Sport | 16:23 / 25.07.2015
6982
3 daqiqa o‘qiladi

"JAR" stadioni tribunalariga yuvilgan gilamlar quritish uchun yoyib qo‘yilgani ma'lum qilindi

Championat.asia saytida "JAR" stadionida farroshlar yo‘qmi?" nomli fotoxabar joylashtirildi.

Xabar qilinishicha, ayni vaqtda tribuna o‘rindiqlari ancha vaqtdan beri changdan tozalanmagan holda qolmoqda.

"Mutaxassislar kelib, aniqlab berishmasa, changni qo‘l bilan artish orqali bu yerda qancha vaqtdan buyon farrosh ishlamaganini aniqlab bo‘lmaydi", deb yoziladi xabarda.

Muallif stadiondagi bu holatni dastlab "Mash'al" va O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi o‘yinida qayd qilgan va keyingi uchrashuvga holat yaxshilanganiga umid qilgan holda tashrif buyurgan.

23 iyul kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi va O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi ishtirokidagi o‘yinda ham muxlislar chang o‘rindiqlarda o‘yinni tomosha qilishga majbur bo‘lishgan.

Xabarda yozilishicha, "Oq-Tepa" va "Nasaf" jamoalari o‘rtasidagi o‘yin ham shu stadionda bo‘lgan va buning uchun poytaxtliklar kichik bo‘lmagan summani to‘lab ham berishgan. Shunda ham hech bo‘lmasa VIP o‘rindiqlar artilmagan.

Shuningdek, stadionda OAV vakillari uchun maxsus joyda sharoit butunlay qoniqarsiz ekani ta'kidlangan.

"O‘z paytida ne-ne muxlislarni ko‘rgan bu stadionga endilikda changga allergiyasi bor muxlislarning kirishini ularning sog‘ligini o‘ylagan holda, man qilish kerak", deb ogohlantiradi muallif afsus bilan.

VIPga kirgan odam, VIP darajasida o‘tirishi kerak...

Lekin VIPdagi manzara bunday bo‘lsa. Bir kishi aytgan ekan: - yaxshi ham osmonda sigirlar uchmaydi...

Manavi chang bosgan oynali devorda OAV vakillari o‘yin suratini chizib bemalol tahlil qilsalar bo‘ladi...

O‘yinga kelgan 1000 nafarga yaqin muxlislarning deyarli barchasi uylariga qo‘shimcha ish olib bordilar. Kimdir onasiga, kimdir singlisiga, yana kimdir ayoliga shimlarini yuvib berishni iltimos qilgan bo‘lishsa, ajab emas...

Stadionda farrosh yo‘q deb bo‘lmaydi. Tushlik vaqtida yuvilgan gilamlarni quritish uchun tribunaga osib qo‘yishgan. Lekin bundan ayrim ishqibozlar unumli foydalandilar.