Jahon | 12:08 / 28.10.2025
13341
6 daqiqa o‘qiladi

Rossiyadagi harbiy zavodda portlash. Qurbonlar soni ortdi

Kamida 13 kishi halok bo‘lgan, olti kundan buyon yana 10 kishining jasadi topilmayapti.

Foto: Aleksandr Chirkov / TASS / Profimedia

Besh kun oldin – 22 oktyabr kuni – Chelyabinsk oblasti Kopeysk shahridagi «Plastmass» zavodida portlash ro‘y bergan. 27 oktyabr holatiga ko‘ra, rasman 13 kishi o‘limi tasdiqlangan. Ularning jasadlari topilgan.

Chelyabinsk oblasti rasmiylari ma’lumotiga ko‘ra, portlashning jami qurbonlari ro‘yxatida 23 kishi nomi qayd etilgan, ularning barchasi korxona ishchilaridir. Yana 10 kishi taqdiri hozircha noma’lum bo‘lib qolmoqda. Portlash joyida xarobalarni tozalash ishlari davom ettirilmoqda.

Avvalroq portlash oqibatida qariyb 30 kishi jarohatlangani xabar qilingandi. Jabrlanuvchilardan to‘rt nafari oblast shifoxonasida qolmoqda, yana ikki nafari Nijniy Novgoroddagi federal kuyish markaziga yuborilgan. Qolganlarga uyida davolanishi uchun javob berilgan.

27 oktyabr kuni Kopeyskda korxona jamoasi, qurbonlarning yaqinlari va jabrlanuvchilarning zavod rahbariyati hamda hukumat vakillari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qiladi 74.ru nashri. Uchrashuvda Chelyabinsk oblasti vitse-gubernatori Aleksey Fartigin portlash oqibatida halok bo‘lganlardan yetti nafarini jasadi orqali qarindoshlari tanishganini aytgan. Qolgan topilgan jasadlarning shaxsini aniqlash uchun oilalardan DNK namunalari olingan.

«Barcha protsessual harakatlar uchun vaqt kerak. Poydevorga yetib bormagunimizcha, qidiruv ishlari davom etadi. <...> Favqulodda holat joyidan topilgan barcha qoldiqlar gen ekspertizasi yordamida aniqlanadi. Odam „bug‘lanib ketadi“ degan narsa bo‘lmaydi», – deya ishontirgan Fartigin.

O‘z navbatida, korxona rahbari Aleksandr Balashov Kopeysk hukumati dafn marosimi xarajatlarini to‘lashiga, zavod rahbariyati esa dafn marosimi xarajatlarini qoplashiga va halok bo‘lganlarning oilalarini qo‘llab-quvvatlashiga va’da berdi. Oldinroq oblast gubernatori Aleksey Teksler halok bo‘lganlarning oilalariga 10 million rubldan, jabrlanuvchilar uchun esa 1 milliondan 2 million rublgacha miqdorda tovon pullari berilishini aytgandi.

Korxonaning bedarak ketgan xodimlaridan birining singlisi akasini tirik topish imkoniyati haqida bergan savoliga javoban u shunday degan: «Ochig‘ini aytaman. Umid yo‘q».

Yaqinlari tomonidan allaqachon tanib olingan jasadlarning egalari ularni qachon olib ketishga ruxsat berilishini so‘rashgan. «Agar sud-tibbiyot ekspertizasi va Tergov qo‘mitasi ruxsat bersa, jasadlarni olib ketish mumkin bo‘ladi», – degan Balashov.

Yig‘ilganlar portlash sababi haqida ham savol berishgan, biroq rasmiylar hali ham ochiqlamayapti. «Bu savolga hozir hech kim javob berolmaydi. Aniqlash uchun tergov tadbirlarini o‘tkazish kerak, jumladan, hozirda o‘tkazilayotgan ekspertizalar zarur», – dedi Fartigin ularga.

Kopeyskdagi «Plastmass» zavodi 1939 yilda ochilgan bo‘lib, hozirda «Rostex» davlat korporatsiyasi tarkibiga kiradi. Korxona dala, kema, zenit va tank artilleriyasi uchun o‘q-dorilar, shuningdek aviatsiya uchun S-8 rusumli boshqarilmaydigan raketalar (bunday raketalar Ukraina bilan urushda keng qo‘llanmoqda) ishlab chiqaradi.

2024 yil iyunida «Rostex» rahbari Sergey Chemezov so‘nggi yillarda zavod harbiy mahsulotlar ishlab chiqarishni besh baravarga oshirgani va bu ko‘rsatkichni yana 20 foizga oshirishni rejalashtirayotgani haqida hisobot bergandi.

Zavoddagi portlash 22 oktyabr kuni kechqurun sodir bo‘lgan. Chelyabinsk oblasti rahbari Aleksey Teksler deyarli darhol «dron zarbasi versiyasi tasdiqlanmagani»ni aytgandi. RF Tergov qo‘mitasi portlashga «xavfsizlik qoidalari buzilishi» sabab bo‘lgani haqida xabar bergan.

Aleksandr Chirkov / TASS / ZUMA Press / Scanpix / LETA

24 oktyabr kuni Kopeyskda xotira kuni deb e’lon qilindi. Xiyobondagi marosimda qatnashgan gubernator Aleksey Teksler yodgorlikka guldasta qo‘ydi va nutq so‘zlab, qurbonlarni «jangovar quroldoshlarimiz» deb atadi.

«Men „jangovar“ deyapman, chunki ular maxsus harbiy operatsiya uchun vazifalarni bajarishgan. Biz qayg‘udamiz, ularning nomlarini abadiy eslaymiz», degan Teksler.

Gubernatordan so‘ng korxona bosh direktori Aleksandr Balashov ham shahar aholisiga murojaat qilgan. «Safdoshlarimiz halok bo‘ldi. Bo‘lib o‘tgan voqeadan chuqur shokdaman. Yaxshi odamlar halok bo‘ldi. Biz sizni hech qachon unutmaymiz. Nima qilish kerak bo‘lsa qilamiz. Bu qayg‘uli, bu qanday sodir bo‘lgani tushunarsiz. Bizning eng asosiy vazifamiz - mamlakat kelajagi bog‘liq bo‘lgan davlat mudofaa buyurtmasini bajarish»,  degan u.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin halok bo‘lganlarning oilalariga hamdardlik bildirmadi va Kopeyskdagi zavoddagi portlash haqida hech qanday izoh bermadi.