Jahon | 15:16 / 15.04.2026
2774
10 daqiqa o‘qiladi

Eron yadroviy faoliyatini «muzlatish» taklifi, Isroil bilan mudofaa bitimini to‘xtatgan Italiya va Putinning yangi vakolatlari – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

AQSh–Eron muzokaralarni qayta boshlashi mumkin

AQSh prezidenti Donald Tramp Erondagi urushni tugatish bo‘yicha muzokaralar yaqin ikki kun ichida qayta tiklanishi mumkinligini ma’lum qildi.

Pokiston, Eron va Fors ko‘rfazi rasmiylari ham muzokara guruhlari shu hafta oxirida Islomobodga qaytishi mumkinligini tasdiqladi. Eronlik yuqori martabali manbalardan biri aniq sana hali belgilanmaganini bildirdi.

Keyinroq AQSh vitse-prezidenti J.D. Vens Tramp Eron bilan «katta bitim» tuzmoqchi ekanini, biroq ikki davlat o‘rtasida o‘zaro ishonchsizlik darajasi juda yuqoriligini aytdi. «Bu muammoni bir kechada hal qila olmaysiz», dedi Vens.

Yadroviy masalalar muzokaralardagi asosiy to‘siq bo‘lib qolmoqda. Takliflar bilan tanish bo‘lgan manbalarga ko‘ra, AQSh Eronning barcha yadroviy faoliyatini 20 yilga to‘xtatib turishni taklif qilgan. Tehron esa 3 yildan 5 yilgacha bo‘lgan muddatni ilgari surgan.

Hafta oxiridan beri yashirin kanallar orqali olib borilayotgan muloqotlar bu tafovutni kamaytirishda siljishga erishgan va tomonlarni yangi kelishuvga yaqinlashtirmoqda.

Shuningdek, Eron xalqaro sanksiyalarning bekor qilinishini talab qilmoqda, ammo AQSh buni bir tomonlama va’da qila olmaydi.

Ho‘rmuzda esa ikki tomonlama blokada davom etmoqda. AQSh Markaziy qo‘mondonligi blokada o‘rnatilgan dastlabki 24 soat ichida birorta ham kema Eron portlaridan o‘ta olmaganini, 6 ta savdo kemasi esa ortga qaytganini ma’lum qildi. Blokadada AQShning o‘ndan ortiq harbiy kemalari ishtirok etmoqda va u faqat Eronga aloqador kemalarga taalluqlidir.

Agar Trampning strategiyasi muvaffaqiyatli bo‘lsa, u AQSh bilan muzokaralarda Eronning eng katta ustunligini yo‘q qiladi va bo‘g‘ozni ochib beradi. Biroq blokada — bu amaldagi urush harakati hisoblanadi. U ko‘p sonli harbiy kemalar va juda katta mablag‘ni uzoq muddatli jalb qilish deganidir. Bundan tashqari, AQSh blokadasi ish bera boshlasa, Eron hujumlarni qayta boshlashi ham mumkin.

Putinga yangi vakolatlar

Rossiya Davlat Dumasi prezident Vladimir Putinga — rossiyaliklarga «tazyiq o‘tkazilayotgan» mamlakatlarga qo‘shin kiritish vakolatini beruvchi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Parlament quyi palatasining xabar berishicha, qonun loyihasini 413 nafar deputat yoqlab ovoz berdi, qarshilar va betaraflar bo‘lmadi.

Kiritilayotgan o‘zgartirishlar — prezidentga «Rossiya ishtirok etmaydigan xorijiy sudlar yoki xalqaro sud organlarining qarorlari bo‘yicha hibsga olingan, ushlab turilgan yoki boshqa turdagi ta’qibga uchrayotgan Rossiya fuqarolarini himoya qilish uchun» qurolli kuchlardan «eksterritorial foydalanish» huquqini beradi.

Qonun loyihasi Mudofaa vazirligi tomonidan tayyorlangan bo‘lib, u faqat Rossiya ishtirok etmaydigan hamda vakolatlari Rossiya bilan tuzilgan xalqaro shartnomaga asoslanmagan sudlarga nisbatan qo‘llanadi.

«Kommersant» nashri so‘rov o‘tkazgan ekspertlar gap — «soya floti» kemalarini qo‘riqlashni «qonuniylashtirish» haqida ketayotgan bo‘lishi mumkinligini istisno qilmadi.

Deputat Andrey Kartapolov esa bu qonun — «tashqi yo‘nalishda davom etayotgan ashaddiy rusofobiya kampaniyasiga qarshi kurashishga yordam berishini» aytgan.

Isroil va Livan muzokaralari

14 aprel kuni AQSh davlat kotibi Marko Rubio Isroil va Livan o‘rtasida 1993 yildan beri ilk to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarga mezbonlik qildi. Har ikki tomon muhokamalar ijobiy o‘tganini bildirdi, ammo tinchlik bitimi uchun asos hozircha kelishilmadi.

«Barcha tomonlar o‘zaro kelishilgan vaqt va joyda to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarni boshlashga rozi bo‘ldi», deyiladi AQSh Davlat departamenti xabarida.

Uchrashuvdan so‘ng Isroilning AQShdagi elchisi Yexiel Layter — Livan hukumati «Hizbulloh» kuchlari tomonidan boshqa «nazorat qilinmasligini» aniq bildirganini aytdi. U Isroil Livanga hujumlarini to‘xtatishi yoki yo‘qligi haqidagi savolga javob bermadi.

