Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ramazon oyi arafasida shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning yangi kitoblari taqdimoti o‘tkazildi
17 iyun kui «Hilol-nashr» nashriyot-matbaasi hamda islom.uz portali xodimlari ishtirokida shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning qalamiga mansub yangi kitoblarning taqdimot marosim bo‘lib o‘tdi.
An'anaga ko‘ra, tadbir Qur'oni Karim tilovati bilan boshlandi. Duodan so‘ng noshir Ismoil Muhammad Yusuf so‘zga chiqib, kirib kelayotgan Ramazoni sharif munosabati bilan barchani muborakbod etdi, so‘ngra «Hilol-nashr» nashriyot-matbaasining Ramazon oyiga bag‘ishlab rejalashtirilgan ishlari to‘g‘risida, xususan, «Mo‘minning qalqoni» deb nomlangan mufassal ro‘za kitobi hamda «Baxtiyor oila» kitobining yangi nashri taqdim qilinayotgani haqida gapirdi.

Shundan so‘ng so‘zga chiqqanlar ushbu ikki kitobning yozilish tarixi, ularning bugungi kundagi diniy-ma'rifiy adabiyotlar orasida tutgan o‘rni haqida to‘xtalib o‘tishdi. Taqdimot marosimiga tashrif buyurgan «To‘xtaboy» jome' masjidi imom-xatibi Ishoqjon Begmatov hamda «Minor» jome' masjidi imom-xatibi Rahmatulloh Sayfuddinov ham so‘zga chiqib, shayxning el-yurtga va butun dunyo musulmonlariga ko‘rsatgan fidoyiliklari, buyuk xizmatlari haqida to‘lqinlanib so‘zlashdi.

Taqdimot marosimida O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik ham qatnashib, marhum shayxning ilmiy merosi, u asos solgan ilm-ma'rifat bog‘ining meva berayotgani, hali bu ilm sarchashmasi xalq uchun uzoq yillar manfaat keltirishi haqida so‘zladi.


Shundan so‘ng ushbu tadbir munosabati bilan o‘qilgan xatmi Qur'on yakunlanib, Abdulloh hoji Ismoilov ushbu xatmning savobini barcha o‘tgan mo‘min-musulmonlarga, xususan, shayx hazratlarining ruhlariga bag‘ishlab, marosimga yakun yasab berdi.