O‘zbekiston | 09:27 / 12.12.2020
5922
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonga Xitoydan 30ta elektrovoz olib kelinadi

Shu kunlarda Xitoydan O‘zbekistonga zamonaviy va yuqori quvvatga ega bo‘lgan yuk va yo‘lovchi lokomotivlarining birinchi partiyalari olib kelinmoqda. Mazkur jarayon Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida «Lokomotivlarni sotib olish yo‘li bilan lokomotivlar parkini yangilash» loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda, deyiladi «O‘zbekiston temir yo‘llari» xabarida.

Qayd etilishicha, hammasi bo‘lib mamlakatga 30ta zamonaviy elektrovozlar va ular uchun kerakli bo‘lgan ehtiyot qismlarni olib kelish rejalashtirilgan. Yangi olib kelinayotgan lokomotivlar yo‘lovchi va yuk tashish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, murakkab tog‘li hududlarda og‘ir yuklarni tashish quvvatiga ham ega. Elektrovozlar ekologik xavfsizlik jihatidan xalqaro talablarga javob beradi va asinxron tortish elektr dvigatellari bilan jihozlangan. Lokomotivlarda qo‘llaniladigan zamonaviy texnologiyalar elektr energiyasini tejash bilan birga, yoqilg‘i sarfini kamaytirish imkonini beradi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda «Lokomotivlar parkiga 24 dona lokomotiv sotib olish yo‘li bilan yangilash» loyihasini amalga oshirish ko‘zda tutilgan. 2017 yil 27 fevralda Vazirlar Mahkamasi tomonidan Osiyo taraqqiyot banki (OTB)ning qarz mablag‘larini jalb qilish bilan O‘zbekiston va OTB o‘rtasidagi hamkorlik dasturi doirasida «Lokomotiv parkini yangilash» loyihasini amalga oshirish ma'qullandi. 2019 yil 30 avgustda OTB bilan loyiha uchun 170 million AQSh dollari miqdorida kredit shartnomasi imzolandi.

2019 yil 17 iyulda bo‘lib o‘tgan xalqaro tender natijalari bo‘yicha CNTIC-CRRC-DRLOCO konsorsiumi bilan ikkita kuzovli 24ta elektrovozni (16ta yuk va 8ta yuk-yo‘lovchi) olib kelish bo‘yicha 134,6 million AQSh dollari miqdorida shartnoma imzolandi. Elektrovozlarni shartnomaga muvofiq yetkazib berish muddati 2021-2022 yillarda amalga oshirish belgilandi. 

Shu bilan birga, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJning yuk elektrovozlariga bo‘lgan ehtiyojini hisobga olgan holda, 2020 yil yanvar oyida Moliya vazirligi va «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ loyihaga ajratilgan summadan tejalgan 35,37 million AQSh dollar evaziga OTBga qo‘shimcha 6ta elektrovoz va ehtiyot qismlarni olib kelish bo‘yicha qo‘shimcha bitim imzolashni ma'qullash to‘g‘risida murojaat qildi. OTB ushbu talabni 2020 yil fevral oyida ma'qulladi.

Shu kunlarda loyihada belgilangan elektrovozlarning birinchi partiyasi, ya'ni 3ta yuk va 1ta yuk-yo‘lovchi lokomotivi hamda ularning ehtiyot qismlari olib kelindi. Joriy yilning 9 dekabr kuni ularning biri (ikki seksiyali yuk lokomotivi)da tegishli sozlash ishlari yakunlangach, sinov ishlari boshlandi. Yaqin kunlarda yangi elektrovozlarning ikkinchi partiyasida yana 5 dona (3 yuk va 2 yuk-yo‘lovchi) elektrovozni olib kelish kutilmoqda. 2020 yil oxiriga qadar elektrovozlarning uchinchi partiyasini, ya'ni 3ta yuk elektrovozni olib kelish rejalashtirilgan. 2021 yilda qolgan 13ta yuk va 5ta yuk-yo‘lovchi elektrovozlar olib kelinadi.

Mavzuga oid