Sanksiyalar Rossiyaning yirik gaz loyihasini cho‘ktirib yubormoqda - OAV
G‘arb sanksiyalari Rossiya gaz sanoatining flagman loyihasi – “Arktik STG-2” realizatsiyasini qiyinlashtirib yubordi. Bu loyiha 2022 yilda Yevropaga asosiy gaz quvuri yopilganidan keyin eksportdan keladigan daromadlarning yangi manbayi bo‘lishi kerak edi. Lekin maxsus kemalarning yetishmasligi va xaridor topilmayotgani sabab loyiha vaqtincha to‘xtatildi.
Rossiyaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalar mamlakat gaz sanoatidagi eng yirik loyihalardan biri “Arktik STG-2”ni amalga oshirishga jiddiy to‘siq bo‘lmoqda, deb xabar beradi The Economist.
“Arktik STG-2” – Rossiya shimolidagi abadiy muzliklarda joylashgan, suyultirilgan gaz ishlab chiqaruvchi ulkan innovatsion korxona sifatida taqdim etilgan. Loyiha Arktika sharoitida ulkan platformalar tashkil etish orqali gaz sanoatida yangi sahifa ochishi e’lon qilingandi. Bu yerda yiliga 27 milliard kub metrgacha suyultirilgan gaz ishlab chiqarilishi va Yevropaga gaz eksporti qariyb to‘xtagan bir sharoitda Rossiya uchun eksportdan yangi daromad manbayi yaratilishi ko‘zda tutilgandi.
Ishlab chiqarilgan suyultirilgan gaz Osiyo bozorlari va boshqa qit’alarga sotilishi rejalangan. Lekin aynan shu loyihaga qarshi qaratilgan maqsadli sanksiyalar tufayli “Artik STG-2” eng muhim uskunalar, kemalar va mijozlardan mahrum bo‘ldi. Noyabr oyida korxonada gaz qazib olish deyarli to‘xtab qoldi.
Ishlab chiqarish liniyalari Xitoy turbinalariga moslashtirilgan bo‘lsa-da, suyultirilgan gazni tashish uchun maxsus Arc7 muzyorar tankerlari yetishmayotgani jiddiy muammo bo‘lmoqda. Bu tipdagi kemalardan yilning barcha mavsumlarida foydalanish mumkin. Defitsit sabab “Novatek” kompaniyasi (loyiha operatori) faqat yoz mavsumida foydalanish uchun mo‘ljallangan eski tankerlardan foydalanishga majbur bo‘ldi.
“Novatek” sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun o‘z marshruti va egalari haqidagi ma’lumotlarni yashiradigan eski tankerlardan iborat “soyadagi flot”ni tashkil etdi. Lekin bu qaror ham to‘liq yechim bo‘lmadi: hozirda tankerlarning bir qismi Rossiya qirg‘oqlarida bekor turibdi, chunki Hindiston va Xitoy kabi Osiyoning ko‘plab mamlakatlari, katta chegirmalar taklif qilinishiga qaramay, Rossiya suyultirilgan gazini sotib olishga shoshilmayapti. Ular ikkilamchi sanksiyalardan cho‘chimoqda.
“Arktik STG-2" loyihasini nishonga olgan sanksiyalar neft eksportiga qo‘yilgan sanksiyalarga qaraganda qattiqroq va nazorat qilish osonroq bo‘lib chiqdi. G‘arb mamlakatlari bu sanksiyalarni chetlab o‘tishga qaratilgan har qanday urinishni qat’iy ravishda to‘xtatishga intilmoqda, bu esa Rossiyaning suyultirilgan tabiiy gaz yetkazib berishni ko‘paytirish rejalariga jiddiy to‘sqinlik qilmoqda.
Rossiya bu vaziyatdan chiqish yo‘llarini qidirayotgan bo‘lsa-da, loyihaning kelajagi hamon noaniq bo‘lib qolyapti. Uning taqdiri kelgusi oylarda xalqaro maydonda qabul qilinadigan siyosiy qarorlarga bog‘liq bo‘ladi.
The Economist'ning xulosa qilishicha, “Arktik STG-2” va butun Rossiya gaz sanoati noaniq vaziyatda turibdi. Sanksiyalarning kuchayishi va xaridorlar yetishmasligi Rossiyaning bu strategik muhim sohadagi barcha eksport salohiyatini xavf ostiga qo‘yishi mumkin.
Mavzuga oid
15:32 / 20.12.2024
Britaniya Gurjiston IIV rahbariyatiga qarshi sanksiyalar kiritdi
14:54 / 17.12.2024
Seul RF va KXDR o‘rtasidagi harbiy hamkorlik uchun sanksiyalar kiritdi
13:27 / 17.12.2024
YeI Minskka qarshi sanksiyalarni kengaytirdi
08:50 / 17.12.2024