Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tarixiy g‘alaba. Javohir Sindorov Nomzodlar turniri g‘olibi!
O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindorov muddatidan oldin Nomzodlar turniri g‘olibiga aylandi. U 13-tur yakuniga ko‘ra 9,5 ochko jamg‘arib, amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommaraju bilan shaxmat toji uchun bahslashish huquqini qo‘lga kiritdi.
Foto: Michal Walusza / FIDE
Yaqqol ustunlik
O‘zbekistonlik shaxmatchi Javohir Sindorov Kiprda bo‘lib o‘tayotgan 2026 yilgi Nomzodlar turnirida muddatidan oldin g‘olib bo‘ldi.
Dunyoning sakkiz nafar kuchli shaxmatchilari ishtirok etayotgan turnir davomida o‘zbekistonlik 20 yoshli shaxmatchi birinchi o‘rindan pastga tushmadi. U birinchi davrada rossiyalik Andrey Yesipenko, hindistonlik Rameshbabu Pragnanadha, amerikalik Fabiano Karuana va Hikaru Nakamura hamda xitoylik Vey I ustidan qozonilgan g‘alabalardan keyin turnirning yaqqol favoritiga aylangandi.
E’tiborli tomoni, u aksariyat partiyalarda raqiblarining yurishlarini oldindan topish orqali vaqt borasida katta ustunlikka erishdi va ularni endshpilda ilojsiz holatda qoldiraverdi.
Ikkinchi davrada u azaliy raqibi hisoblangan Rameshbabuni yana bir bor mag‘lub etdi va shundan keyin uning chempionligiga deyarli hech kimda shubha qolmadi.
O‘zbekistonlik shaxmatchi turnir jadvalida raqiblaridan o‘zib ketganidan keyin tavakkalchilikdan tiyilib, asosiy e’tiborini natijaga qarata boshladi va kerakli duranglar orqali masofani ushlab turdi.
13-tur arafasida esa unda muddatidan oldin chempionlikni rasmiylashtirish imkoniyati yuzaga keldi. U bu vaqtga kelib 12 imkoniyatdan 9 ochko jamg‘argan va ikkinchi o‘rindagi Anish Giridan ikki ochkoga oldinda edi. O‘zaro bahsda durang ham chempionlik uchun kifoya qilardi.
Sindorov qora donalarda o‘ynaganiga qaramay, qariyb to‘rt soatga cho‘zilgan partiyada ishonchli himoyalandi. Aksar sipohlar almashib yuborilganidan so‘ng o‘yin texnik jihatdan murakkab bo‘lgan ruxlar ishtirokidagi endshpilga o‘tdi va yakunda Girida durangga rozi bo‘lishdan boshqa chora qolmadi.

Sindorov esa g‘alabaga teng durangdan keyin chempionlikni muddatidan oldin rasmiylashtirdi. Endi so‘nggi tur natijalaridan qat’i nazar hech kim unga yetib ololmaydi.

Rekordlar
10-turda Rameshbabu ustidan qozonilgan g‘alaba Sindorov uchun turnirdagi 6-g‘alaba bo‘ldi va bu ikki davrali turnirning zamonaviy formati uchun rekord natijaga aylandi.
Bunga qadar turnir tarixida hech bir shaxmatchi 6 g‘alabaga erishmagandi.
Avvalroq Magnus Karlsen, Yan Nepomnyashiy va Fabiano Karuana kabi boshqa nomdor grossmeysterlar bir turnirda ko‘pi bilan 5 ta partiyada g‘alaba qozongandi. Sindorov esa bu natijani 10-turga keliboq yangilashga muvaffaq bo‘ldi.
Shuningdek, 13 tur davomida 6 g‘alaba va 7 durang qayd etgan Sindorov hozircha 9,5 ochko jamg‘ardi. U bu orqali 2022 yilda 14 imkoniyatdan 9,5 ochko jamg‘argan rossiyalik Yan Nepomnyashiyning ochkolar bo‘yicha rekordini takrorladi.
Lekin Sindorov uchun turnir hali yakunlanmadi. Bugun u xitoylik Vey I bilan o‘yinda durang qayd etsa ham, 14 imkoniyatdan 10 ochko jamg‘argan holda turnirning mutlaq rekordini o‘rnatadi.
