O‘zbekiston | 09:00 / 15.05.2026
1002
5 daqiqa o‘qiladi

Davlat xaridlarida raqamli tizim: elektron kooperatsiya portali tadbirkorlarga nima beradi?

Platforma orqali biznes vakillari elektron raqamli imzo (ERI) kaliti yordamida bir necha daqiqada ro‘yxatdan o‘tadi, mahsulotlarini bepul joylashtiradi va avtomatlashtirilgan moderatsiyadan savdoga chiqadi. Mutaxassislarga ko‘ra, portalning asosiy vazifasi xarid jarayonlarini tezlashtirish va mahalliy ishlab chiqaruvchilar ulushini oshirishdan iborat.

Davlat xaridlarida qog‘ozbozlik, uzoq navbat va inson omiliga bog‘liq jarayonlar tadbirkorlar uchun yillar davomida eng katta muammolardan biri bo‘lib kelgan. Endi esa ushbu tizimlarni raqamlashtirish orqali savdo jarayonlarini soddalashtirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash va xaridlarni yanada shaffoflashtirish maqsadida elektron kooperatsiya portali faoliyati kengaymoqda.

Portal vakillariga ko‘ra, bugungi kunda tizimda 90 mingdan ortiq tashkilot ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ular davlat va korporativ xaridlarda onlayn ishtirok etyapti.

“Elektron kooperatsiya portali faoliyati, avvalo, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida yo‘lga qo‘yilgan. Tadbirkorlar platformada elektron raqamli imzo – ERI orqali bir necha daqiqada ro‘yxatdan o‘tishi mumkin. Tizim soliq qo‘mitasi va boshqa tashkilotlar bilan integratsiyalashgani sababli INN, bank rekvizitlari va korxona ma’lumotlari avtomatik shakllanadi”, – deydi portal direktori o‘rinbosari Amirillo Abdusalomov.

Ta’kidlanishicha, platformaga tadbirkor o‘z mahsulotini joylashtirishi uchun qo‘shimcha hujjat to‘ldirishi shart emas. Mahsulotlar sertifikat va davlat standarti hujjatlari asosida tizimga yuklanadi hamda moderatsiyadan o‘tkaziladi.

“Platformada “standart oferta” mexanizmi joriy qilingan bo‘lib, u orqali mahsulotlar inson omilisiz avtomatik tarzda aktiv holatga tushadi. Bu esa noto‘g‘ri ma’lumot kiritish, vaqt yo‘qotish va ortiqcha byurokratiyaning oldini oladi”, – deydi mas’ul.

Hozir portalga kuniga mingdan ortiq oferta va lotlar kelib tushadi. Jarayonlarni tartibga solish uchun elektron navbat tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Har bir tadbirkor o‘z arizasining qaysi o‘rinda turganini shaxsiy kabinet orqali kuzatib borishi mumkin.

Moderatsiya jarayonlari, odatda, bir ish kuni ichida yakunlanadi. Agar hujjatlarda xato yoki kamchilik bo‘lsa, tizim orqali tadbirkorga izoh va tavsiyalar yuboriladi.

“Portal tarkibida bir nechta modullar faoliyat yuritmoqda. Bular orasida elektron katalog, elektron do‘kon, auksion va taklif so‘rovi modullari mavjud. Shuningdek, yaqin kunlarda tender hamda tanlov modullarini ham ishga tushirish rejalashtirilyapti. Hozir ular test rejimida sinovdan o‘tkazilmoqda”, – deydi Amirillo Abdusalomov.

Davlat xaridlari va yirik shartnomalar bilan bog‘liq jarayonlarda eng muhim masalalardan biri – mablag‘lar xavfsizligi. Tizimda kliring mexanizmi joriy qilingan bo‘lib, barcha tranzaksiyalar bank integratsiyasi asosida amalga oshiriladi. Tadbirkorlar har bir to‘lov, hisob-kitob holatini shaxsiy kabinet orqali real vaqt rejimida kuzatib boradi.

Tizim kiberxavfsizlikning bir necha bosqichli tekshiruvlaridan o‘tgan. Serverlar, tarmoqlararo himoya devori (fayrvollar) va boshqa himoya vositalari orqali platforma kiberxujumlardan himoyalangan. Jarayonlarni DevOps mutaxassislari va tizim administratorlari doimiy monitoring qilib boradi”, – deydi kliring bo‘limi rahbari Xurshid Eshonqulov.

Markazda 70 dan ortiq mutaxassis faoliyat yuritmoqda. Koll-markaz operatorlari tadbirkorlardan kelib tushayotgan murojaatlarni qabul qilib, zarur bo‘lsa moderatsiya, kliring yoki texnik bo‘limlarga yo‘naltiradi.

Portalda ro‘yxatdan o‘tish, savdo qilish, shartnoma holatini tekshirish yoki texnik muammolar bo‘yicha tadbirkorlarga telefon va Telegram aloqa xizmatlari orqali yordam ko‘rsatiladi.

Savdo jarayonlari dushanba–juma kunlari soat 09:00 dan 18:00 gacha amalga oshiriladi. Bayram va dam olish kunlari esa savdolar o‘tkazilmaydi.

Portalning ishonch telefoni: 71 203-25-55.

Reklama huquqi asosida

Фазлиддинбек Раҳмоналиев
Tayyorlagan Фазлиддинбек Раҳмоналиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish