Sport | 11:42 / 21.07.2024
8810
8 daqiqa o‘qiladi

Italiyalik himoyachi, «MYu»ning porlagan yulduzi va Ispaniyadagi iste’dodlar. Yevro-2024’ning asosiy kashfiyotlari

Kimlar faoliyatini Yevrodagi ishtiroki tufayli yangicha maqomda davom ettiradi.

Foto: Sport-Ekspress

Ko‘plab superyulduzlar — Mbappe, Ronaldu, Lukaku — Yevroni muvaffaqiyatsiz o‘tkazishdi, ammo kutilganidan ham yaxshiroq ishtirok etgan va hatto turnirda kashfiyot bo‘lgan futbolchilar ham bor.

Kobbi Maynu

Mavsum boshida ushbu 19 yoshli yigitcha to‘g‘risida faqat «MYu»ning yoshlar jamoasi o‘yinlarini kuzatib boruvchi fanatlar bilishardi. Ammo ular ham ushbu yigitchadan porloq mavsum o‘tkazishini kutgani dargumon — Maynu kuzda jarohat tufayli o‘ynay olmadi. Ammo dekabrda Kobbi nafaqat maydonga qaytdi, balki tarkib borasida muammolarga uchragan kattalar jamoasi safiga yorib kirdi. Ushbu o‘smir «Yunayted»ning boshlang‘ich tarkibida tusha boshladi, APLda mavsum kashfiyotlaridan biriga aylandi va Angliya Kubogi finalida g‘alaba golini urdi. Uning transfer qiymati 1 million yevrodan 50 million yevroga ko‘tarildi.

Undagi o‘sishni Sautgeyt ham payqab, mart oyida milliy jamoa yig‘iniga chaqirdi. Maynu Belgiya va Islandiyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlarida boshlang‘ich tarkibda tushdi, ammo Yevroga zaxira futbolchisi sifatida keldi. Avvaliga ushbu vunderkind tayanch zonasida Deklan Raysga sherik bo‘lish uchun raqobatni Trent Aleksandr-Arnold va Konor Gallaherga boy bergandi. Ammo raqobatchilarning ishonchsiz o‘yinlari tufayli o‘z imkoniga ega bo‘ldi va asosiy tarkib futbolchisiga aylandi.

Maynu guruh bosqichining uchinchi turida Sloveniyaga qarshi o‘yin startidan joy oldi va turnir oxirigacha ilk daqiqalardan o‘ynadi. Bosh murabbiy uchun yarimhimoyachi raqibning tezkor qarshi hujumlariga sabab bo‘luvchi keraksiz to‘p yo‘qotishlarga yo‘l qo‘ymasligi muhim edi. Maynu esa bu borada aynan u istagan futbolchi bo‘lib chiqdi: u Yevro finaliga turnir tarixidagi barcha yarimhimoyachilar orasida to‘p uzatishlar aniqligi borasidagi eng yuqori natijani qayd etgan holda yetib keldi — 96,3 foiz. Final fenomenal statistikani yo‘qqa chiqardi, ammo futbolchining mehnati izsiz ketmaydi.

Qolaversa, Kobbi boshqa jihatlari bilan ham maqtana oladi. Niderlandlar bilan o‘yinda u barcha duellarda ustun kelgan, to‘pni qaytarishda va uzun uzatmalarda biror marta xatoga yo‘l qo‘ymagan. Maynu bu borada Klarens Zeyedorfni yodga solib yubormoqda. Buyuk golland futbolchisi uning o‘ziga o‘xshashligini inkor etmadi va uning salohiyati katta ekanini aytdi. Bunday maqtov ham ko‘p narsani anglatadi.

Rikkardo Kalafiori

O‘tgan mavsumda Kalafiori «Bolonya» bilan sensatsiya ko‘tarib, Chempionlar ligasiga chiqqandi — mazkur fenomen jamoa A seriyada beshinchi o‘rinni egalladi. Bir vaqtlar Rikkardo «Roma»ning eng istiqbolli yoshlari qatorida edi, ammo jarohatlar unga qadrdon klubida ochilib ketishiga imkon bermadi.

Kalafiori «Bazel»dagi o‘yinlaridan keyin «Bolonya»ga o‘tib, bu yerda o‘z transfer bahosini 4,5 million yevrodan 30 million yevrogacha oshirib oldi. Ushbu himoyachi Tiago Mottaning innovatsion futboliga moslashib ketdi, murabbiy uni nafaqat mudofaa yetakchisiga, balki yaxshi pas beruvchi va to‘pni oldinga olib bora oluvchi serqirra futbolchiga aylantirdi. To‘p bilan oldinga bora olishi Kalafioriga guruh bosqichining muhim pallasida qo‘l keldi: xorvatlarga qarshi o‘yinning so‘nggi daqiqalarida Rikki maydon markazi bo‘ylab yurish qilib, Italiyaga 1/8 finalga chiqishga imkon bergan assistni amalga oshirdi.

