O‘zbekiston | 12:58 / 09.07.2019
2416
2 daqiqa o‘qiladi

MUIC rezidentlari uchun maxsus Iqtisodiy faoliyat turlari umumdavlat tasniflagichi joriy etiladi

Foto: Norma.uz

Mirzo Ulugbek Innovation Center rezidentlari uchun maxsus Iqtisodiy faoliyat turlari umumdavlat tasniflagichi joriy etiladi. Bu haqda Norma xabar bermoqda.
 
Eslatib o‘tamiz, Axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Mirzo Ulugbek Innovation Center innovatsiya markazi 2017 yilda tashkil etilgan. Markaz rezidentlariga soliq va bojxona imtiyozlari, boshqa preferensiyalar taqdim etiladi. Hozirgi vaqtda 330 ta kompaniya rezidenti hisoblanadi.
 
«Kompyuter dasturlashtirish, maslahat berish va boshqa yordamchi xizmatlar», «Ma'lumotlarni joylashtirish va qayta ishlash bo‘yicha xizmatlar, Web-portallar» yoki Muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan belgilanadigan faoliyat turlaridan birini amalga oshirish MUIC rezidenti maqomini olishning shartlaridan biri hisoblanadi. Masalan, «Dasturiy ta'minot ishlab chiqarish» shular jumlasiga kiritildi.
 
Hozirgi kunda bu mezon Iqtisodiy faoliyat turlari umumdavlat tasniflagichiga (IFUT) asosan belgilanadi. Biroq, rezidentlar tomonidan amalga oshirilayotgan faoliyatini samarali nazorat qilish maqsadida Davstatqo‘m va LBMAga Innovatsiya markazi rezidentlari uchun maxsus Iqtisodiy faoliyat turlari umumdavlat tasniflagichini tasdiqlash va joriy etish topshirildi. Davstatqo‘m LBMAning taqdimnomasiga asosan, zarur hollarda, Innovatsiya markazi rezidentlari uchun unga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritadi.
 
Shu tariqa, MUIC rezidentlariga ruxsat etilgan faoliyat turlarining yopiq ro‘yxati paydo bo‘ladi hamda bu ro‘yxatni belgilaydigan vakolatli organlar o‘zgaradi.
 
Hujjat 5.07.2019 yildan kuchga kirdi.