Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
NATOdan tashqari, lekin shunga o‘xshash kafolat: Rossiya bunga rozi bo‘ladimi?
Ukrainani NATOga qabul qilmasdan, alyansning 5-moddasiga o‘xshash xavfsizlik kafolati berilishiga Rossiya tomoni qanday qarashi borasida fikrlar turlicha. Siyosatshunos Sanjarbek Rashidovga ko‘ra, Putin bunga ko‘nmaydi, chunki bu tajriba keyinchalik Gruziya kabi boshqa davlatlar uchun ham namuna bo‘ladi. Siyosatshunos Bektosh Berdiyev esa, NATOsiz kafolat g‘oyasi hozirgi vaziyatda RFni qoniqtiradi deb hisoblamoqda.
— Ukrainaga NATO a’zosiga o‘xshash xavfsizlik kafolati berilsa, Rossiyaning reaksiyasi qanday bo‘ladi?
Bektosh Berdiyev: Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishdagi asosiy strategik maqsadlaridan biri – Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik edi. Biroq bugungi vaziyat sezilarli darajada o‘zgardi. Frontdagi urush har ikki tomon uchun ham og‘ir yo‘qotishlar bilan kechdi va bu Rossiyani ma’lum ma’noda pozitsiyasini qayta ko‘rib chiqishga majbur qilmoqda. Xususan, NATO masalasida ayrim yon berishlar ehtimoli paydo bo‘ldi.
Ukraina tomonidan talab qilinayotgan xavfsizlik kafolatlari NATO ustavining 5-moddasiga yaqin bo‘lsa-da, Moskva uchun muayyan narrativ mavjud: Ukraina rasmiy ravishda NATO a’zosi bo‘lmayapti. Bu holat Rossiyaga ichki auditoriya oldida o‘z pozitsiyasini oqlash imkonini beradi.
Shu bilan birga, Rossiya bu kelishuvdan mamnun bo‘lmaydi, chunki Ukraina amalda NATO davlatlariga yaqin darajadagi xavfsizlik kafolatlariga ega bo‘ladi va bu Kiyev uchun strategik ustunlik yaratadi. Ayrim norasmiy manbalarga ko‘ra, AQSh va uning ittifoqchilari tomonidan Ukrainani himoyalash uchun qariyb 800 ming kishilik harbiy kontingent tayyorlanishi mumkin. Bu kuchlar Ukraina hududida yoki unga tutash davlatlarda joylashtirilishi ehtimoli bor. Bu esa Ukraina uchun juda kuchli xavfsizlik kafolatini anglatadi.
Bunday kelishuv ma’lum narx evaziga taklif qilinmoqda. Gap Donbassning ayrim hududlari masalasida yon berish haqida bormoqda.
Rossiyaning tashqi reaksiyasi nisbatan sokin bo‘lishi mumkin, chunki Kreml bu holatni ichki va tashqi auditoriyaga “biz urush orqali Ukrainani NATOdan uzoqlashtirdik, Donbassni qo‘lga kiritdik”, degan siyosiy yutuq sifatida taqdim etishi mumkin.
Hozirda Donbass hududida qurollangan yirik harbiy kuchlarni saqlab qolmaslik, ularni hududdan chiqarish yoki chekka zonalarga joylashtirish masalasi kun tartibida turibdi. Ammo bu masalalar hozircha juda xom holatda. Front chizig‘ida hali ko‘plab kelishilmagan nuqtalar mavjud va urush to‘xtatilgan taqdirda ham, o‘q uzish va provokatsiyalar davom etishi ehtimoli yuqori.
Hududiy masala – eng muhim muammolardan biri. Qaysi shahar yoki qishloq qaysi tomon nazoratida qolishi hozircha aniq belgilanmagan. Muzokaralarda “Donbass” atamasi umumiy tarzda ishlatilmoqda, holbuki Donbass faqat bitta ma’muriy hudud emas. U Donetsk va Luhansk viloyatlarining muayyan qismlarini o‘z ichiga oladi va aynan shu hududlar bo‘yicha xaritada hali ko‘plab noaniqliklar mavjud.
Shunga qaramay, tinchlik muzokaralari har ikki tomon uchun ham manfaatli. Rossiya ham, Ukraina ham bugungi kunda harbiy va iqtisodiy jihatdan holdan toygan. Shu sababli mavjud imkoniyatdan urushni to‘xtatish yo‘lida jiddiy foydalanishga har ikki tomon ham urinishi ehtimoldan xoli emas.
Sanjarbek Rashidov: Menimcha, unday emas. Ukrainaning NATOdagi kabi xavfsizlik kafolatlariga ega bo‘lishi – Putin uchun orqaga chekinish bilan teng. U 2007 yilda Myunxenda so‘zlagan nutqida NATO qo‘shinlarining Sharqiy Yevropa orqali Rossiya chegaralariga yaqinlashishi Moskvaning hayotiy manfaatlariga zid ekanini ta’kidlagan va shu pozitsiyada turibdi.
Berlindagi muzokaralarda Amerika tomonidan Ukrainaga qattiq bosim o‘tkazildi. Donald Tramp 25 dekabrgacha urushni tugatishga va Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini taqdim qilishga va’da berdi. Taklif shuki, Ukraina Donbassning o‘z nazoratida qolayotgan qismlarini Rossiyaga berib, o‘zining qolgan 80 foiz hududi ustidan suverenitetni saqlab qoladi va NATO a’zosiga aylantirilmay, 5-moddaga o‘xshash xavfsizlik kafolatini oladi.
Ammo Putin bunga rozi emas. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi 15 dekabr kuni Amerikaga xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha o‘z taklifini taqdim etdi. Bu 9 banddan iborat hujjatda NATOning sharqqa kengayishini Rossiya qabul qilmasligi qat’iy ko‘rsatib o‘tilgan. Putin hokimiyatda qolarkan, bu pozitsiya o‘zgarmaydi. Agar Ukraina 5-moddaga binoan kafolatlarni olsa, Rossiya nazarida bunday kafolatni keyinchalik Gruziya kabi boshqa davlatlar ham talab qilishi mumkin. Shu bois, 5-moddaga o‘xshash kafolatni Rossiya qabul qilmasa kerak deb o‘ylayman.
Agar Ukraina shunday kafolatlarni olsa, bu – Rossiyaning Ukrainaga keyingi ehtimoliy hujumlari kafillik bergan barcha davlatlarga hujum sifatida baholanishini anglatadi. Bu esa juda xavfli vaziyatga olib keladi, chunki NATO bilan Rossiya hali yuzma-yuz to‘qnash kelmagan. Rossiya elitasi bu xavfni yaxshi tushunadi va shuning uchun bunday kafolatlarni qabul qilmaydi.
Suhbatni to‘liq YouTube platformasida tomosha qilishingiz mumkin.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
18:47 / 28.12.2025
Zelenskiy Ukrainadagi urush yakunlanishi haqida fikr bildirdi
16:04 / 28.12.2025
«Rus ko‘ngillilari korpusi» komandiri Denis Kapustin halok bo‘ldi
09:33 / 28.12.2025
Rossiya Kiyevga yopirilma zarba yo‘lladi
14:59 / 27.12.2025