Soati 5 mingdan 12 minggacha - Toshkentda pulli “parkovka” narxlari tasdiqlandi
Poytaxt hokimining qarori bilan pulli “parkovka”larni tashkil etish tartibi hamda to‘lov narxlari tasdiqlandi. Unga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvargacha “Pulli to‘xtab turish joylari” aks etadigan axborot tizimi foydalanishga topshiriladi.
Toshkent shahar hokimining 16 oktyabrda qabul qilgan tegishli qarori bilan poytaxt ko‘chalarida pulli avtoturargohlar tashkil etiladi. Hujjat bilan pulli avtoturargohlardan foydalanish narxlari belgilandi.
Ta’kidlanishicha, 2025 yil 1 yanvargacha “Tashkent Invest Kompaniyasi” AJ hokimlik huzuridagi Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan “Pulli to‘xtab turish joylari” yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimini foydalanishga topshiradi, tashkil etiladigan transport vositalarining pulli to‘xtab turish joylari uskunalarini ulashga tayyorlik ko‘radi. Ishlab chiqilgan tartibga ko‘ra, pulli parkinglar investorlarni jalb qilgan holda tashkil etiladi.
To‘lov texnik operatorga “pullik to‘xtash joylari” AAT doirasida joriy qilingan billing tizimi hisoblagichi ma’lumotlari asosida naqdsiz usulda yoki naqd pulda (texnik moslamasida ko‘zda tutilgan) amalga oshiriladi.
Texnik operator mablag‘larning bir qismini ijara shartnomasi bilan belgilangan miqdorda Toshkent shahar Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi huzuridagi avtomobil yo‘llarini rivojlantirish hududiy maqsadli jamg‘armasiga o‘tkazadi.
Parkingdan foydalanganlik uchun to‘lov u ishga tushirilgan kundan boshlab amalga oshiriladi, bundan quyidagi bepul joylashtirishlar mustasno:
● Favqulodda vaziyatlar va maxsus xizmatlar faoliyatini amalga oshirish uchun foydalaniladigan jigarrang, qizil yoki ko‘k-qizil miltillovchi chiroq va maxsus ovozli signallar bilan jihozlangan transport vositalari;
● Old va orqa oynalarida “7.17” yo‘l belgisi tasviri tushirilgan I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan nogironlarning transport vositalari (jumladan, nogironlar uchun mo‘ljallangan maxsus transport vositalari);
● II Jahon urushi qatnashchisining transport vositasi;
● Davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmaydigan ikki g‘ildirakli transport vositalari.
Parkingda, shu jumladan savdo korxonalari, xizmat ko‘rsatish, tibbiyot, sport va madaniy-ko‘ngilochar muassasalar yonidan kamida 5 foiz joy (lekin bir dona joydan kam bo‘lmagan) imtiyozli ruxsatnomaga ega bo‘lgan shaxslar tomonidan boshqariladigan transport vositalarini bepul joylashtirish uchun ajratiladi.
Eslatib o‘tamiz, prezidentning 111-sonli qaroriga asosan, Toshkentda yo‘l bo‘yi pulli avtoturargohlar 2022 yilning noyabr oyidayoq joriy etilishi kerak edi. Parkomatlar shaharning qaysi ko‘chalarida tashkil etilishi ham e’lon qilingandi.
Transport vazirligi huzuridagi Toshkent shahar transport tizimini kompleks rivojlantirish loyiha ofisi rahbari Murod Obidov loyihani amalga oshirishga “normativ-huquqiy bazadagi muammo” xalal berayotganini, qonunchilikda bu boradagi tartib ishlab chiqilmagani sabab jarayon cho‘zilayotganini aytgandi.
“Biz Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritish kerak bo‘lgan normalarni ishlab chiqib, vazirlik va idoralar bilan kelishish uchun kiritdik. Bu jarayonning o‘z reglamenti bor, afsuski, qonunchilikka o‘zgartirish kiritish tez bo‘ladigan jarayon emas”, – degandi mas’ul.
Mavzuga oid
18:52
Prezident Toshkentda «Xushnud» mahallasi aholisi bilan uchrashdi
16:37
Shavkat Mirziyoyev: Tadbirkor - iqtisodiyot poydevori, davlat tayanchi
10:51
Toshkent aeroportida eshitish qobiliyati cheklangan shaxslar ish boshladi
17:02 / 22.11.2024