Livan elchisi Nada Muavad esa dastlabki uchrashuvni «konstruktiv» deb ta’rifladi. U o‘t ochishni to‘xtatish, ko‘chirilgan aholini o‘z uylariga qaytarish va humanitar inqirozni yumshatish choralarini ko‘rishga chaqirganini aytdi.

Livan 2024 yildagi urushdan beri «Hizbulloh»ni tinch yo‘l bilan qurolsizlantirishga intilmoqda. Biroq guruhni kuch bilan qurolsizlantirishga urinish mamlakatda yangi fuqarolar urushini keltirib chiqarish xavfini tug‘diradi.

Prezident Jozef Aun va bosh vazir Navof Salom boshchiligidagi Livan hukumati «Hizbulloh» e’tirozlariga qaramay, Isroil bilan muzokara o‘tkazishga qaror qilgan. Bu esa guruh va uning siyosiy raqiblari o‘rtasidagi keskinlik kuchayganini ko‘rsatadi.

Kelgusi hafta Vashingtonda yana uchrashuvlar o‘tkazilishi kutilmoqda.

Ukraina uchun yordam paketlari

Germaniya kansleri Fridrix Mers Kiyev va Berlin yangi yordam paketlari bo‘yicha kelishuvga erishganini e’lon qildi. Mers bu haqda prezident Volodimir Zelenskiy bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytib o‘tdi.

Mersning ta’kidlashicha, kelishuv nafaqat havo hujumidan mudofaa tizimlarini, balki uzoq masofali qurollar, dronlar va o‘q-dorilarni ham o‘z ichiga oladi. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya va Ukraina turli darajadagi 10 ta kelishuvni imzolagan.

Ukraina mudofaa vaziri Mixail Fedorov germaniyalik hamkasbi bilan o‘tkazgan muzokaralar juda samarali bo‘lganini aytdi. «Biz mudofaa sohasida umumiy qiymati 4 milliard yevrolik kelishuv paketi imzoladik», dedi u.

Xususan, ushbu kelishuv — Patriot tizimlari uchun raketalar, uzoq masofali imkoniyatlarni rivojlantirish uchun 300 million yevro investitsiya hamda sun’iy intellekt bilan ishlaydigan o‘rta masofali dronlarni birgalikda ishlab chiqarishni o‘z ichiga oladi.

Avvalroq Belgiya va Ispaniya bu yil Ukrainaga mudofaa uchun 1 milliard yevrodan yordam ajratishi xabar qilingandi. Shu bilan birga, Belgiya Kiyevga F-16 qiruvchi samolyotlarini yetkazib berish niyatini tasdiqlagan.

Italiya Isroil bilan mudofaa bitimini to‘xtatdi

Italiya bosh vaziri Jorjia Meloni uning hukumati Isroil bilan mudofaa sohasidagi hamkorlik bitimini to‘xtatganini ma’lum qildi.

Melonining o‘ng qanot hukumati Isroilning Yevropadagi eng yaqin do‘stlaridan biri bo‘lib kelgan. Biroq so‘nggi haftalarda u Isroilning Livandagi hujumlarini tanqid qilmoqda.

Isroil o‘tgan haftada Livanda BMT mandati ostida xizmat qilayotgan Italiya qo‘shinlariga qarata ogohlantiruvchi o‘q uzgandi. Natijada Italiyaning bitta harbiy texnikasi shikastlandi.

«Biz rozi bo‘lmagan narsalar yuz berganda shunga muvofiq harakat qilamiz. Hozirgi vaziyatdan kelib chiqib, hukumat Isroil bilan mudofaa bitimining avtomatik ravishda uzaytirilishini to‘xtatishga qaror qildi», dedi Meloni bunga izoh berib.

Tahlilchilarga ko‘ra, Meloni hukumati elektoratining salmoqli qismi Tramp va Netanyahuga, shuningdek, Eronga qarshi urushning iqtisodiy ta’siriga keskin tanqidiy munosabatda bo‘lishidan qo‘rqmoqda.

Melonining bu bayonoti Rim papasiga qilgan hujumlari uchun boshqa ittifoqchisi — prezident Donald Trampni tanqid qilganidan bir kun o‘tib sodir bo‘ldi.

Isroil Tashqi ishlar vazirligi bu qarorning oqibatlariga katta ahamiyat bermadi va bu «Isroil xavfsizligiga ta’sir qilmasligini» aytdi.

Turkiyada qurolli hujum

Turkiya janubi-sharqidagi Siverek shahrida qurollangan shaxs litseyga hujum qildi. Natijada kamida 16 kishi yaralandi. Shanliurfa viloyati hokimi Hasan Shildakning ma’lum qilishicha, o‘n nafar o‘quvchi va to‘rt nafar o‘qituvchidan tashqari bir politsiyachi va oshxona ishchisi ham jabrlangan. Yaradorlarning to‘rt nafari o‘rtacha og‘ir ahvolda qolmoqda.

Litseydagi barcha odamlar evakuatsiya qilingan. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, hujumchi avval maktab hovlisidagi odamlarga qarata tartibsiz ravishda o‘t ochgan. So‘ng o‘quv binosi ichiga kirib, o‘q uzishni davom ettirgan.

Hujumchi ushbu litseyning 2007 yilda tug‘ilgan sobiq o‘quvchisi bo‘lgan, uning motivlari hozircha noma’lum. Politsiya uni qo‘lga olishga uringanida u o‘z joniga qasd qilgan. Turkiya Ichki ishlar vazirligi — ov miltig‘i bilan qurollangan jinoyatchi operatsiya davomida aynan shu qurol bilan o‘zini otib o‘ldirganini ma’lum qildi.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid