Sport | 19:32 / 24.06.2015
8812
4 daqiqa o‘qiladi

Lionel Messi 28 yoshni qarshiladi

Bugun 24 iyun kuni jahon futbolining eng yorqin futbolchilaridan biri bo‘lgan “Barselona” klubi a'zosi Lionel Messi 28 yoshni qarshilamoqda. U 1987 yilning 24 iyunida Argentinaning Rosario shahrida tug‘ilgan.

Messi futbol bilan 5 yoshidan, havaskor klub hisoblanadigan “Grandoli”da boshlagan. Jamoaga Messining otasi Xorxe murabbiylik qilgan. Shundan so‘ng, Leo “Nyuells Old Boyz” klubida o‘ynagan.

Uning oilasi Messi 11 yoshga to‘lganda Barselonaga ko‘chib kelishadi hamda Leo 13 yoshida “Barselona”ning yoshlar jamoasida to‘p sura boshlaydi. U o‘zining debyut uchrashuvida pokerga, mavsum davomida esa 30ta uchrashuvda 37ta gol urishga muvaffaq bo‘ladi.

Argentinalik futbolchi asosiy jamoa tarkibida 2003 yilning 17 noyabrida “Portu”ga qarshi kechgan o‘rtoqlik uchrashuvida debyut o‘yinini o‘tkazadi. O‘yindan so‘ng mahalliy gazetalar “Bu bolakayda Maradonaning chap oyog‘i, Kroyfning tezligi hamda Ronaldinoning passlari mujassam” deb yozgan edi. Rasmiy uchrashuvlardagi debyuti 2004 yilning 16 oktabrida “Espanol”ga qarshi kechgan o‘yinda yuz beradi.

Messi “Barselona” bilan 7 marotaba Ispaniya chempionati, 3 bor Ispaniya kubogi hamda 4 marta Chempionlar ligasida zafar quchgan. Bundan tashqari, Ispaniya superkubogi (6), UYeFA superkubogi (2) hamda klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida (2) oltin medallarni qo‘lga kiritgan. Messi umumiy hisobda “Barselona” bilan 24 ta sovrinni qo‘lga kiritgan.

Leo ketma-ket 4 marotaba jahonning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan yagona futbolchi hisoblanadi. Shuningdek, u “Barselona” tarixida eng ko‘p to‘p kiritgan futbolchi (umumiy gollar soni 440 ta, rasmiy uchrashuvlarda 412 ta), Ispaniya La-ligasi (286) hamda Chempionlar ligasining (77) eng yaxshi to‘purari hisoblanadi. Argentinalik futbolchi FIFA tomonidan e'lon qilinadigan dunyo terma jamoaga ketma-ket 8 marotaba (2007-2014) kiritilgan.

Messi 2009 yilda yoshlikdan birga o‘sgan Antonella Rokutstso bilan uchrasha boshladi.

2012 yilning 2 noyabrida juftlik o‘g‘il farzandlik bo‘ladi va uning ismini Tyago deb qo‘yishadi.

Mashhur futbolchilar Messi haqida

“Messi birinchi raqamli futbolchi. U bugungi kundagi jahonning eng yaxshi futbolchisi. Buni rad etish ahmoqlik. Messi bilan Maradonini taqqoslash noo‘rin. Ular tengsiz futbolchilar, biroq ularning o‘nlab yillar ajratib turadi”.

@Diyego Simeone

“Messi fantastik o‘yinchi. Ba'zan to‘p uning tana qismidek tuyuladi. Messi argentinalik bo‘lgani uchun Xudodan minnatdorman”                          

@Diyego Maradona

“Messi onasiga “Men koptok tepishga ketdim. Kech tushganda qaytaman” deb o‘ynaydigan bolakayga o‘xshaydi. Uni muxlislar to‘la maydon ham havotirga solmaydi. U o‘yindan lazzat oladigan tug‘ma iste'dod sohibi”.

@Gus Xiddink

“Agar Messi bo‘lmaganda, men ikkinchi divizionda ishlab yurgan bo‘lar edim”.

@Xosep Gvardiola

“Messi nimagaki teginmasin, u gol bilan yakunlanadi. U jamoa uchun hamma narsani qilish bilan birgalikda, o‘yindan rohatlanadi. Uning maydonda ko‘rsatayotgan ishlari aqlga sig‘maydi”.

@Terri Anri

Messining eng yaxshi 10 ta goli

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish