O‘zbekiston | 11:33 / 27.10.2023
6292
4 daqiqa o‘qiladi

FaceID, bojxonadan ikkitagacha qurilma olib o‘tish, xorijliklarga 60 kunlik muddat – UzIMEI'da nimalar o‘zgardi?

IT haftaligidagi yana bir yangilik shaxsiy ma’lumotlari xavfsizligi bilan bog‘liq bo‘ldi. Endi telefonlarni UzIMEI tizimida ro‘yxatga olishda onlayn tarzda shaxsni biometrik identifikatsiya qilinadi. Natijada sizning nomingizga boshqalar telefonni ro‘yxatdan o‘tkaza olmaydi. RTTBM direktori o‘rinbosari Bahrom Ziyayevning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, ayni vaqtda fuqarolar o‘z nomida bo‘lgan qurilmalarni onlayn tekshirish imkonini beruvchi tizimni joriy qilish ustida ham ishlanmoqda.

27-oktabr kuni Toshkentda davom etayotgan “ICTWEEK UZBEKISTAN – 2023” haftaligi doirasida taqdim qilingan yana bir yangilik UzIMEI borasida bo‘ldi.

Ma’lum qilinishicha, hukumatning tegishli qarori bilan endilikda jismoniy shaxslar xorijdan o‘zi bilan olib kirgan ikkita mobil qurilma (telefon)ni bojxona to‘lovlarisiz ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin. Bungacha fuqarolar tomonidan faqat bir dona xorijdan o‘zi bilan olib kelgan telefonni bojxona to‘lovlarisiz ro‘yxatdan o‘tkazishga ruxsat berilgan edi.

Shuningdek, endilikda telefonlarni ro‘yxatga olishda fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlaridan boshqalar foydalanishiga barham beriladi. Ya’ni, telefonlarni UzIMEI tizimida ro‘yxatga olishda masofadan turib (onlayn) shaxsni biometrik identifikatsiya (Face-ID) qilish joriy etildi. Ushbu tizim fuqarolarning shaxsga doir ma’lumotlaridan o‘zgalar foydalanishining oldi olinishi aytilmoqda.

“Mazkur texnologiya yordamida jismoniy shaxs o‘ziga tegishli mobil qurilmalarni ro‘yxatga olishni o‘zining biometrik ma’lumotlaridan foydalangan holda onlayn tarzda amalga oshiradi. Bunda, jismoniy shaxs IMEI kodlarini ro‘yxatga olishni rasmiy veb-sayt, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va uning mobil talqini hamda tizim ro‘yxatga oluvchilariga bevosita murojaat qilgan holda biometrik identifikatsiya orqali amalga oshirishi mumkin. Endilikda mazkur texnologiya jismoniy shaxslarning bevosita ishtirokida mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish imkoniyatini yaratadi hamda bu orqali ularning huquqlarini himoya qilish va noqonuniy ro‘yxatga olish holatlarining oldini olishga asos bo‘ladi”, — deyiladi taqdimotda.

Shuningdek, O‘zbekistonga xizmat safari yoki turizm uchun kelayotgan xorijiy fuqarolar mobil qurilmalaridan ro‘yxatdan o‘tkazmasdan foydalanish davri amaldagi 30 kalendar kunidan 60 kalendar kunigacha uzaytirildi.

“Fuqarolar tomonidan har bir olib kirilayotgan mobil qurilma bojxona chegarasini kesib o‘tishda deklaratsiyalanishi hamda deklaratsiya natijasi bo‘yicha mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish tizimiga integratsiya qilinishi ular tomonidan qonuniy olib kirilishiga asos bo‘ladi. Bu bilan noqonuniy xatti-harakatlarning oldi olinishiga erishiladi. Buning natijasida fuqarolar o‘zi bilan olib kirgan qo‘shimcha ikkinchi mobil qurilmani UzIMEI tizimida muammosiz ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin bo‘ladi” – deyiladi rasmiy relizda.

Respublika telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish markazi direktori o‘rinbosari Bahrom Ziyayevning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, bugunga qadar UzIMEI tizimida shaxsiy ma’lumotlardan noqonuniy foydalanish holatlari bo‘yicha fuqarolar ariza bilan murojaat qilishi mumkin. Ya’ni, fuqaro o‘z nomida bo‘lgan, lekin o‘zi ishlatmayotgan mobil qurilmani nomidan chiqarib yuboradi. Bundan tashqari, markaz kelajakda fuqarolar o‘z nomida bo‘lgan qurilmalarni onlayn tekshirish va ularni ro‘yxatdan chiqarib yuborish bo‘yicha ariza yuborish imkoni paydo bo‘ladi.

Mavzuga oid