Jahon | 17:25 / 21.07.2015
2545
2 daqiqa o‘qiladi

30 iyul kuni 1993 yilgi Mumbai teraktlari tashkilotchisi qatl qilinadi

Mumbaida 1993 yili sodir etilgan bir qator qo‘poruvchilik harakatlarining tashkilotchilaridan biriga o‘qilgan qatl hukmi shu yilning 30 iyul kuni ijro etiladi. Bu haqda NDTV telekanali xabar bermoqda.
Hindiston prezidenti va barcha sudlar afv etish haqidagi iltimosnomani rad etdi.
Aytilishicha, qatl vaqti Maxarashtra shtati bosh vaziri Devendra Fadnavis tomonidan belgilangan. Qatl qilinuvchining oilasi ham boxabar etilgan.
“Yoqub Nagpur yoki Punadagi Yyervada qamoqxonasida osib o‘ldirilishi mumkin”, – dedi Nagpur qamoqxonasi bosh nazoratchisi Yogesh Desai.
Memon ismli shaxsga o‘lim hukmi 2007 yili chiqarilgan edi. 2013 yili oliy sud hukmni tasdiqladi. Memon jinoyatni amalga oshirishda ishtirok etmagan bo‘lsa ham, terrorchilar bilan hamkorlik qilishda ishtirok etganlikda ayblangan edi. Ish bo‘yicha asosiy ayblanuvchi uning akasi, Yo‘bars laqabli Ibrohim Memondir. U 1993 yili Hindistonni tark etganidan buyon topilgani yo‘q.
1993 yilning 19 may kuni Mumbaining turli qismlarida 12ta portlash sodir etildi. Turli ma'lumotlarga qaraganda, 257 kishidan 300 kishigacha halok bo‘ldi. 700 yoki 1 400 kishi yaralandi. Teraktlar Mumbai jinoyat olamining eng yirik vakillaridan biri, o‘sha paytda Pokistonda turgan Dovud Ibrohim tomonidan rejalashtirilgan edi. Hindiston ushbu voqealarda Pokistonning ham qo‘li borligini iddao qilgan edi.
Taxminlarga ko‘ra, bu hujum 1992 yilda Uttar-Pradeshning Ayodxya shahridagi Babri Masjidning radikal hindlar tomonidan buzib tashlanishiga javoban amalga oshirilgan.