Xitoy nega Rossiyani qo‘llamoqchi emas? Tahlilchilar – Putinning Pekinga tashrifi haqida
Xitoy Rossiyaga na iqtisodiy, na harbiy ko‘mak bermoqchi emas – RF prezidentining Pekinga tashrifi davomida bunday kelishuvlarga erishilmadi. Davlat rahbarlari qarshisida imzolangan hujjatlar qatorida o‘to‘simlik (Quddus artishoki) va mol go‘shtining tog‘ay qismi (kemirchak) yetkazib berish bo‘yicha bitimlar ham borligi istehzolarga sabab bo‘ldi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘z prezidentlik muddatining yangi faslini Xitoyga tashrif bilan boshladi. Xo‘sh, ikki davlatning bayonotlarda aytilayotgan “chuqur hamkorligi” reallikda qanday ko‘rinishga ega? Iqtisodiyoti uchun avvalo g‘arb bilan munosabatlarini saqlashga intilayotgan Xitoy bir vaqtning o‘zida ikki tomonda ham bo‘la oladimi?
“Geosiyosat” mavzuni tahlil qilish uchun siyosiy tahlilchilar Nargiza Umarova, Hamid Sodiq, Kamoliddin Rabbimov va iqtisodchi Shuhrat Rasulni taklif etdi.
— Putin va Si muzokaralaridan keyingi bayonotda qaysi mavzular muhokama qilindi?
Shuhrat Rasul: — Bu tashrif qanday fonda yuz berayotganiga avval e’tibor berishimiz kerak. Xitoy va YeI o‘rtasidagi savdo hajmi mart oyida 15 foiz, aprel oyida 13 foizga tushib ketdi, bir oy oldin Blinken Pekinda bo‘lgandi, kuni kecha Bayden Xitoy bilan savdoga yangi cheklovlarni e’lon qildi. Nazarimda, AQSh bu tashrifdan oldin Xitoy rahbariyatiga ochiq signallar jo‘natdi, ya’ni ehtiyot bo‘ling, ko‘p narsa va’da bermang, Blinken aytgan gaplar kuchda, degan. AQShning asosiy maqsadi Rossiyaga qurol bo‘ladigan tovarlarni bermasligi, qolgan savdo uchun talabi yo‘q.
Kamoliddin Rabbimov: — Rossiya kollektiv G‘arb sanksiyalari ostidagi davlat, Xitoy va kollektiv G‘arb munosabatlari bir necha yillardan beri sovuqlashib boryapti. AQSh uchun 21 asrda jang katta strategik raqib Xitoy. AQSh davlat departamenti o‘zining global manfaatlari va loyihalari bo‘yicha hisobotlar chiqarib turadi, oxirgilarida Rossiya dushman davlat, Xitoy strategik raqib deb e’tirof etiladi.
Rossiya va Xitoy qisqa muddatli yoki taktik alyans yaratgan, ularni G‘arbga qarshi kurashishi motivi birlashtiradi. 2019 yilda Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi savdo hajmi 110 mlrd dollar bo‘lgan bo‘lsa, 2023 yilda 240 mlrd dollarga chiqqan, bu juda katta hamkorlik o‘sishi. Xitoy qo‘rqadigan asosiy sabab kollektiv G‘arb nazoratida bo‘lgan neft va gaz resurslarini Xitoyga yetkazishda muammolarga to‘qnashishdan qo‘rqadi, sanksiyalar ostidagi Rossiya esa o‘zining neft va gazini sotishda qiynalib qoldi. Ukraina, Tayvan kabi masalalar bu ikki davlatda global ittifoqchilikka zaruratni oshirib boryapti.
— Rossiya va Xitoyning munosabatlari va birgalikdagi demokratiya hamda tartib tamoyillarini himoya qilish haqidagi bayonotlari haqiqatan ham ularning siyosatiga mos keladimi?
Hamid Sodiq: — Bu tashrif kutilmagan tashrif emas, Si Jinping ham saylangach, birinchi tashrifini Rossiyaga qilgandi. O‘ziga xos ramziyligi bor, demokratik davlatlar bu saylovlarni tan olmadi, Putin legitim prezident emas ular uchun, Rossiyaning liberal siyosatchilari uchun ham shunday. Balansni o‘zgartira oladigan katta bir davlatga tashrif o‘ziga xos legitimizatsiyadek ko‘rinadi. Dunyoda normal fikrlaydigan, xalqi bilan hisoblashadigan davlatlar biladiki, bu ikki rahbar avtoritar hisoblanadi. Bu ikki davlat siyosatiga talabalar qarshi chiqsa, ularning ustidan tank yurishi mumkin, lekin talabalar bilan hisoblashadigan davlatlar bor. Bu narsa ikki davlatning zaifligini, jamiyati bilan hisoblashadigan davlatlar esa kuchli ekanini ham ko‘rsatadi.
240 mlrd dollar savdo hajmining asosiy qismi Rossiya iqtisodiyotiga – Xitoydan import, Rossiyaning 40 foizlik iqtisodini bildiradi bu, Xitoyga bog‘lanib qolgan. Xitoyning importida esa Rossiyaning ulushi juda kam. Xitoy bir tomondan Rossiyadan ustunligini ko‘rsatyapti, boshqa tomondan Rossiyaga G‘arb va AQShdek munosabat qilayotgani yo‘q.
Xitoy rahbari bayonotlarida BMT ustavini hurmat qilishini va hududiy yaxlitlikni e’tirof etdi, bu Putinning yuziga tarsaki desa ham bo‘ladi.
Nargiza Umarova: — Si Jinping BMT ustavi va xalqaro huquqqa ko‘p urg‘u berdi. Ukraina masalasida gapirganda davlat suvereniteti, hududiy yaxlitlik haqida gapirib o‘tdi. Rossiya deyarli 2,5 yildan beri bu prinsiplarni qo‘pol ravishda buzib kelyapti. Putin bilan yonma-yon turib bildirgan Si Jinping bayonoti Xitoy o‘z pozitsiyasida ancha dadil ekanini ko‘rsatadi. Xitoy bunday qilishiga sabab bor, ya’ni Tayvan masalasi bor, boshqa davlatlar Xitoyga nisbatan shunday pozitsiyada bo‘lishini kutadi.
Dunyo tartiboti haqida gapirganda Putin o‘z siyosatiga zid bayonot berdi. Masalan, bizning munosabatlar katta davlatlar munosabati uchun etalon bo‘ladi, chunki xalqaro huquq me’yorlari, BMT ustaviga ko‘ra qurilgan, dedi. Bularning hammasi kollektiv G‘arbga qaratilgan, turli bloklar, sovuq urushga qarshimiz, deydi, bu odatiy gaplar Xitoy uchun. Lekin Putin dunyo tartiboti adolati haqida gapirdi, vaholanki, o‘zi bu narsaga qarshi chiqyapti. Putinning bu ritorikasini Xitoy ham qo‘llayapti, maqsad — kollektiv G‘arbdan norozilikni umumiy ravishda ko‘rsatish.
Shuhrat Rasul: — Tashrifdagi asosiy masalalardan biri Ukraina urushiga ikki tomon munosabati. Tashrifdan bir kun oldin “Sinxua” gazetasida Putinning maqolasi chiqdi, unda Putin Ukrainaga, G‘arbga taklif kiritgan, ya’ni urushning, eskalatsiyaning to‘xtashi tarafdorimiz, lekin reallikdan kelib chiqish kerak, deb bosib olingan yerlarni saqlab qolish va shu kabi har doimgi gaplar.
Xitoy o‘tgan yili Ukraina urushi bo‘yicha 12 bandli konsepsiyasini e’lon qilgandi, uning birinchi bandida Ukraina hududiy yaxlitligini urg‘ulagan. Bu masala bo‘yicha ikki tomon o‘rtasida kelishmovchilik bor, shuning uchun bu mavzu chetlab o‘tildi.
Putin Xitoydan iqtisodiy yordam olishni maqsad qilgandi, lekin katta natijalarga erisha olmadi. Urush boshlangandan beri Rossiya Xitoyga deyarli bosim qilyapti, “Sibir kuchi 1” loyihasi bo‘yicha 24 mlrd metr kub gaz sotgan. Xitoy Rossiyaning Yevropadan to‘xtatgan 170-180 mlrd metr kub gazini joylashtira olmayapti, sanksiyalarga aloqasi yo‘q, Rossiya o‘zi Yevropaga bosim qilish uchun to‘xtatgan edi bu gazni urush boshida. Yevropa energetik muammolarini hal qilib oldi, Rossiya esa gazini sota olmayapti, gaz eksportini katta qismini tashkil qilardi bu.
Keyingi masala, Xitoydan harbiy yordam olish. Bu bo‘yicha natija bo‘lmadi. Imzolangan 11 hujjatda jahon diplomatiyasida bo‘lmagan g‘aroyib holat ham bo‘ldi. Bitta hujjat bir dorivor o‘simlik eksporti bo‘yicha bo‘ldi, bu ikkita katta lider muhokama qiladigan narsa emas. Umuman, hamkorlik ko‘lamini shishirib ko‘rsatish uchun bo‘ldi bular.
— Xitoy va Rossiya boshqaruvidagi farqlar nimada?
Kamoliddin Rabbimov: — Har bir davlatning evolyutsiyasi bor. Putin hokimiyatga kelgan yillarda ancha liberal edi, Qrim anneksiyasidan keyingi Putin tuzumi qattiq avtoritarizm bo‘ldi. Xitoy avtoritarizmi esa raqamli totalitarizmga yaqin, u yerda faqat etnik kamchiliklarni emas, etnik xitoylarning o‘zini ham maksimal nazorat qilishga qaratilgan, ya’ni murakkab avtoritarizm.
Pekinning oldida bir vaqtning o‘zida Rossiyani yolg‘izlatmaslik, xafa qilmaslik, Rossiya siyosiy tuzumining uzoq yashovchanligini qo‘llash turibdi. Agar Putin tuzumi qulasa, barcha fokus Xitoyga qaratiladi. Xitoy Ukraina urushidan bir tomondan norozi bo‘ldi, chunki NATOni kuchaytirdi, AQShni Yevropaga qaytardi, lekin kollektiv G‘arb diqqati Xitoydan Rossiyaga ham qaratildi, bosim kamaydi. Ayni paytda Xitoy uchun Putin tuzumi qulamasligi xam kerak, kollektiv G‘arb sanksiyalariga duchor bo‘lmaslik ham kerak. Ukrainalik ekspertlar aytadiki, Xitoy Rossiyaga qurol bergani haqida birorta dalil yo‘q. Urush bo‘yicha Xitoy pozitsiyasi ikkilamchi: bir tomondan Ukraina hududiy yaxlitligini urg‘ulaydi Tayvan sabab, ikkinchi tomondan Rossiya kollektiv G‘arb bilan urishayotgani uchun uni ma’naviy qo‘llayapti.
Hamid Sodiq: — Demokratik siyosatning 3 ta elementi bor: davlatlarda goya bo‘lishi, g‘oyaning muhokama qilish imkoniyati va real siyosatchi – mana shu 3 ta komponent bo‘lsa, demokratiya shakllanadi. Rossiyaning zaifroq g‘oyasi bor, muhokama yo‘q, chunki siyosiy hayot yo‘q, yopib tashlangan, lekin real siyosatchi bor. Xitoyda esa kuchli g‘oya va real siyosatchi bor, muhokama yo‘q. Bu degani ikki davlat ham tabiatan xato qiladi, lekin qachon va qaysi miqdorda xato qiladi, degan masala bor.
— Xitoy uchun avval iqtisod, keyin siyosat bo‘lsa, Rossiya uchun buning teskarisi, deyish mumkinmi?
Kamoliddin Rabbimov: — Ikkalasi ham avtoritar, lekin Rossiyada yakka hukmdorlik kuchli, Xitoyda byurokratiya madaniyati shakllangan, kollektiv qaror qabul qilish bor baribir. Sovet ittifoqida ham Stalindan keyin kollektiv boshqaruv bo‘lgan, agar Rossiyani SSSR bilan qiyoslasak ham. Xitoyda markazlashgan hokimiyat bo‘lsa-da, ratsionalizm ancha yuqori.
— Pekin va Moskva hamkorligining eng yuqori darajasi qaysi nuqtagacha bo‘lishi mumkin?
Shuhrat Rasul: — Bu hamkorlik ShHT doirasida institutsionallashgan. Rossiya va Xitoy strategik darajada hamkorlik qilamiz, deyapti, lekin bir qozonda ikki qo‘chqorning kallasi qaynamaydi, degan gap bor, shu mantiq bo‘yicha bu ikki davlat bir-biridan farq qiladi ichki mohiyat bo‘yicha. Xitoyning ming yillik madaniyati bor, eng qonxo‘r sulolalar davrida ham haqiqatni aytadigan, pozitsiya bildiradiganlar bo‘lgan Xitoy tarixida. Rossiyada esa haqiqiy o‘rta asr absolyutizmi, bo‘layotgan voqealarni kuzatsangiz, Afrikadagi absolyutizmga ham o‘xshab ketadi.
Ularning maqsadlari boshqa-boshqa. Rossiya imperiyani tiklamoqchi, Xitoy esa o‘z iqtisodiy muammolarini yechishi kerak, AQSh, Yevropa bilan ham ziddiyatga borib qolmasligi kerak bir paytda. Bir tomonda bo‘lish Xitoy iqtisodiyotini yiqitadi. Xitoy iqtisodining 30 foizi qurilish kompaniyalari bo‘lsa, eng yirik ikkita kompaniyasi bankrot bo‘ldi, agar bir tomonlama ketsa, bundan ham katta zarbalarga uchrashi mumkin. 7 oydan beri Xitoy eksporti tushib boryapti, iqtisodiy o‘sish ham kutilgandek emas.
Nargiza Umarova: — Bu ikki davlat xalqaro avtoritetini ushlab turishi uchun ham bir-biriga tayanadi. Bularni birlashtiruvchi yana bir muhim soha – xavfsizlik. Qo‘shma bayonotga e’tibor bersak, ikki davlat o‘zini faqat mintaqaviy emas, global xavfsizlik uchun ham mas’ul sub’yekt sifatida ko‘radi. Xitoy bu narsani ideologik jihatdan rasmiylashtirib ham bo‘lgan, Xitoyning dunyoga taqdim etgan 3 yirik tashabbusidan biri global xavfsizlik masalasi. Xitoyning yana bir muhim konsepsiyasi – butun insoniyatning yagona taqdiri. Bu loyihalar faqat falsafiy, real kuchga ega emasdek ko‘rinadi, lekin bularning asosida xitoysentrizm, yangi dunyo tartibotiga jiddiy tayyorgarlik yotibdi. O‘z ideologiyasi atrofida xayrixoh davlatlarni yig‘yapti, bulardan biri Rossiya deb bilaman, chunki Rossiya Xitoy kabi o‘zi boshchiligidagi qutb taklif eta olayotgani yo‘q dunyoga, so‘nib boryapti u, potensiali past. Ekspertlar aytadiki, Rossiya o‘zini hozirgi shaklda saqlab qolish uchun yangi dunyo tartibotida Xitoy bilan bitta lagerda bo‘lishi kerak. Bugun Rossiyaning avtoritetini ushlab berishda Xitoyning o‘rni muhim.
Kamoliddin Rabbimov: — Putin “Bir kamar – bir yo‘l” loyihasi bilan YeOIIni birlashtirishni taklif qildi, bunga Xitoy munosabat bildirgani yo‘q, menimcha, bundan xursand emas Xitoy. Putin YeOIIga Xitoyni qo‘shib, jozibadorligini oshirmoqchi.
AQSh va Xitoy o‘rtasida harbiy to‘qnashuv ehtimoli oshib boryapti. Putin o‘z chiqishlarida Tayvan masalasini ko‘tarib, bu bo‘yicha konfliktda yoningda bo‘laman, degan messej beryapti Xitoyga. Kutayotgan narsasi – Ukraina urushida Xitoyning qo‘llovi. Xitoy esa Yevropada tezroq urushlar to‘xtab, BMT nizomlariga ko‘ra tartib bo‘lsin, deyapti. Ya’ni Ukrainaning bosib olingan yerlari Rossiyaga berilishi Tayvanning Xitoydan tortib olinishiga sabab bo‘ladi, degan pozitsiyada. Lekin buni ochiqcha aytolmaydi, diplomatik tilda aytilyapti. Xitoy murakkab ahvolda, deyish mumkin.
Nargiza Umarova: — YeOII Rossiyaning geosiyosiy loyihasi, iqtisodiy emas. Xitoyning “Bir kamar – bir yo‘l”i ham geosiyosiy loyiha, aslida, geoiqtisodiy ahamiyati katta bo‘lsa-da. Pekin Putin taklifiga rozi bo‘lmasa ham, qo‘shma bayonotda bu ritorika bor, lekin Shuhrat aytganday, bir qozonda ikki qo‘chqorning kallasi qaynamaydi. Bu ikki loyiha real birlashishi juda qiyin masala, birinchisi ikkinchisini yeb qo‘yishi mumkin.
Rossiyada ODKB loyihasi bor, Xitoyda bunday siyosiy institut yo‘q. Bu yilgi bayonot mintaqaviy va global xavfsizlikda ODKB va Xitoy pozitsiyalarini muvofiqlashtiradi, deyilgan. Balki ODKB+Xitoy formati yuzaga kelishi ham mumkin deb taxmin qilyapman.
Hamid Sodiq: — Si Jinpingning global xavfsizlik, insoniyat taqdiri, deyotgani ma’lum bir falsafiy, siyosiy tomondan tushuntirmoqchi butun dunyoga. Putin esa esa yalang‘och ko‘rinishda tushuntirmoqchi, ya’ni Rossiyasiz dunyo bo‘lsa, dunyo kerak emas. Xitoy esa falsafiy tomondan aytmoqchi buni. Mana shu ritorika ikki avtokratning tafakkurini ko‘rsatadi.
Kamoliddin Rabbimov: — Dunyoda keyingi 30 yilda AQSh qudratidan charchash kuzatilyapti. Global janub, musulmon va arab dunyosi Falastin misolida, Isroilning homiysi sifatida esa AQSh ko‘riladi. Shuning uchun ham bu ikki davlatning adolati avtoritar adolat, avtoritar demokratiya.
Demokratiyani har xil talqin qilish mumkin, Shimoliy Koreya ham o‘zini demokratik davlat deb biladi. Rossiya va Xitoy bir xil vazndagi “qo‘chqor” emas, Rossiya aholisi 140 mln, Xitoyniki 10 barobar ko‘p. Rossiya YaIM 1,5 trln atrofida, Xitoyning YaIM 21 trlndan oshadi. Sovet ittifoqi davrida Stalin lider edi va Xitoy unga bo‘ysunardi, hozir esa mutlaq teskari holat. Shartli ravishda aytadigan bo‘lsak, Rossiyaning taqdirini ko‘proq Pekin belgilaydi bugun. Agar Pekin Rossiyadan voz kechsa, Rossiya to‘liq ihotalanadi va G‘arb sanksiyalari samara beradi. Xitoyning o‘ziga ham Rossiya bilan hamkorlik qilish uzoq muddatli manfaatlariga to‘g‘ri keladi.
— Xitoy va Rossiyaning Markaziy Osiyo bo‘yicha siyosati qaysi nuqtalarda o‘zaro kesishadi va qaysi jihatdan ziddiyatli?
Nargiza Umarova: — Markaziy Osiyo geografik yaqin mintaqa, shuning uchun befarq bo‘lolmaydi. Yaqingacha bu ikki davlat o‘rtasida vazifalar taqsimoti bor deyilardi, Rossiya Markaziy Osiyodagi xavfsizlikka javob bersa, Xitoy iqtisodiy tomoniga. Bu qarash hozir eskirgan. Endi Xitoy ochiqcha o‘zini Markaziy Osiyo uchun ham, butun dunyo xavfsizligi uchun ham mas’ul ekanini aytyapti Rossiya bilan birga.
MO davlatlari uchun ham tanlov kengayyapti. G‘arb ham o‘z yordamlarini, loyihalarini taqdim etyapti. Markaziy Osiyo bular uchun muhim hisoblanadi. MO davlatlari xayrixohlik ko‘rsatyapti, Xitoy tashabbuslarini MOning kamida 2 yirik davlati (O‘zbekiston, Qozog‘iston) qo‘llagan.
