O‘zbekiston | 17:19 / 05.02.2026
3277
2 daqiqa o‘qiladi

Hokimlikka nomzodlar korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha shaxsiy rejasini taqdim etadi

Senatda korrupsiyaga qarshi kurashish va investitsiya muhitini yaxshilashga qaratilgan qonun loyihasi ma’qullandi. Unda hukumat a’zoligiga taqdim etilgan shaxslar va hokim lavozimiga nomzodlar endi o‘z faoliyat dasturi bilan bir qatorda korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha shaxsiy rejasini ham taqdim etishi shartligi belgilangan.

Foto: Senat matbuot xizmati

Senatning navbatdagi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun muhokama qilindi va ma’qullandi.

Qonunda hukumat a’zoligiga taqdim etilgan shaxslar va hokim lavozimiga nomzodlar endi o‘z faoliyat dasturi bilan bir qatorda korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha shaxsiy rejasini ham taqdim etishi shartligi belgilangan. Ta’kidlanishicha, bu rahbar kadrlarning mas’uliyatini oshirishga va halollik tamoyillariga sodiqligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Shuningdek, sud-huquq sohasidagi o‘zgarishlar doirasida da’volarni soddalashtirilgan tartibda ko‘rib chiqish imkoniyatlari kengaytirilmoqda, bu fuqarolar va tadbirkorlar uchun sudga murojaat qilish jarayonini yanada yengillashtiradi.

Qonunda investitsiya muhitini yaxshilashga qaratilgan normalar ham alohida o‘rin egallaydi. Xususan, maxsus iqtisodiy va sanoat zonalarida yuzaga kelayotgan huquqbuzarliklar bo‘yicha mahalliy davlat hokimiyati organlarining sudga davlat boji to‘lamasdan murojaat qilish huquqi belgilangan.

Muhokamalar davomida qonunni ishlab chiqish jarayonida bir qator xorijiy davlatlar tajribasi o‘rganilgani, korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha alohida reja taqdim etish talabi xalqaro amaliyotga to‘liq mos kelishi ta’kidlab o‘tildi.

Senatorlar ushbu qonunning qabul qilinishi xalqning davlatga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga, korrupsiyaga qarshi kurashishda yangi bosqichni boshlashga, sud tizimi samaradorligini oshirishga hamda investorlar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratishga xizmat qilishini qayd etdi. Ta’kidlanganidek, davlat boshqaruvida ochiqlik, shaffoflik va javobgarlikni ta’minlash ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. So‘nggi yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida izchil va tizimli islohotlar amalga oshirilib, mazkur qonun ana shu islohotlarning mantiqiy davomi sifatida ahamiyat kasb etadi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid