Rossiya Fransiyaga “Mistral”larni sotishga ruxsat bermaydi
Fransiya “Mistral” toifali ikkita vertolyot tashuvchi kemalar yetkazib berish bo‘yicha shartnomani bajarmaganligi bois Rossiyaga 900 mln yevro miqdoridagi mablag‘ni qaytarib berdi. Bu haqda harbiy-texnik hamkorlik bo‘yicha federal xizmat vakiliga tayangan holda RIA Novosti agentligi xabar berdi.
“Fransiya Rossiyaga “Mistral”larning pulini qaytardi. Bu 900 mln yevro miqdoridagi summadir. Shartnoma bekor qilingan vaqtda Rossiya “Mistral”lar uchun bevosita 800 mln yevro to‘lagan edi”, - dedi u agentlik muxbiri bilan suhbat chog‘ida.
Uning so‘zlariga qaraganda, tovon pulining umumiy miqdoriga K-52K palubali vertolyotni yaratish ishlariga, “Mistral”larni boshqaruvchi mutaxassislarni tayyorlashga sarflangan mablag‘lar ham kiradi.
Shuningdek, amaldorning ta'kidlashicha, Rossiya Fransiyaga kemalarni konkret xaridor nomi aytilmaguniga qadar uchinchi davlatga reeksport qilishga ruxsat bermagan.