Jamiyat | 20:31 / 23.10.2019
113913
7 daqiqa o‘qiladi

«Shum bola»dagi Omon bilan suhbat. U nega san'atni tark etgan?

O‘zbek san'atida birgina qo‘shig‘i yoxud filmdagi roli orqali tomoshabinlar yodida qolgan, ammo keyinchalik turli omillar sabab boshqa kasb etagini tutganlar ko‘plab topiladi.

Kun.uz ana shunday insonlarni izlab, ular bilan suhbat uyushtirish maqsadida yangi «Unutilayotgan chehralar» loyihasini boshlashga qaror qildi.

Ilk mehmonimiz 44 yil avval kinorejissyor Damir Salimov tomonidan suratga olingan,  haqli ravishda tomoshabinlar ko‘ngil mulki va o‘zbek kinosining oltin fondidan o‘rin egallagan «Shum bola» badiiy filmidagi Omon roli ijrochisi, 56 yoshli Saidkarim Saidoripov bo‘ldi.

– Saidkarim aka, tahririyatimizga xush kelibsiz. Sizni topish va aloqaga chiqish biroz qiyin kechdi. Hozir texnika asri bo‘lishiga qaramay, qo‘l telefon tutmasligingizning boisi nima?

– Taklif uchun sizlarga ham rahmat. Nega telefon ishlatmasligimning sababini ko‘pchilik so‘raydi. Lekin telefonda gaplashgani odam yo‘q (kuladi). Diydorlashib, suhbatlashgisi kelgan o‘rtoqlarimning o‘zi uyimga kelishadi. Jurnalistlar esa ukam, jiyanlarim orqali izlab, topishadi. Ko‘p yildan beri telefon tutmayman va bu meni o‘ylantirmaydi ham.

– «Shum bola»ga kelib qolishingiz va Omon roliga tayinlanishingiz qanday kechgan?

– 1975 yili bolalar gazetasida Qoravoy roli uchun tanlov e'lon qilingan. Maktabda ustozimiz Vasila Olimxonova o‘quvchilar o‘rtasida kichik sinov tashkil etgan va men g‘olib bo‘lganman. Shundan keyin ular meni «O‘zbekfilm»ga olib borgan. U yerda respublikaning turli hududlaridan kelgan minglab bolalar qatori kino sinovda qatnashganman. Saralangan ishtirokchilardan oxirida Abdurayim Abduvahobov ikkimiz qolganmiz.

Ko‘pchilik bilsa kerak, avvaliga bosh rolga meni tasdiqlashgan. Keyinroq Qoravoy roli Abdurayimga topshirildi.

– O‘shanda necha yoshda edingiz?

– 12ga kirgandim, 1975 yil edi.

«Shum bola» badiiy filmidagi Omon roli ijrochisi Saidkarim Saidoripov

- Syomka jarayonlari qayerda bo‘lib o‘tgan?

- Film Isfara, Andijon va Toshkentdagi Chaqar, Sag‘bon mahallalarida suratga olingan. Biroq qancha gonorar olganim yodimda yo‘q.

– Film omma e'tiboriga havola etilgach, maktab va mahalla-ko‘yda ancha mashhur bo‘lib ketganingiz shubhasiz.

– Albatta. Lekin kino bir, ikki yildan so‘ng efirga uzatilgan. Meni syomka maydonchalariga Ergash Karimov mashinada olib ketardi. Film ekranlarda namoyish qilinishini o‘zim qatori maktabdagilar, qarindosh-urug‘lar, tanish-bilishlar sabrsizlik bilan kutganmiz. Ancha shov-shuv bo‘lganimni hech unutmayman.

– Omon roli ijrochisi ekaningizni ko‘pchilik biladimi?

– «Shum bola»da rol o‘ynaganimni qo‘shnilar, qarindoshlar va mahalladagi keksalar bilishadi xolos.

«Shum bola» badiiy filmidan kadr

– Filmni hozir televizorda ko‘rib qolsangiz, qalbingizda qanday hislar kechadi?

– Beixtiyor bolaligim jonlanadi ko‘z oldimda. Juda sho‘x va o‘yinqaroq edim. Bola bo‘lganim uchunmi, menga filmdagi voqealar xuddi hayotda bo‘layotgandek tuyulgan.

Hozir film ekranda qo‘yilsa, uydagilar darrov yig‘ilishadi va filmni birga ko‘ramiz. Takror tomosha qilishdan zerikmaymiz. Ularni qiziqtirgan savollariga javob qaytaraman. Omon roli men uchun faxr, g‘urur hisoblanadi. Milliy kinomiz durdonalari qatoridan munosib o‘rin olgan mazkur kinoasarda suratga tushganimga doim shukr qilaman.

- «Shum bola»dagi aktyorlar, xususan, Abdurayim Abduvahobov bilan hozir munosabatlaringiz qanday?

- Juda kam ko‘rishamiz. U san'atni tanlagan, men tadbirkorman. Ularning barchasi san'at darg‘alari bo‘lib ketishdi, men esa kichik rol o‘ynaganman xolos.

– Uch, to‘rt yil avval sizni vafot etdi, degan xabarlar tarqalgandi. Ammo bu mish-mish bo‘lib chiqdi.

– Ko‘rib turganingizdek, soppa-sog‘man (kuladi). O‘shanda «Darakchi» gazetasida «Shum bola» to‘g‘risida maqola chiqqan va unda filmda rol o‘ynagan marhum aktyorlar qatorida mening ham ismimni ta'kidlab o‘tishgan.

Bundan xabar topgach, darhol gazeta xodimlariga tirikligim haqida xabar berganman. Nazarimda, rejissyor va san'atkorlar nazaridan chetdaligim tufayli jurnalistlar shunday fikrga borishgandir.

– Nega keyinchalik san'at sohasidagi faoliyatingiz davom etmadi?

– 15 yoshimda rejissyor Shuhrat Abbosovning «Olovli yo‘llar» filmida qatnashdim. Lekin biror kasbni tanlab, katta hayotga qadam qo‘yish arafasida ota-onam kinolarda suratga tushishimga jiddiy qarshilik ko‘rsatishdi. Tanlovimni qo‘llab-quvvatlamay, iqtisodchi bo‘lishimni istashdi.

1980-1985 yillar sobiq Toshkent davlat universitetining falsafa-iqtisod fakulteti siyosiy iqtisod yo‘nalishida o‘qidim. O‘z soham bo‘yicha bir qancha tashkilotlarda ishladim. Ayni paytda esa tadbirkorman.

«Shum bola» badiiy filmidan kadr

– Shaxsiy hayotingiz borasida ham ikki og‘iz gapirib o‘tsangiz?

– Bu haqda gapirishni istamayman...

– Bugungi o‘zbek kinolarini kuzatasizmi?

– Ayrim paytlarda ko‘raman. Eski filmlarning yo‘nalishi boshqacha edi. Keyin kinolar yillab suratga olinardi. Hozir bir oyda tayyorlanyapti, mazmunan sayoz.

– Suhbatimiz davomida juda ham kam gap ekanligingizga amin bo‘ldik.

– Ancha yil oldin yurak xastaligidan aziyat chekkanimdan keyin ko‘p gapirmayman. Kamgapligimni ko‘pchilik aytadi.

– Qanday oilada tug‘ilib, ulg‘aygansiz?

– Dadam haydovchi edi, onam boshchiligida biz o‘g‘il-qizlar gulchilik qilardik. Yetti farzandning beshinchisiman.

Mirolim ISAJONOV suhbatlashdi.

Mavzuga oid