Jamiyat | 14:48 / 12.10.2021
8840
2 daqiqa o‘qiladi

Deputatlar «propiska» so‘zini ma'naviy eskirgani uchun qonunchilikdan chiqarib yuborishmoqchi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari «propiska» so‘zi ma'naviy eskirgani hamda bu atama fuqarolar ongida «to‘sqinlik qiluvchi», «bir joyga bog‘langan», «erkinlikni cheklovchi» degan tushunchalarni keltirib chiqarayotganini bildirdi.

Shu sababli «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi bilan ayrim qonun hujjatlaridagi «doimiy propiska qilish» tushunchalari «doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish» tushunchasiga hamda «turgan joyi bo‘yicha hisobga olish» tushunchalari «vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish» tushunchalariga almashtirilmoqda.

Deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilingan mazkur qonun loyihasi bilan, shuningdek, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda fuqaro ID-kartani olish yoki almashtirish yuzasidan o‘z vaqtida murojaat qilmaganida, yaroqsiz holga keltirganda va yo‘qotib qo‘ygan taqdirda, ma'muriy javobgarlikka tortilmasligi chiqarib tashlanmoqda. «Davlat boji to‘g‘risida»gi qonunga ko‘paytirilgan miqdordagi davlat boji haqida tushuncha hamda boshqa ko‘plab qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

«Deputatlarning fikricha, qonun loyihasining qabul qilinishi huquqni qo‘llash amaliyotida «doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish», «vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish» hamda identifikatsiyalovchi ID-karta tushunchalari bilan bog‘liq bo‘shliqlar bartaraf etilishiga olib keladi», – deyiladi quyi palata xabarida.

Mavzuga oid