Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tadbirkorlik sub'yektlarida o‘tkaziladigan tekshiruvlar qanday kelishiladi?
Foto: LinkedIn
O‘zbekiston Respublikasi bosh prokurorining buyrug‘i bilan Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlarni kelishish va o‘tkazish tartibi haqidagi vaqtinchalik nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatida nazorat qiluvchi organlarning markaziy apparati tomonidan tashkil etiladigan tekshiruvlar Bosh prokuratura, ularning hududiy bo‘linmalari tomonidan o‘tkaziladigan tekshiruvlar tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokuraturalari bilan kelishiladi.
Tekshiruv o‘tkazishni vakolatli organ bilan kelishish Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimi orqali amalga oshiriladi.
Yagona tizim to‘liq ishga tushirilgunga qadar tekshiruv o‘tkazishni kelishish bilan bog‘liq bo‘lgan yozishmalar qog‘oz shaklida rasmiylashtirilishi mumkin.
Nazorat qiluvchi organ va vakolatli organ o‘rtasidagi davlat siri bilan bog‘liq bo‘lgan tekshiruvlarni o‘tkazishga oid axborot almashinuvi davlat sirlarini saqlash to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi hamda bunday tekshiruvlar haqidagi ma'lumotlar Yagona tizimga kiritilmaydi.
Muddati bir kun bo‘lgan tekshiruvlarni kelishish viloyat prokuraturasi tomonidan, muddati bir kundan ortiq bo‘lgan tekshiruvlarni kelishish faqat Bosh prokuratura tomonidan amalga oshiriladi.
Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar, xorijiy korxonalar, shuningdek erkin iqtisodiy zonalarda joylashgan korxonalarda o‘tkaziladigan tekshiruvlarni kelishish faqat Bosh prokuratura tomonidan amalga oshiriladi.
Tadbirkorlik sub'yektlari ularda o‘tkazilayotgan tekshiruv haqidagi hamda ularning faoliyatini tekshirayotgan nazorat qiluvchi organlar to‘g‘risidagi ma'lumotni Bosh prokuratura yoki viloyat prokuraturalaridan yozma shaklda yoki axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan, shu jumladan Yagona tizimdan foydalangan holda elektron shaklda bepul olishga haqlidir.
O‘tkazilgan tekshiruvdan norozi bo‘lgan tadbirkorlik sub'yektlari nazorat qiluvchi organlarning yuqori tashkilotlariga yoki belgilangan tartibda sudga murojaat qilish huquqiga ega.
Nazorat qiluvchi organlar quyidagi asoslar mavjud bo‘lganda:
jismoniy va yuridik shaxslarning qonun hujjatlari buzilishi holatlari haqidagi murojaatlari asosida;
nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatida o‘tkazilgan “xavfni tahlil etish” natijalari, shu jumladan ommaviy axborot vositalaridan yoki boshqa tashqi manbalardan (ijtimoiy tarmoqlar, veb-saytlar) olingan ma'lumotlar asosida vakolatli organga tekshiruv o‘tkazishni so‘rab murojaat qilishga haqli.
Bunda jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarining anonim emasligi hamda tekshiruv o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan tadbirkorlik sub'yektining amalda faoliyat ko‘rsatayotganligi nazorat qiluvchi organ tomonidan dastlab o‘rganib chiqilishi lozim.
Bir kunlik muddatda o‘tkaziladigan tekshiruvni kelishish uchun buyurtma nazorat qiluvchi organning viloyat darajasidagi hududiy bo‘linmasi orqali viloyat prokuraturasiga kiritiladi.
Muddati bir kundan ortiq bo‘lgan tekshiruvni kelishish uchun esa buyurtma nazorat qiluvchi organning viloyat darajasidagi hududiy bo‘linmasi orqali uning markaziy apparati tomonidan Bosh prokuraturaga kiritiladi.
Nazorat qiluvchi organning tuman (shahar) bo‘linmasi tashabbusi bilan o‘tkaziladigan tekshiruvlarni kelishish tekshiruvga asos bo‘lgan hujjatlarni axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda ushbu organning viloyat darajasidagi bo‘linmasiga taqdim etish orqali amalga oshiriladi.