Shuhrat Rasul: — Nargizaning fikrlariga to‘la qo‘shilaman. MO davlatlari, xususan, O‘zbekiston o‘z xayrixohligini global o‘yinchilarga ko‘rsatib turishi kepak, chunki bu ko‘p vektorli siyosat asosi. Mintaqaviy kuchlar bilan ham, AQSh, G‘arb, Rossiya va Xitoy bilan ham shunday.
AQSh va G‘arb bo‘yicha xalqimizda salbiy munosabat shakllangan. MOga G‘arb juda kerak, masalan, O‘zbekistonga Jahon banki, Yevropa Tiklanish va taraqqiyot banki, Xalqaro valuta jamg‘armasi tomonidan 1,5 foizlik kreditlar berilyapti. MO uchun Rossiya va Xitoy o‘rtasida raqobat bor, iqtisodiy munosabatlarda ko‘rish mumkin. O‘zbekistonda Rossiyaning 3100 dan ortiq qo‘shma korxonasi bor, Xitoyniki 2200 ta, lekin Xitoy investitsiyalarining miqdori ancha katta. O‘tgan yili sammit doirasida Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga tashrifida 57 mlrd dollarlik shartnomalar imzolangan, shularning yarmi amalga oshsa ham, O‘zbekiston iqtisodida sezilarli o‘sish bo‘ladi. Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi sammit bo‘yicha biror raqam eshitmadik hali investitsiya to‘g‘risida. Xitoy Rossiyaga iqtisodini ko‘taruvchi investitsiyalar kiritish siyosatidan voz kechgan. Noyabr oyidagi forumda buning uchun Moskva meri Sobyanin Xitoy tomonini ayblagan ham edi.
Xitoyning bu siyosati mantiqli. Xitoy MO davlatlarini o‘ziga raqib deb bilmaydi, lekin Rossiyani kuchaytirishdan manfaatdor emas, Rossiyani tovar sotadigan katta bozor sifatida ko‘radi va shunday ushlab turmoqchi.
Kamoliddin Rabbimov: — Bu ikki davlat MOda demokratiya bo‘lishini o‘ziga tahdid deb biladi. O‘tgan 2023 yildagi Si Jinping va Putin uchrashuvlarida biz MOdagi rangli inqiloblarga qarshi kurashamiz, dedi. Ular demokratiyaning har qanday ko‘rinishini shunday nomlaydi. Agar Qozog‘iston va O‘zbekistonda liberal demokratik o‘sish bo‘lsa, ikki avtoritar davlatning siyosati tabiiy ravishda tanqidga uchraydi, masalan, musulmonlarga, etnik kamchiliklarga munosabati. Chunki demokratiya xalq irodasining hokimiyatga chiqishi degani, tashqi siyosatda o‘z aksini topadi. Shu nuqtai nazardan bular MOda demokratiya bo‘lishidan manfaatdor emas.
Lekin Putin tashrifi fonida Kremlga yaqin bo‘lgan rus ekspertlari oldin biz MOga Xitoyning kelishini tahdid deb bilardik, bugun munosabatlar ijobiy, shuning uchun bunga qarshi emasmiz, bu borada ham hamkorlik qilamiz, dedi. Boshqa iloji ham yo‘q. MOda Rossiyaning ta’siri so‘ndi. Putin hokimiyatga kelgach, o‘zining geosiyosiy bosimini oshirib borayotgan edi. Ukraina urushidan keyin Rossiyaning ta’siri nafaqat O‘zbekistonga, balki Qozog‘iston va Qirg‘izistonga ham so‘nib qoldi. Kichik Qirg‘iziston KXShT o‘quv mashqlarini ham bekor qildi, Rossiya biror jazo choralarini qo‘llay olgani yo‘q. Bu ikki davlat o‘rtasida MO bo‘yicha raqobat yashirincha saqlanib qolaveradi.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
22:22 / 16.11.2024
Xitoyda imtihondan o‘ta olmagan talaba ommaviy qirg‘in uyushtirdi
22:10 / 16.11.2024
Abxaziyada to‘polon: mahalliy aholi Rossiya bilan kelishuvdan norozi
20:17 / 16.11.2024
Sanksiyalar Rossiyaning yirik gaz loyihasini cho‘ktirib yubormoqda - OAV
18:18 / 16.11.2024