O‘zbekiston | 11:03 / 13.05.2015
7401
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston harbiy salohiyat bo‘yicha jahonda 54-o‘rinni egallab, mintaqada birinchi natijani ko‘rsatdi

Global Firepower tashkiloti mamlakatlarning harbiy salohiyati bo‘yicha reytingni e'lon qildi. Ro‘yxatdan 126 mamlakat o‘rin olgan.
Tadqiqotchilar ushbu reytingni tuzish uchun 50ta omilni tahlildan o‘tkazib, shu asosda har bir davlatning harbiy salohiyatini aniqlashga harakat qilgan. Harbiy xizmatga layoqatli aholi soni, harbiy texnika miqdori, geografik joylashuv, iqtisodiy imkoniyatlar shular jumlasidandir.
Reytingda O‘zbekiston 54-o‘rinni egalladi. Bu mintaqa davlatlari orasida birinchi ko‘rsatkichdir. Qozog‘iston 66, Qirg‘iziston 78, Tojikiston 81, Turkmaniston 90, Afg‘oniston 102-o‘rinni egalladi.
Reytingga keltirilgan izohlarda aytilishicha, O‘zbekistonda harbiy xizmatga layoqatli aholi soni 13 311 936 kishini tashkil qiladi. Bunda aholi soni haqidagi eskirgan ma'lumotlarga tayanilgan (28 929 716). Bundan tashqari, tanklar soni 420ta, harbiy mashinalar soni 715ta, raketa-zenit tizimlari 109ta ekanligi ma'lum qilingan.
Ro‘yxatda birinchi o‘rinni AQSh egallab turibdi. Undan keyingi pog‘onalarga Rossiya, Xitoy, Hindinston, Buyuk Britaniya munosib ko‘rilgan. Shuningdek, kuchli o‘nlikka Fransiya, Shimoliy Koreya, Germaniya, Yaponiya va Turkiya kirgan.