Jahon | 13:10 / 06.07.2025
7921
6 daqiqa o‘qiladi

Olti muloqot, natija nol. Ukraina yolg‘iz qoladimi?

AQSh va Rossiya prezidentlari o‘rtasida olti marta telefon orqali muloqot o‘tkazilgan bo‘lsa-da, Ukraina bo‘yicha aniq natijaga erishilmagani global siyosatda savollar uyg‘otmoqda. Bu holat Donald Trampning vositachilik roliga, G‘arbning izolyatsiya siyosatiga va AQShning harbiy-iqtisodiy salohiyatiga oid muhim muammolarni yuzaga chiqarmoqda. «Geosiyosat»da ekspertlar ikki yetakchi atrofidagi suhbat va Ukrainaga yordam masalasi yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

— Nega AQSh va Rossiya prezidentlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan 6 martalik telefon suhbatidan keyin ham Ukraina bo‘yicha «hech qanday muvaffaqiyat» kuzatilmadi?

— Jahongir Akramov: Qaysidir ma’noda Donald Tramp Putinni diplomatik izolyatsiyadan olib chiqdi. U G‘arb diplomatiyasining 2022 yildan beri amalga oshirib kelingan yakkalash siyosatini nolga tenglashtirdi. Shuningdek, tomonlar olti marta suhbatlashib ham natijaga erisha olmagan ekan, keyingi eskalatsiyaga tayyormi degan savolni yuzaga keltiradi.

Aynan ehtimoliy yettinchi suhbat natija berishi uchun Donald Tramp iqtisodiy yoki harbiy-siyosiy eskalatsiyaga yo‘l qo‘yib, sanksiyalar, turli vositalar bilan Rossiyani majbur qilish yo‘liga o‘ta olishi kerak. Hozirgi holatda Trampning Zelenskiy va Putinga nisbatan munosabatlari ikki xilligi uning real vositachi roliga ham putur yetkazyapti. Ya’ni Ukrainaga qurol yetkazishni to‘xtatish va Rossiyaga nisbatan hech qanday amaliy bosim yo‘qligi buning isboti.

Ikkinchidan, hozirgi Rossiya rahbariyati Tramp eskalatsiyaning keyingi bosqichiga tayyor emasligi, Bayden davridagi kabi qarorlar qabul qilolmasligini anglab turibdi. Bir yil avval Ukraina Yevropa Ittifoqiga ham qo‘shilishiga qarshi emasmiz, degan bayonotlar bildirgan Rossiya hozirgi vaqtda kerak bo‘lsa, neytral, umuman hech qanday ittifoqqa qo‘shilmaslik talablarini ham ko‘tarish ehtimoli yuqori bo‘lib turibdi.

Buning ustiga Pentagonning Ukrainaga Patriot tizimlari uchun raketalarni yetkazib berishni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qarori – Rossiyaning yozgi katta yurishiga motivatsiya beradi. Bu holat AQShning Yevrosiyodagi strategik imkoniyatlariga katta zarba bo‘ladi, deyish mumkin. Chunki hozirgi vaziyat – 1945 yildan beri AQSh tomonidan taklif qilingan xavfsizlik arxitekturasini juda katta so‘roq ostiga solib qo‘yyapti. G‘arb davlatlari Trampning barcha talablarini deyarli bajaryapti, masalan, NATOni moliyalashtirish masalasida YaIMning 5 foizigacha oshirishga rozi.

— Hamza Boltayev: G‘arb davlatlari moliyalashtirishining o‘zi bilan jang maydonidagi masala hal bo‘lib qolmaydi. Hozirda Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi ishlab chiqarish salohiyati yildan yilga kamayishi harbiy salohiyatga juda katta ta’sir ko‘rsatdi.

Ishlatilgan qurol-yarog‘larni, hujum va himoya raketalari vositalarini o‘rniga qo‘yib qo‘yish yoki strategik zaxiralar kamayishi – bu eng katta masala. Undan tashqari, bu masala hozirgi kunda Isroil uchun ham muhim. Shu sababli bir paytning o‘zida ham Isroilga, ham Ukrainaga yoki Uzoq Sharqdagi Xitoyni tiyib turish uchun, Xitoy atrofidagi davlatlarga harbiy jihatdan ko‘mak berish uchun Amerika Qo‘shma Shtatlarining harbiy salohiyati, ishlab chiqarish salohiyati va iqtisodiy salohiyati yetarli darajada emas.

Trampning tashqi siyosatini ko‘pchilik tanqid qiladi, lekin ba’zi xatti-harakatlarida strategik aniqlikni ko‘rishimiz ham mumkin. Birinchi bo‘lib Tramp ma’muriyati strategik idealizmdan strategik realizmga o‘tdi. Chunki u Amerika Qo‘shma Shtatlarining qudratini to‘g‘ri baholayapti. Jon Kennedi prezidentligi paytida Amerika Qo‘shma Shtatlari deyarli uch frontda urush olib borishi mumkin deb baholangan. Ya’ni 1960-yillarda Uzoq Sharqda (Koreya urushi va Vetnam urushi) hamda bir paytning o‘zida Yevropa sahnasida sovet ittifoqiga qarshi va yana bir ehtimoliy frontda AQSh manfaatlariga zid keladigan holat bo‘lsa, o‘sha nuqtada urush olib borish salohiyati bo‘lgan. Lekin hozirgi voqealar bir paytning o‘zida bir frontda urush olib borish yoki uni qo‘llab-quvvatlash uchun ham sanoat imkoniyatlari yo‘qligini ko‘rsatyapti.

— Kamoliddin Rabbimov: AQSh yaqin tarixda 2001 yilda Afg‘onistonga kirib keldi, 2003 yil martida Iroqqa kirib kelganida va uzoq muddat ikkita frontda ko‘proq partizanlik urushida qatnashdi. Aslida partizanlik urushi davlatlar uchun juda ham holsizlantiruvchi urush, chunki zarba qaysi tomondan kelishini bilmaysiz va tinch aholiga qarata o‘q ota olmaysiz.

Men kuzatgan yoki men o‘qigan ma’lumotlarga ko‘ra, Amerikaning qurol-yarog‘i bo‘yicha strategik zaxirasi bor, lekin bu zaxiralar Xitoyga atalgan va unga tegib bo‘lmaydi. Shu bilan birga, Ukrainaga atalgan raketalar Yaqin Sharqdagi bugungi vaziyat sabab Isroilga berilyapti.

Amerikada juda ham katta qurol-aslaha taqchilligi bor desak, bu aslida noto‘g‘ri baho bo‘lishi mumkin. Lekin mana, 2023 yilning 7 oktyabrida HAMAS-Isroil o‘rtasida mojaro boshlangach, Ukrainaga berilishi kerak bo‘lgan qurol-aslahalarning hammasi Isroilga tashlangandi. Shuning uchun ham Ukrainaning hujum qilish salohiyati birdaniga tushib ketdi. Chunki tayyor turgan qurol-aslahalar Ukrainaga berilishi kerak edi. Ularning ba’zilari qaytarib olindi va Isroilga berildi.

Shuningdek, suhbatda hafta davomida sodir bo‘lgan boshqa eng muhim mavzular ham muhokama qilindi.

Suhbatni to‘liq shaklda YouTube platformasida tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid