Jamiyat | 19:41 / 01.02.2017
14601
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbek Milliy akademik drama teatrining muzeyi qayta tashkil qilindi

O‘zbek Milliy akademik drama teatrida mazkur jamoa tarixi va ijod yo‘li, atoqli san'at namoyandalari tomonidan sahnalashtirilgan hamda ijro etilgan asarlar, amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida hikoya qiluvchi muzey tashkil qilindi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va sport ishlari vaziri B.Ahmedov, O‘zbek Milliy akademik drama teatri direktori F.Ma'sudov va boshqalar mamlakatimizda mustaqillik yillarida madaniy-ma'rifiy sohada, jumladan, teatr sohasini rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilganini ta'kidladi. 

2014 yilda teatrning yuz yillik yubiley to‘yi nishonlandi, ijodiy jamoa vakillari davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlandi.

So‘nggi yillarda sahnalashtirilgan Hamid Olimjonning «Semurg‘», Uyg‘un va Izzat Sultonning «Alisher Navoiy», Izzat Sultonning «Imon», Maqsud Shayxzodaning «Mirzo Ulug‘bek», O‘lmas Umarbekovning «Kuzgi maktublar», Chingiz Aytmatovning «Momo yer» kabi asarlari tomoshabinlar tomonidan yuqori baholandi.

– Muzeyimiz qaytadan qisqa muddat – uch oy ichida tashkil qilindi, – deydi O‘zbek Milliy akademik drama teatri muzeyi direktori Gulnora Sodiqova. – Bu yerda 1914 yildan bugungi kunga qadar teatr hayotidan hikoya qiluvchi fotoasarlar, turli rollarni talqin etgan san'atkorlar obrazlari o‘rin olgan. Muzeyimiz beshta bo‘limdan iborat bo‘lib, yillar kesimida taqsimlanadi. Kelajakda eksponatlar sonini yanada ko‘paytirish, qo‘yiladigan asarlar ko‘lamini kengaytirishni maqsad qilganmiz.

O‘zbek Milliy akademik drama teatri muzeyidan teatr faoliyatidagi unutilmas tarixiy voqealarni aks ettiruvchi videolavhalar ham o‘rin olgan.

 

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid