Rossiya qo‘shini Donetsk oblasti janubi-g‘arbidagi Vuhledar shahrini nazoratiga oldi. Dasht o‘rtasidagi ushbu aholi yashash manzili uchun janglar 2022 yil martidan buyon davom etayotgandi. O‘shanda shaharga Ukraina qurolli kuchlarining faront chizig‘idagi qismlari kirgandi. Shundan keyin o‘zagi 72-mexanizatsiyalashgan brigadadan iborat bo‘lgan Ukraina mudofaasi RF qurolli kuchlarining bir necha yirik shturmlariga dosh berdi. Ammo 2024 yil kuziga kelib brigadaning Vuhledarda qolgan bir necha yuz jangchisi (qolganlar shahardan shimoli-g‘arb tomon ketuvchi so‘nggi yo‘lni himoya qilishga harakat qilmoqda) qurshovga tushib qolmaslik uchun pozitsiyalarini tark etdi. Ukraina qurolli kuchlarining eng mashhur «qal’a»laridan biri qulashi ramziy ma’noga ega. Shahar egallab olinishi Ukrainaning Donbassdagi mudofaasiga hozirning o‘zida tahdid solmayotgan bo‘lsa-da, uning yo‘qotilishi kelajakda Ukraina qurolli kuchlari uchun og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Vuhledar shturmi haqida nimalar ma’lum?

Asosan Sharqiy harbiy okrug tuzilmalaridan iborat bo‘lgan Rossiya qo‘shini bir necha oylik og‘ir janglar bilan Vuhledarga shimoli-sharqdan yaqinlashib keldi: bu yerda RF qurolli kuchlari Konstantinovka — Vuhledar yo‘lini ushlab turishga harakat qilan ukrain brigadalari mudofaasini buzib o‘tdi.

Keyin esa shahar shimolidagi ikki muhim mudofaa tuguni — «Yujnodonbasskaya-1» va «Yujnodonbasskaya-3» konlari egallandi.

Sentyabr oyida Rossiya qo‘shini Vuhledarga g‘arbdan ham hujum boshlab, Prechistovka qishlog‘ini egalladi. Shu palladan shahar deyarli to‘liq qurshov holatida qola boshladi. Shahar ichkarisida qolgan himoyachilarga ta’minot yetkazib berish uchun birgina yo‘l qolgandi — lekin Bogoyavlenka bilan bog‘lovchi bu yo‘l ham rossiyalik harbiylar tankka qarshi raketa komplekslari bilan ham (ular faqat ko‘rish masofasi yaxshi bo‘lganida samarali) o‘qqa tutishi mumkin bo‘lgan masofada edi. 

Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonligi shunday sharoitda ham Vuhledar himoyachilariga zudlik bilan chekinishga buyruq bermadi: ular shaharda yana bir hafta ushlanib qolishdi. Rossiya qo‘shini 20 sentabr kuni sharqiy tomondan shturm boshladi, 30 sentabr kuni esa shaharning g‘arbiy chekkasiga ham kirishdi. Katta ehtimol bilan bu vaqtga kelib ukrainalik himoyachilar Vuhledarni tark etishga ulgurgandi — har holda Rossiyadagi manbalar 30 sentabr va 1 oktyabr kunlari shahar egallangani to‘g‘risida e’lon qilgan videolarda shaharda ko‘cha janglari kechgani belgilari va asir olingan ukrainlar yo‘q edi. Videolarda rossiyalik askarlar shaharda erkin harakatlanib, ko‘p qavatli binolarga hamda ma’muriy binolarga o‘z bayroqlarini ilib chiqishgani aks etgan.