O‘zbekiston | 12:01 / 27.09.2021
17018
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda hafta oxirida havo harorati yanada pasayishi kutilmoqda

Bugun O‘zbekiston hududi Qozog‘iston orqali Volgabo‘yidan kirib kelgan antitsiklon ta'siri ostida bo‘ladi. Barcha hududlarda quruq ob-havo saqlanib turadi, faqat Toshkent viloyatining tog‘li hududlarida ba'zi joylarda biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin. 

Foto: KUN.UZ

“O‘zgidromet” xabariga ko‘ra, respublika sharqiy hududlari va chekka shimoliy hududlarida shamol tezligi 17-22 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda. O‘tgan dam olish kunlariga nisbatan harorat 8-10 darajaga pasayadi va 23-28 daraja issiq atrofida bo‘ladi. Bunday holat sentyabr oyining oxirgi kunlari uchun bo‘lgan me'yoriy qiymatlarga yaqindir.

Keyinchalik, sentyabr oyining oxirigacha O‘zbekistonda kuchsiz va biroz shamollar bilan barqaror quruq ob-havo saqlanib turadi, tekis harorat fonida kechalari 10-15 daraja iliq, kunduz kunlari 23-28 daraja issiq atrofida bo‘ladi. Faqat Qoraqalpog‘iston bo‘yicha 30 sentyabrda Rossiyaning Yevropa qismi markaziy hududlari ustida shakllangan yangi sovuq havo kirib keladi, ob-havo o‘zgaradi, yomg‘ir yog‘adi va kunduz kungi harorat 13-18 daraja iliqqacha pasayadi.

Oktyabr oyining birinchi kunlarida sovuq havo kirib kelishi O‘zbekistonning barcha hududiga tarqaladi. Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida va Farg‘ona vodiysida ba'zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, shamol kuchayadi va harorat kechalari 7-12 daraja iliqqacha, kunduz kunlari 15-20 daraja iliqqacha pasayadi. Baland tog‘larda yomg‘ir qorga aylanishi mumkin.

Mavzuga oid