Jamiyat | 18:16 / 19.07.2015
19246
2 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbeknavo”: Jonli kuylamaganga litsenziya yo‘q!

Bundan keyin qo‘shiqni jonli ijro eta olmaydigan xonandalar “O‘zbeknavo” estrada birlashmasidan litsenziya olmasligi mumkin. Bu haqda birlashma AKT va matbuot xizmati bosh mutaxassisi Azizbek Turdiyev bayonot berdi.
“Yaqinda ma'naviyat kengashi darslariga kelmagan, biroz nopisand munosabatda bo‘layotgan san'atkorlardan uch nafarining litsenziyasini muddatdan oldin amal qilishini to‘xtatdik. 10 nafar san'atkorga qattiq ogohlantirish berdik, – uning so‘zlarini keltiradi “Darakchi” gazetasi. – Bundan avval litsenziya diskda yozilgan qo‘shiqlarni eshitib, ammo xonandaning o‘zini ko‘rmasdan turib berilavergan. Endi bunday tartiblarga chek qo‘yiladi. Yangi tartibga ko‘ra, qo‘shiq aytish uchun ruxsatnoma olmoqchi bo‘lgan kishi kelib birlashmaga murojaat qiladi. Komissiya a'zolariga qo‘shiqni jonli aytib beradi. Ustozlar ijodidan jonli ijro qilib bergach, litsenziya olishi mumkin. Endilikda konsert taqdim etish uchun yiliga bir marta beriladigan litsenziya uchun ham alohida talab qo‘yiladi: kamida 60 foiz jonli ijro qila olsagina, litsenziya beriladi. Endi 100 foiz fonogramma bilan muxlislarni aldashga yo‘l qo‘yilmaydi”.