Jahon | 08:51 / 13.06.2024
3961
2 daqiqa o‘qiladi

G7 davlatlari Kiyevga Rossiya aktivlari hisobidan 50 mlrd dollar ajratadi

Ukraina yaqin kelajakda ittifoqchilaridan 50 milliard dollar oladi, kredit Rossiya Federatsiyasi Markaziy bankining G‘arb mamlakatlarida muzlatilgan aktivlaridan unga o‘tkazilgan foizlar hisobidan to‘lanadi.

Foto: REUTERS/Louisa Gouliamaki

«Katta yettilik» (G7) davlatlari muzlatilgan Rossiya aktivlaridan foydalangan holda Ukrainaga 50 milliard dollar ajratishga kelishib oldi. Bu haqda 12 iyun, chorshanba kuni Fransiya prezidenti vakiliga tayanib, Le Monde gazetasi xabar berdi. «Katta yettilik» rahbarlari, deb yozadi Le Monde, Rossiyaning 325 milliard dollar miqdoridagi muzlatilgan aktivlaridan olingan foydadan Kiyevga kredit garovi sifatida foydalanishga kelishib olishdi. Ukraina yaqin kelajakda ittifoqchilaridan 50 milliard dollar oladi, kredit esa Rossiya Federatsiyasi Markaziy bankining G‘arb mamlakatlarida muzlatilgan aktivlaridan unga o‘tkazilgan foizlar hisobidan to‘lanadi. Nashrning ta’kidlashicha, bu tashabbus dastlab AQSh vakillaridan chiqqan.

«Agar u yoki bu sababga ko‘ra Rossiya aktivlari muzlatilgan bo‘lsa yoki Rossiya aktivlaridan tushgan mablag‘lar kreditni moliyalashtirish uchun yetarli bo‘lmasa, biz yukni qanday bo‘lishish haqida o‘ylab ko‘rishimiz kerak bo‘ladi», deb o‘z suhbatdoshining so‘zlaridan iqtibos keltiradi Le Monde. 

Italiyada G7 sammiti 

G7’ning 50-sammiti 13 iyun kuni Italiyaning Apuliya shahrida ochiladi. Unda «Katta yettilik» mamlakatlari yetakchilari, jumladan, Ukrainani Rossiyaga qarshi urushda qo‘llab-quvvatlash, energetika va iqtisodiy xavfsizlik, migratsiya masalalari, Xitoy bilan aloqalar, shuningdek, Yaqin Sharqdagi harbiy amaliyotlarni muhokama qiladi. 

Mavzuga oid