qo‘yilgan baholar va test sinovi natijasidan kelib chiqib har bir yo‘nalish bo‘yicha uch nafardan nomzod suhbatga tavsiya etildi. Faqatgina matematika yo‘nalishi bo‘yicha hech kim suhbatga tavsiya qilishga munosib deb topilmadi.

Agar faqat test natijasiga qarab nomzodlarni suhbatga tavsiya qilganimizda ishtirokchilarga adolatsizlik qilgan bo‘lardik. Sababi 70 foizdan ko‘p ishtirokchi testda umumiy balning yarmidan kam ball to‘plagan. Agar test natijasini mezon sifatida olganimizda bugun stipendiyaga tavsiya etilgan 15 ta’lim yo‘nalishining aksariyati ochiq qolib ketardi”, deydi Abduvali Xoliqov.

Boshqarma boshlig‘i nomzodlarning ishlari nufuzli institut va universitetlarning rektor hamda prorektorlaridan iborat komissiya tomonidan “haqqoniy ko‘rib chiqilgani”, bu jarayonda ishtirokchilarning ilmiy salohiyati, topshirgan ishlarining “vazni”ga “alohida ahamiyat berilgani”, “natijalar adolatli bo‘lgani”ni aytmoqda.

“Nomzodning maqolalari soni ko‘p bo‘lsa-yu, u magistraturada ta’lim olayotgan yo‘nalishi yoki ilmiy ishi mavzusiga mos kelmasa, yo bo‘lmasa umuman boshqa soha yoki ta’lim yo‘nalishlariga oid bo‘lsa, shuningdek, boshqalar bilan hammualliflikda chiqarilgan bo‘lsa, bunday maqolalar baholash jarayonida “vazn”ini yo‘qotadi.

Komissiya a’zolari nomzodning xorijiy tilni bilishi haqidagi sertifikatlari borligi, maqolalari magistraturadagi ilmiy ishi mavzusiga muvofiqligi, shuningdek, ilmiy ishlari aynan magistratura bosqichida amalga oshirilgani ustunlik bergan. Chunki bu magistrantlar o‘rtasidagi tanlov, unda bakalavr bosqichidagi maqolalari yoki yutuqlari bilan qatnashib bo‘lmaydi”, – deydi u.

Abduvali Xoliqov tanlov jarayonida manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgani, qaysidir OTM rektori o‘zining talabasi qatnashgan yo‘nalish ishtirokchilarining ishlarini baholagani haqidagi e’tirozlarga javoban komissiya a’zolari yashirin ovoz berishgani, bu jarayonda bir kishining ovozi ko‘p narsani hal qilmasligini aytdi. Unga ko‘ra, nomzodlarning ishlarini baholashda komissiyalarga to‘liq mustaqillik berilgan va komissiya a’zolari har bir ta’lim yo‘nalishining xususiyatlaridan kelib chiqqan holda ishlarni baholashgan.

Mulozim tanlov komissiyalariga “salohiyatli, o‘z sohasining ustasi bo‘lgan” insonlar jalb etilgani, ular har bir ishtirokchiga qo‘ygan bahosini asoslab bera olishiga ishonmoqda.

“Tanlovda ishtirok etgan, ammo g‘olib deb topilmagan ishtirokchilarning arizalari o‘rganib chiqiladi. Lekin shu paytgacha bunday murojaatlardan so‘ng tanlov natijalari o‘zgartirilgan, g‘olib o‘zgargan holatlar kuzatilmagan”, deydi u.

Jamshid Niyozov,  Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid