Jamiyat | 16:54 / 19.05.2015
5285
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali o‘ninchi bor o‘tkaziladi

Bu yil Samarqandda “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali o‘ninchi bor o‘tkaziladi

1997 yildan buyon har ikki yilda muntazam o‘tkazib kelinayotgan mazkur san'at anjumani dunyo xalqlarining milliy musiqa va qo‘shiqchiligi an'analarini asrab-avaylash va rivojlantirish, tili, madaniyati, urf-odatlari turlicha bo‘lgan millat va elatlarni san'at vositasida birlashtirish hamda ularni go‘zallik, nafosat va ezgulikka da'vat etishga xizmat qilayotir. Buni festivalda yer yuzining barcha qit'alaridan vakillar qatnashayotgani va ularning safi yil sayin kengayib borayotganida ham ko‘rish mumkin. Xususan, birinchi “Sharq taronalari”da 31 mamlakat vakillari Registon maydonidagi sahnada o‘z milliy san'atini namoyish etgan bo‘lsa, 2013 yildagi to‘qqizinchi festivalda 56 davlatdan musiqa va san'at namoyandalari qatnashdi. Umuman, shu paytga qadar dunyoning to‘qsonga yaqin davlatidan xonanda va sozandalar, badiiy jamoa va ansambllar, musiqashunos olimlar festival ishtirokchisi bo‘ldi.

Ayni paytda Samarqandda mustaqillikning yigirma to‘rt yilligi arafasida o‘tkaziladigan “Sharq taronalari” o‘ninchi xalqaro musiqa festivaliga tayyorgarlik boshlandi. Festivalga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha Samarqand viloyati hokimligi ishchi guruhi tarkibi va tadbirlar rejasi tasdiqlandi.

Festival ishtirokchilari va mehmonlarini kutib olish va mehmonxonalarga joylashtirish, ularga yuqori sifatli zamonaviy servis xizmati ko‘rsatish, gid-ekskursovod va tarjimonlar tayyorlash, viloyat bo‘ylab sayohatlar tashkil etish kabi muhim masalalar yuzasidan aniq vazifalar va ularni amalga oshiruvchi mas'ullar belgilangan. Ayni paytda mutasaddi idoralar tomonidan dastlabki yumushlar boshlab yuborildi.