Jamiyat | 12:31 / 24.05.2023
36852
3 daqiqa o‘qiladi

Sobiq imom bo‘lgan bloger 6,6 million so‘m jarimaga tortildi

Shavkat Hasanga ijtimoiy tarmoqlardagi oilaviy totuvlik mavzusiga oid videomateriallarini Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ruxsati olinmasdan e’lon qilish aybi qo‘yildi.

Foto: Kun.uz

23 may kuni Shayxontohur tuman IIB binosida bo‘lib o‘tgan onlayn sudda jamoatchilik faoli, sobiq imom Shavkat Hasanga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 184-2-moddasida nazarda tutilgan – diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash va tarqatish ayblovi qo‘yilgan. U ushbu harakati uchun bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari (6,6 million so‘m) miqdorida jarimaga tortilgan.

«11 may kuni Toshkent shahar Shayxontohur tuman IIBga chaqirtirildim. Ichki ishlar xodimlari telegram-kanalimda e’lon qilingan 6 ta videoni tanlab olib, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga ekspertizaga yuborilganini bildirdi.

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, videolarimda aqidaparastlik, terrorizm, diniy adovatga chaqiruvchi g‘oyalar yo‘q, deb topilgan. Lekin materiallar [Din ishlari bo‘yicha] qo‘mitaning ekspertlik xulosalarini olmasdan chiqarilgan.

Men shuncha yillik rasmiy diniy faoliyatim davomida bunday ekspertiza olinishi kerakligini bilmagandim ham. Mendan boshqa ko‘plab imom domlalar ham aynan shu modda (MJtK 184-2 moddasi) bo‘yicha jarimaga tortilganini aytishdi», — deydi Shavkat Hasan o‘z videomurojaatida.

O‘zining so‘zlariga ko‘ra, u uzoq yillardan buyon O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida rasman diniy faoliyat bilan shug‘ullanib kelmoqda. 2005-2006 yillarda Ko‘kaldosh madrasasida tayyorlov kursida, 2006-2010 yillarda grant asosida Ko‘kaldosh madrasasida o‘qigan. 2010-2014 yillarda esa Toshkent Islom institutini (Oliy ma’had) tamomlab, 2014-2018 yillarda Bo‘stonliq tumanidagi «Olimjon ota» masjidida imom-xatiblik qilgan.

Shundan so‘ng bir qancha vaqt Musulmonlar idorasi tizimidagi «Vaqf» xayriya jamoat fondida ishlagan. 2021 yildan hozirga qadar esa Chirchiq shahridagi markaziy masjidda imom-xatibning media ishlari bo‘yicha yordamchisi hisoblanadi.

«2014-yillardan boshlab oilalarni yarashtirish bo‘yicha turli komissiyalarda ham ishlab keldim. Ko‘targan mavzularimiz faqat er-xotin munosabatlarini isloh qilish, jamiyatda ayollar obro‘sini ko‘tarish va oilani saqlab qolishga qaratilgan edi. O‘z-o‘zidan qadriyatlarimizdan kelib chiqib, gaplarimizni oyat va hadislar bilan isbotlab, tushuntirish berganman.

Ekspertiza videolarimni qandaydir yomonlikka da’vat deb topganda ham alam qilmas edi, shunchaki o‘sha qarorga ko‘ra ekspertiza qilmaganim uchun shuncha jarima berilishi juda alamli va adolatsiz, deb o‘ylayman», — deydi Shavkat Hasan Kun.uz muxbiriga bergan qisqacha intervyusida.

Mavzuga oid