Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Sport | 20:57 / 11.05.2015
2908
6 daqiqa o‘qiladi
Andres Inesta 31 yoshni qarshiladi
Xabardor.uz: Bugun, 2015 yil 11 may kuni "Barselona" futbolchisi, 3 karra Chempionlar ligasi, 2 bora Yevropa chempioni hamda bir marta jahon chempioni unvonlariga erishgan Andres Inesta 31 yoshni qarshiladi. Shu munosabat bilan Xabardor.uz sayti futbolchi haqidagi 31ta qiziqarli ma'lumotni e'tiboringizga havola etadi.
- Andres 1984 yil 11 mayda Ispaniyaning Fuentealbilya qishlog‘ida tug‘ilgan.
- Futbolchining bo‘yi 170 sm, og‘irligi 65 kg.
- Jamoasi: “Barselona”. Raqami: 8
- Uning ota-onasi futbolga aloqador bo‘lmagan. Ular kichik restoranda ofitsiantlik qilishgan.
- Andres yoshligida otasi uch oy ishlab topgan puliga olib bergan oyoq kiyimini saqlab qo‘ygan.
- Futbolchining ikki buvasining ismi ham Andres bo‘lgan.
- Inesta ilk professional shartnoma imzolagan puliga onasiga uy olib bergan, otasiga esa ishlamaslik uchun imkon yaratgan.
- Futbolchi yoshligida “Real Madrid” jamoasiga muxlislik qilgan.
- Inesta “Barselona” maktabiga 1996 yil sentabrda, 12 yoshida kelib qo‘shilgan.
- 2001 yilda 17 yoshlik futbolchini o‘sha vaqtlardagi jamoa bosh murabbiyi Serra Ferrer asosiy tarkib bilan mashg‘ulot o‘tkazishga chaqirgan. Yosh o‘yinchi asosiy tarkib futbolchilarining kiyim almashtirish xonasini topa olmagan hamda murabbiy hazillashdi deb o‘ylagan. Xafa bo‘lgan futbolchi uyga qaytib ketayotgan vaqtda uni Luis Enrike (jamoaning hozirgi bosh murabbiyi) ko‘rib qolib, mashg‘ulotga qaytargan.
- Birinchi mashg‘ulotdan so‘ng Pep Gvardiola Inesta haqida shunday degan: “Bir kun biz bu daqiqalarni eslaymiz va biz bilan Andres Inesta mashg‘ulot o‘tkazgan deb maqtanamiz. U jamoada mening o‘rnimni egallaydi”

- U “kataloniyaliklar” safida 18 yoshida debyut uchrashuvini o‘tkazgan.
- “Barselona”ning sobiq murabbiyi Frank Raykaard Inesta haqida gapirarkan: “U to‘p uzatishlarni shunday osonlik bilan amalga oshiradiki, xuddi bolalarga shirinlik ulashganday. Ba'zan u darvozadan tashqari maydonning istalgan qismida harakatlana oladi deb o‘ylab qolaman”.
- Terma jamoadagi debyut uchrashuvini 2006 yil 15 mayda Rossiyaga qarshi kechgan o‘rtoqlik uchrashuvida o‘tkazgan.
- Yevro-2008 musobaqasida u 6ta uchrashuvda maydonga tushib, 2ta gollik uzatmaga mualliflik qilgan.
- Inesta o‘zining hatto Ispaniyada ham mashhur emasligini haqida hazillashib shunday deydi: “2010 yilgi jahon chempionatini boshlanishidan oldin, tamaddi qilayotgan edim. Shunda yonimga bir ayol yaqinlashdi. Men dastxat berish yoki suratga tushishga tayyorlanayotgan edim. Shunda ayol “Iltimos, menga bitta kola” degan”, - deydi futbolchi.
- Inesta o‘z faoliyatidagi eng muhim vaqtda ham vafot etgan do‘sti, “Espanol” futbolchisi Dani Xarkeni unutmagan. U 2010 yilgi jahon chempionati finalida Gollandiya darvozasiga “oltin” gol urgach, futbolkasidagi yozuvni ko‘rsatdi. U yerda “Dani Xarke doimo biz bilan” degan so‘zlar bitilgan edi va bu “Barselona” hamda “Espanol” futbolchilari orasidagi janjalli holatlarga yakun yasadi.

- Uning sevimli taomi – kartofelli jo‘ja.
- Inesta 2012 yil 8 iyulda Anna Ortizga uylangan. Ularning Valeriya ismlari qizi bor.

- Futbolchining to‘yiga “Real” sardori Iker Kasilyas ham tashrif buyurgan.
- Andres o‘zi o‘ynagan 6ta yirik musobaqalardagi finalning barchasida g‘alaba qozongan. (Chempionlar ligasi 2006, 2009, 2011. Yevropa chempionati 2008, 2012. Jahon chempionati 2010.)
- Inesta 2012 yilgi Yevropa chempionatining eng yaxshi o‘yinchi nomiga sazovor bo‘lgan.
- 2012 yilda u UYeFA tomonidan Yevropaning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan.

- 2013 yilda futbolchi o‘zining yoshlikdagi jamoasi “Albasete”ni Ispaniyaning 4-ligasiga tushib ketishdan saqlab qoldi. Klub 240 ming yevro miqdordagi qarz sababli quyi divizionga tushirilib yuborilishi kerak edi. Biroq Andres klub hisobiga 420 ming yevro pul o‘tkazdi hamda jamoani o‘z ligasida saqlab qoldi.
- Shuncha yutuqlarni qo‘lga kiritganiga qaramay, futbolchi juda kamtar. Hattoki, navbatdagi “El Klasiko” bahsidan so‘ng, Inesta Pepe bilan do‘st bo‘lishi mumkinligini ta'kidlagan.
- Andres kamgapligi sababli u haqida shunday hazil yuradi: “Inesta 10ta jurnalist qarshisida 10ta italyan futbolchisi qarshisidagi vaqtdan ko‘proq hayajonlanadi”. Hatto “Real” sobiq bosh murabbiyi Del Boske ham hazil tariqasida “Inesta o‘z yutuqlariga butsaning to‘pga tegadigan vaqtda chiqadigan ovozdan ham sekinroq shovqin bilan erishgan”.

- Futbolchi uchun eng yaxshi dam olish joyi bu o‘zi tug‘ilib o‘sgan Fuentealbilya hisoblanadi.
- 2014 yilda Andres futboldagi yutuqlari uchun 28 yoshdan oshgan o‘yinchilarga beriladigan “Golden Foot” mukofotini qo‘lga kiritdi.
- Inesta 2014 yilning FIFA tomonidan 2014 yilning eng yaxshi yarim himoyachilari qatoriga kiritilgan.
- Mashhur futbol boshlovchisi Vasiliy Utkin Inestaning o‘yini shunday ta'riflagan: “Inesta haqiqiy maydonda o‘zining FIFA simulyatoridagi ko‘rinishidan yaxshiroq harakatlanadigan o‘yinchi hisoblanadi”.
- So‘ngso‘z o‘rnida Andres Inesta o‘zining futbolchilik faoliyatida kiritgan eng yaxshi 15ta golni e'tiboringizga havola etamiz.