O‘zbekiston | 08:09 / 30.09.2022
3688
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zganing mulkidan cheklangan tarzda foydalanish huquqini amalga oshirish tartibi belgilanadi

Foto: Shutterstock

“O‘zganing ko‘chmas mulkidan cheklangan tarzda foydalanish (servitut) huquqini amalga oshirish tartibini takomillashtirishga qaratilgan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” qonun loyihasi e’lon qilindi.

Servitut institutiga oid qoidalar Fuqarolik va Yer kodekslarida mustahkamlab qo‘yilgan bo‘lib, Fuqarolik kodeksi 173-moddasiga asosan ko‘chmas mulk (yer uchastkasi, boshqa ko‘chmas mulk) egasi qo‘shni yer uchastkasi egasidan, zarur hollarda esa – boshqa yer uchastkasi egasidan ham o‘zganing yer uchastkasidan cheklangan tarzda foydalanish (servitut) huquqini berishni talab qilishga haqlidir.

O‘zganing yer uchastkasidan piyoda va transportda o‘ta olishni ta’minlash, elektr uzatgich, aloqa va quvur liniyalarini o‘tkazish va ulardan foydalanish, suv bilan ta’minlash uchun, ko‘chmas mulk egasi ehtiyojlarini servitut belgilamay turib ta’minlanishi mumkin bo‘lmagan boshqa ehtiyojlarini qondirish uchun servitut belgilanishi mumkin.

Yer uchastkasida servitut belgilanishi yer uchastkasi egasi ushbu uchastkaga egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish huquqlaridan mahrum etmaydi. Servitut belgilashni talab qilayotgan shaxs bilan o‘zga yer uchastkasi egasi o‘rtasidagi bitimga muvofiq servitut belgilanadi va u ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, servitut to‘g‘risidagi kelishuvni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali davlat ro‘yxatidan o‘tkazish mumkin.

Loyiha bilan Fuqarolik kodeksi, Yer kodeksi va boshqa qonunchilik hujjatlariga tegishli qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritilmoqda.

Fuqarolik kodeksi 173-moddasiga o‘zgartirish kiritilmoqda. Kodeks servitut shartlari, servitut belgilangan yer uchastkasini bo‘lish servitut yukli yer uchastkasida qurilmalarni saqlash va boshqa qoidalarni o‘z ichiga olgan 173-1- - 173-7-moddalari bilan to‘ldirilmoqda.

Yer kodeksi 30-moddasiga tegishli o‘zgartirish kiritilmoqda. Kodeks yer uchastkasiga nisbatan servitut belgilash to‘g‘risida kelishuv, yer uchastkasiga nisbatan servitut belgilash to‘g‘risida kelishish tartibi, servitut to‘g‘risidagi kelishuv ishtirokchilari huquq va majburiyatlari, yer uchastkalarini ajratmasdan va servitut (ommaviy servitut) o‘rnatmasdan yerdan foydalanish, ommaviy servitut uchun haq to‘lash, ommaviy servitut egalari huquq va majburiyatlari, ommaviy servitutni bekor qilish asoslarini va boshqa qoidalarni tartibini belgilovchi 30-1- - 30-8-moddalari bilan to‘ldirilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid