Jahon | 15:47 / 04.09.2015
3313
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda sud qarori bilan “Kommunistlar partiyasi” faoliyati tugatildi

Olma-ota shahri ixtisoslashtirilgan tumanlararo iqtisodiy sudi qarori bilan “Qozog‘iston Kommunistlar partiyasi” jamoat birlashmasi faoliyati to‘xtatildi. Bu haqda jurnalistlarga sud matbuot xizmati rahbari Quvondif Yeshimetga asoslanib, Interfaks-Kazaxstan ma'lum qilgan.

“Qozog‘iston adliya vazirligi sudga Qozog‘iston Kommunistlar partiyasi faoliyatini tekshirish natijasida o‘rnatilgan qonun talablarini buzganlik holatini aniqlagani sababli ushbu partiya faoliyatini tugatishni so‘rab murojaat qildi. Sud mazkur murojaatni qanoatlantirdi”, - deb ma'lum qilgan matbuot xizmati rahbari.

2015 yilning 3 sentabridan boshlab ushbu sud qarori kuchga kirgan.

Ma'lumot uchun, Kommunistlar partiyasi 1998 yilning 27 avgustida ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lib, keyinchalik 2003 yilning 20 martida qayta ro‘yxatdan o‘tgan. Partiyaning a'zolari soni 54 ming 246 nafarni tashkil etib, partiya Markaziy qo‘mitasi birinchi kotibi Serikbolsin Abdildin sanalar edi. 1999 yilgi parlament saylovlari natijasida kommunistlardan 2 nafar nomzod qonunchilik palatasiga deputat sifatida saylangan edi.

2004 yilda partiya ikkiga ajralib, undan Gaziz Aldamjarov boshchiligidagi Qozog‘iston xalq kommunistik partiyasi ajralib chiqqan edi

Shu tariqa, ayni vaqtda, Qozog‘istondagi siyosiy partiyalar soni 8ta bo‘lib qoldi. Ulardan uchtasi «Nur Otan», KNPK (Qozog‘iston xalq kommunistik partiyasi) va «Ak jol» – mamlakat parlamentida o‘z vakillariga ega hisoblanadi.