O‘zbekiston | 11:18 / 16.05.2016
21679
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zMU qaytadan tashkil etiladi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Islom Karimov 11 may kuni «O‘zbekiston Milliy universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Qarorni imzolagan. Hujjat matni bugun Lex.uz portalida (pdf) e'lon qilindi.

O‘zMUni qayta tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad «oliy ta'limni rivojlantirishning jahon tajribasini hisobga olgan holda yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash darajasi va sifatini tubdan o‘zgartirish», OTMning «ilmiy salohiyatini yanada mustahkamlash» va «o‘quv jarayonining ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan aloqalarini kuchaytirish»dan iborat hisoblanadi.

Hujjatda O‘zMUning yangilangan tashkiliy tuzilmasi tasdiqlangan. Unga ko‘ra, OTMda geologiya va geografiya (1), fizika (2), biologiya (3), kimyo (4), matematika (5), xorijiy filologiya (6), tarix (7), iqtisodiyot (8), ijtimoiy fanlar (9) va jurnalistika (10) fakultetlari faoliyat ko‘rsatadi. 

Shuningdek, hujjatga muvofiq, Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi instituti tugatiladi va uning binolariga Milliy universitet fizika fakultetining mutaxassislik kafedralari, laboratoriyalari, magistratura va doktorantura bo‘limlari joylashtiriladi. Bo‘shatilgan binolar, laboratoriya va Yadro institutining boshqa mol-mulklari zaruriy rekonstruksiyalarni amalga oshirish bilan kechuvchi ilmiy-ta'limiy jarayonlarni tashkil etish uchun Milliy universitet hisobiga o‘tkaziladi.

Bundan tashqari, Yadro fizikasi institutining ilmiy-texnik loyihalari, konstruktor-texnologik ishlanmalari va ilmiy jihozlari ularning talabchanligi va maqbulligini saqlab qolish va O‘zMU Fizika fakultetining qayta tashkil etiladigan laboratoriyasiga yetkazilishi nuqtai nazaridan to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazish vazifasi topshirildi.

2016-2017 yillarda Yadro fizikasi institutining 1956-1972 yillarda bunyod etilgan obektlarini kapital rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Xalqaro ilmiy konferensiya va seminarlar o‘tkazish uchun zamonaviy infratuzilmalarni tashkil etish, shu jumladan, 200 o‘ringa ega konferens-zal va sobiq madaniyat uyi o‘rnida 600 o‘ringa ega zalli bino hamda taklif etilgan ilmiy xodimlar uchun 30 o‘rinli mehmonxona tipidagi yotoqxonani bunyod etish belgilangan.

1 iyuldan O‘zMU qoshidagi Amaliy fizika ilmiy tadqiqot instituti bekor qilinib, uning barcha ilmiy loyihalari, uskuna va boshqa mol-mulklari, zarurat tug‘ilgan taqdirda, Fizika fakultetiga taqdim etiladi.

Yadro fizikasi institutiga tegishli bo‘lgan yadro reaktori hamda yadroviy va radiatsion xavfsizlik bilan bog‘liq boshqa obektlar Favqulodda vaziyatlar vazirligi qoshida yangi tashkil etiladigan Radiatsion xavfsizlik markazi hisobiga o‘tkaziladi. Markazning vazifalari qatoriga MAGATE hamda mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda Yadro fizikasi instituti yadro reaktorini ekspluatatsiyadan chiqarish, mamlakat hududida radioaktiv materiallar omborxonalarini saqlash, foydalanish va yo‘q qilish bo‘yicha ishlarni olib borish, shuningdek, tozalash xizmatlari faoliyatini tashkil etish kabilar ham kiritildi.

Bundan oldinroq, universitetning O‘zbek filologiyasi fakulteti va boshqa tuzilmalar bazasida Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tashkil etilgani to‘g‘risida xabar qilingandi.

Toshkent davlat texnika universiteti qaytadan tashkil qilinadi