Nazorat qiluvchi organ tomonidan taqdim etilgan tekshiruvni kelishish to‘g‘risidagi buyurtmada quyidagi ma'lumotlar ko‘rsatiladi:
tekshiruv o‘tkazuvchi organ nomi;
tekshiruv o‘tkaziladigan tadbirkorlik sub'yektining nomi (filiali yoki shoxobchasi), soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami, manzili;
tekshiruv o‘tkazish uchun asos;
talablari buzilishi mumkin bo‘lgan normativ-huquqiy hujjat to‘g‘risida ma'lumot;
tekshiruv o‘tkazish muddati;
tekshiruv predmeti;
tekshiriladigan faoliyat davri.
Buyurtmaga jismoniy yoki yuridik shaxsning qonunbuzilish holatlari haqidagi murojaati nusxasi, “xavfni tahlil etish” tizimi orqali aniqlangan qonunbuzilish holati bo‘yicha batafsil ma'lumot hamda tekshiruv dasturi ilova qilinadi.
Tekshiruv dasturi ushbu murojaatda ko‘rsatilgan holatlar yoki “xavfni tahlil etish” tizimi orqali aniqlangan qonunbuzilishlar doirasida tuzilishi va nazorat qiluvchi organ rahbari tomonidan tasdiqlanishi shart.
Buyurtma vakolatli organ tomonidan uch ish kunidan kechiktirmasdan ko‘rib chiqiladi hamda tekshiruvni o‘tkazish kelishilganligi yoki rad etilganligi to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.
Favqulodda vaziyatlar yuzaga kelishi, shu jumladan inson hayoti va sog‘ligining xavf ostida qolishi, atrof-muhit zararlanishi, jiddiy moddiy talafotlar kelib chiqishi hamda odamlarning hayot faoliyati sharoiti izdan chiqishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan holatlar bo‘yicha tekshiruvlarni kelishish to‘g‘risidagi buyurtmalar bir ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.
Bosh prokuratura tomonidan qabul qilingan qarorlar O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining soliq va bojxona sohalaridagi qonunchilik ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirish uchun mas'ul o‘rinbosari, yo‘qligida esa uning vakolatini amalga oshirish yuklatilgan Bosh prokurorning boshqa o‘rinbosari tomonidan imzolanadi.
Viloyat prokuraturalari tomonidan qabul qilingan qarorlar tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokurorlari tomonidan, ular yo‘qligida esa vazifalarini vaqtincha bajaruvchi prokuror o‘rinbosarlari tomonidan imzolanadi.
Tekshiruv o‘tkazish kelishilganligi yoki rad etilganligi to‘g‘risidagi qaror qabul qilingandan boshlab bir ish kunidan kechikmasdan nazorat qiluvchi organga yuboriladi.
Nazorat qiluvchi organ tekshiruvni o‘tkazish kelishilgan kundan boshlab uch ish kuni ichida tekshiruv o‘tkazish to‘g‘risida buyruq qabul qiladi.
Buyruqda tekshiruv o‘tkazish uchun asos bo‘lgan hujjat nomi, raqami va sanasi, nazorat qiluvchi organning tekshiruvda ishtirok etadigan mas'ul xodimlari tarkibi, tekshiriladigan tadbirkorlik sub'yektining nomi (filiali yoki shoxobchasi), soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami, manzili, tekshiruv maqsadi, muddati va tekshiriladigan faoliyat davri ko‘rsatiladi hamda tekshiruv dasturi ilova qilinadi.
Nazorat qiluvchi organning tegishli tarkibiy bo‘linmasi tomonidan o‘tkaziladigan tekshiruvga uning boshqa tarkibiy bo‘linmalarining tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatini tekshirish huquqiga ega bo‘lgan xodimlari jalb etilishi mumkin.
Nazorat qiluvchi organning yuqori tashkiloti tekshiruvni quyi bo‘linmalariga yuklashga haqli.
Mavzuga oid
22:01 / 25.02.2026
Yigit-qizlar qarshisidagi muammolar yoxud yoshlar siyosati nega muhim?
09:32 / 25.02.2026
Tadbirkorlar va ilm-fan hamkorligi uchun maxsus elektron platforma yaratiladi
18:34 / 14.02.2026
Tadbirkor shakar importi uchun bojni olib tashlashni so‘radi
10:11 / 13.02.2026