Bundan tashqari, turnirdagi natijalari evaziga Sindorov jahon reytingida 11-o‘rindan beshinchi o‘ringacha ko‘tarildi va o‘zbekistonlik boshqa bir shaxmatchi Nodirbek Abdusattorovdan keyingi o‘ringa joylashdi. Endi jahonning eng kuchli besh shaxmatchisidan ikki nafari O‘zbekiston vakillari bo‘lib turibdi.
O‘zbekiston shaxmatida yangi sahifa
Aytish mumkinki, Javohir Sindorov O‘zbekiston shaxmati tarixida yangi sahifa ochdi. 2025 yilda 19 yoshida Jahon kubogining eng yosh sohibi bo‘lgan shaxmatchi endi Nomzodlar turnirida g‘olib chiqqan ilk o‘zbekistonlikka aylandi.
Bungacha faqat Rustam Qosimjonov 2004 yilda FIDE versiyasi bo‘yicha jahon chempioni unvoniga ega bo‘lgandi, ammo saralash formati o‘sha paytda boshqacha bo‘lgan.
Kiprdagi turnir eski gvardiya uchun o‘zini ko‘rsatishning so‘nggi imkoniyati sifatida qaralgan edi. Biroq amerikalik Fabiano Karuana va Hikaru Nakamura jiddiy qarshilik ko‘rsata olmadi. Bu esa dunyo shaxmat elitasida yosh avlodning hukmronligi boshlanganini yana bir bor isbotladi.
Endi o‘zbekistonlik yosh grossmeyster Jahon toji uchun kechadigan bahsda amaldagi jahon chempioni, o‘z tengdoshi bo‘lgan Dommaraju Gukesh bilan kuch sinashish huquqini qo‘lga kiritdi. Bu bahs 2026 yil oxirida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Chempionlik bahsi sanasi va joyi FIDE tomonidan keyinroq e’lon qilinadi.
Mukofot pullari
29 mart kuni boshlangan Nomzodlar turnirining sovrin jamg‘armasi 700 ming yevroni tashkil etadi.
Sindorovga birinchi o‘rin uchun 70 ming yevro miqdorida mukofot puli kafolatlangan. Shuningdek, barcha shaxmatchilarga qo‘lga kiritilgan har yarim ochko uchun 5000 yevrodan berilishi ko‘zda tutilgan. Sindorov esa hozirgacha to‘plangan ochkolari orqali yana 95 ming yevro ishlab topgan.
Ya’ni u hozirning o‘zida kamida 165 ming yevroni naqd qilib qo‘yishga ulgurdi. Turnir hali tugamagani hisobga olinsa, bu raqam o‘zgarishi mumkin.
Yuqorida aytilganidek, Javohir Sindorov ushbu turnidagi g‘oliblik orqali 2026 yil so‘ngida Jahon toji uchun Dommaraju Gukeshga qarshi bahsda qatnashish imkoniga ega bo‘ldi. Mazkur bahsdagi natija qanday bo‘lishidan qat’i nazar shaxmatchilar kafolatlangan katta mukofot puliga ega bo‘ladi. Xususan, amaldagi chempion Dommaraju Gukesh o‘tgan safar chempionlik uchun 1 mln 350 ming dollar olgandi. Unga yutqazgan Din Liren esa 1 mln 150 ming dollar bilan mukofotlangandi.
Bu esa Javohir Sindorov allaqachon dolllarda millionlik marradan o‘tib bo‘lganini anglatadi.
Qayd etish kerakki, Javohir va Gukesh bungacha klassik partiyada uch marta to‘qnash kelishgan. Shundan ikkitasida Sindorov g‘alaba qozongan, bittasida esa durang qayd etilgan. Gukeshning hozirgi sport formasidan kelib chiqilsa, o‘zbekistonlik shaxmatchida yana bir g‘alaba uchun imkoniyat yuqori.
Mavzuga oid
18:33 / 15.04.2026
Sindorov turnirni yana bir rekord bilan yakunladi
18:02 / 15.04.2026
Oldimizda yana ikkita marra turibdi – Javohir Sindorovning murabbiyi
16:31 / 15.04.2026
“G‘ururlanaman, sen qahramonimizsan” - Shavkat Mirziyoyev Javohir Sindorovni shaxsan tabrikladi
12:05 / 15.04.2026