Jamiyat | 14:24 / 01.06.2015
2907
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda “Yer kurrasida tinchlik” rasmlar ko‘rik-tanlovi o‘tkaziladi

Toshkentda “Sog‘lom avlod uchun” jamg‘armasi tomonidan “Yer kurrasida tinchlik” Respublika rasmlar ko‘rik-tanlovi o‘tkaziladi. Bu haqda jamg‘armaning rasmiy sayti orqali axborot berildi.

Tadbirni o‘tkazishdan maqsad — bolalarning san'at va madaniyatga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirish, iqtidorli yoshlarni aniqlash, ularni tasviriy san'atga va badiiy ijodga bo‘lgan qiziqish va e'tiborini mustahkamlash.
Tanlov ikki bosqichdan iborat: birinchi bosqich joriy yilning aprel-may oylarida o‘tkazilib, unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi umumta'lim maktablari o‘quvchilari va maktabgacha ta'lim muassasalari tarabiyalanuvchilari qatnashishdi. Ulardan 100 dan ortiq rasmlar viloyat bosqichlarida aniqlandi. Shundan, 9 nafar g‘oliblar va 7 nafar nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblarning eng yaxshi ishlari 2015 yil 30 may kuni soat 11:00da “Kamolot yoshlar ijod saroyi”da tanlovning yakuniy bosqichida e'lon qilindi. Rasmlar taniqli professional rassomlardan tashkil topgan yuqori malakali xay'at a'zolari tomonidan baholandi. Tanlov 3 ta yosh kategoriyasi bo‘yicha o‘tkazildi: 3 yoshdan — 6 yoshgacha, 7 yoshdan — 11 yoshgacha, 12 yoshdan — 15 yoshgacha.

Tadbir so‘ngida tashkilotchilar tomonidan barcha g‘oliblar uchun diplomlar, qimmatbaho sovg‘alar topshiriladi.