O‘zbekiston | 19:23 / 01.06.2024
5438
3 daqiqa o‘qiladi

SSV yozda keng tarqaladigan o‘tkir diareyadan ogohlantirdi

O‘tkir diareya – xalq orasida ichburug‘, ich og‘rig‘i, ich ketishi nomlari bilan ataladigan xastalik bo‘lib, ichak yo‘llarining funksional buzilishi hisoblanadi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Yozda turli vitamin va minerallarga boy sarxil mevalar pishib yetiladi. Qolaversa, ushbu faslda aholi, ayniqsa, bolalar o‘rtasida avj oladigan mavsumiy kasalliklar bor. Ulardan biri — o‘tkir diareyadir. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumot berdi.

– O‘tkir diareya – xalq orasida ichburug‘, ich og‘rig‘i, ich ketishi nomlari bilan ataladigan xastalik bo‘lib, ichak yo‘llarining funksional buzilishi hisoblanadi, — dedi Toshkent shahri 4-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori Shahlo Isamuxammedova. – U ichaklarni bo‘shatish va ichning suyuq holatda kelishi bilan kechadi. Ichning kuniga 3-4 martadan ko‘p kelishi o‘tkir diareya deyiladi.

Qayd qilinishicha, kasallikning 2 ta turi bor. Bular infeksion va noinfeksion turlari hisoblanadi. Xastalik kelib chiqishiga ko‘pincha gigiyena qoidalariga rioya qilmaslik sabab bo‘ladi. Qolaversa, ichburug‘ yozning issiq kunlarida ochiq havoda qolgan taom va yeguliklar, jumladan, sut va sut mahsulotlarini iste’mol qilish tufayli yuzaga kelishi mumkin.

Shuningdek, bolalar ko‘chadan uyga kirgach va taomlanishdan avval qo‘llarini sovunlab yuvishni unutadi. Shu bilan birga, ho‘l meva-sabzavotlarni iste’mol qilishdan avval ularni yaxshilab chayish ham doimo hayolga kelavermaydi. Oqibatda og‘iz orqali organizmga tushgan bakteriya va viruslar ichburug‘, dizenteriya, salmonellyoz kabi o‘tkir yuqumli ichak kasalliklarini qo‘zg‘atadi.

Ya’ni organizmdagi bakteriya va viruslar ichak shilliq qavatini yallig‘laydi va ulardan ajralgan toksinlar qonga so‘rilib, butun tanani zaharlaydi. Oqibatda 2 soatdan 2 kungacha bo‘lgan inkubatsion davrda diareyaning ilk belgilari namoyon bo‘ladi.

Qolaversa, ichburug‘ ovqatdan zaharlanish, shuningdek xatarli patologiyalar, xususan, surunkali gepatit, pankreatit va boshqa infeksion-yallig‘lanish kasalliklarining alomati bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari, ayrim dori vositalari hamda sut va sut mahsulotlarida bo‘ladigan laktoza, tabiiy meva, asaldagi va ayrim ichimliklarga qo‘shiladigan fruktoza uglevodlarini iste’mol qilish ham ich ketishiga sabab bo‘ladi.

Bo‘sh, suvli ich kelishi, unda qon bo‘lishi, qorin talvasalari, ya’ni g‘urillashi, og‘rig‘i, dam bo‘lishi, yuqori tana harorati, holsizlik, ko‘ngil aynishi, qusish kabilar kasallikning asosiy belgilari hisoblanadi.

Mavzuga oid