Jamiyat | 08:32 / 18.09.2021
53590
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston xalq artisti Shuhrat Ergashev vafot etdi

O‘zbekiston xalq artisti, aktyor Shuhrat Ergashev vafot etdi. Bu haqda kinorejissyor Ulug‘bek Yo‘ldoshev xabar berdi.

Shuhrat Ergashev 1945 yilda Toshkentda tug‘ilgan. 1968 yilda Toshkent teatr va rassomchilik institutining aktyorlik fakultetini tamomlagan. Toshkent davlat akademik rus drama teatrida aktyor sifatida ishlagan.

1970 yildan «O‘zbekfilm» kinostudiyasida ish boshlagan. U kino aktyori sifatida Elyor Eshmuhammedovning «Noziklik» (1966) filmida debyut qilgan.

Faoliyati davomida o‘ttizdan ortiq filmlarda rol o‘ynagan: «Dilorom» (Moni), «Qo‘mondonning qaytishi» (Mauser), «U yolg‘iz emasdi» (Akbarov), «Qora konsulning o‘limi» (Jamol Ubaydulla), «Semurg‘» (Sherzod), «Bu yaxshi yigit» (Timur), «Men senga shahar beraman» (haydovchi), «Uchrashuvlar va ajralishlar» (Shuhrat), «Shumbola»(kinochi), «Ilk yo‘lovchilar» (Akbarov) va shular jumlasidan.

1990-yillarda ShuhratErgashev aktyorlik bilan bir qatorda prodyuserlik ishlari bilan ham tanildi. Shu davrdan boshlab u Rossiyada suratga olinayotgan ko‘plab seriallar va filmlarda suratga tushdi. “Boyets”, “Psevdonim “Albanets”, “Znaxar”, “Mech”, “Vysotskiy. Spasibo, chto jivoy” va “Kuba” uning oxirgi filmlaridan.

1989 yilda Shuhrat Ergashevga O‘zbekiston Xalq artisti unvoni berilgan.

Turli xabarlarga ko‘ra, mashhur aktyor Moskva shahrida dafn etiladi.