E’tiborli jihati, Kalafiori milliy jamoa safida Yevro startiga 10 kun qolganida debyut qilgandi — u Turkiyaga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida zaxiradan tushgandi. Bu Spalletti 22 yoshli futbolchini turnirdagi barcha o‘yinlarda startda tushirishiga to‘sqinlik qilmadi. Bu qaror Luchanoning Yevrodagi kam sonli plyuslaridan biri bo‘ldi: Kalafiori ishonchli harakat qildi va hujumlarni rivojlantirishda beqiyos hissa qo‘shdi.

Ushbu himoyachining kuchli o‘yini «Arsenal»ning e’tiborini tortdi — ayni vaqtda ushbu italyanni 40 million yevro atrofidagi mablag‘ga transfer qilish bo‘yicha muzokaralar yakunlanmoqda va amalda tomonlar kelishuvga erishgan. Endi «Bolonya» va «Bazel» bilan transferdan beriladigan ulush bo‘yicha kelishuvga erishishi qolgan. Londondagilar futbolchining universalligini qadrlaydi — Rikkardo faoliyatini chap qanot himoyachisi sifatida boshlagan, Arteta jamoasida esa ushbu amplua hujumlarni tashkil etish nuqtayi nazaridan muhim hisoblanadi.

Niko Uilyams

Ispaniyaning turnirdagi yorqin o‘yini ko‘p jihatdan hujum qanotlaridagi futbolchilar faolligi evaziga bo‘ldi. Dastlab chap qanotdan boshlaymiz. Niko Uilyams —akasi Inyaki kabi bask futboli tarbiyalanuvchisi. 22 yoshli Niko uch yildan buyon «Atletik»ning asosiy jamoasida o‘ynaydi, shuning uchun Ispaniyadagilar uchun uning iste’dodi anchadan buyon ma’lum. Ammo Yevroda Niko faoliyatidagi yangi bosqichni boshladi.

Uilyams o‘ziga qarshi turgan raqib futbolchilarining barchasini aldab o‘tdi va ularning har biridan qochib ketdi. Turnir davomida 31 marta aldab o‘tish — top-natija. Niko shuningdek vaziyatlaridan yaxshi foydalanishi bilan ajralib turdi. Kutilgan gollar bo‘yicha 1,0 xG ko‘rsatkichidan ikki gol urish — qisqa muddatdagi juda yaxshi natija. Ispaniyalik vinger turnirni finaldagi gol va hal qiluvchi uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi maqomida yakunladi — bu har qanday statistikadan muhimroq. Endi ushbu tezkor vinger yangi mavsumni «Barsa»da boshlashi kutilmoqda. Kataloniyaliklar klubi direktori Deku futbolchining agenti bilan uchrashgan hamda taklif etiladigan shartnoma bandlarini muhokama qilgan. Ko‘k-anorranglilar «Atletik» so‘rayotgan 58 mln yevroni to‘lash uchun kredit olmoqchi. Klubdagilar futbolchini AQShdagi turnega qadar transfer qilishni xohlamoqda.

Lamin Yamal

Bu futbolchi ushbu ro‘yxatdan joy olgani ajablanarli emas. Maktabni Yevro vaqtida yakunlagan futbolchi turnirning eng yaxshi assistenti va turnirning eng yaxshi yosh o‘yinchisi sifatida taqdirlani. Yamal la liga va Chempionlar ligasidagi o‘yinlari bilan ham ko‘zga tushgandi, ammo uning yozdagi performansi yanada kattaroq taassurot qoldirdi. To‘rt assist — Yevro tarixida 1980 yildan buyon (statistika yuritilishi o‘sha yil boshlangandi) rekord natija.

Lamin o‘z sheriklari uchun yaqqol vaziyatlar yaratishda ham ancha oldinga chiqib ketgan — 8 ta vaziyat (bu boradagi eng yaqin ta’qibchilar yaratgan vaziyatlar soni esa 4 ta). Shuningdek to‘pni oldinga olib borish bo‘yicha Uilyams, Dembele va Saka qatorida turnirning eng yaxshilaridan biri bo‘ldi. Mart oyidayoq ushbu vunderkindning transfer qiymati 75 million yevroni tashkil etardi, endi esa 90 million yevrogacha chiqdi. Allaqachon «PSJ» Yamal uchun 250 million yevro to‘lab, jahon rekordini o‘rnatishga tayyorligi haqida xabarlar chiqdi. Ammo «Barsa» hali bunday taklifga rozi bo‘lmaydi — hech qanday moliyaviy muammolar bunday iste’dodli futbolchini sotib yuborishni oqlay olmaydi.

Mavzuga oid