Jahon | 10:34 / 08.09.2015
2358
2 daqiqa o‘qiladi

Bangkokdagi teraktda gumon qilinayotgan xorijlik portlovchi moddalar saqlaganini tan oldi

Tay politsiyasi tomonidan 17 avgust kuni poytaxt Bangkokning sayyohlik markazida sodir etilgan portlashda aloqadorlikda gumon qilinayotgan xorijlik shaxs so‘roq qilindi, deya xabar berdi CNN.

Turk tilida gaplashuvchi erkak gumondor tarjimon orqali so‘roq qilindi. U taqiqlangan portlovchi moddalarni saqlaganini tan oldi.

Gumondor shaxs chegarani kesib o‘tishga uringan chog‘da qo‘lga olingan bo‘lib, uning yonidan portlovchi bombalarning kimyoviy tarkiblari yozilgan sahifalar topilgan edi.

Shuningdek, uning barmoq izlari, tergov xulosalariga ko‘ra, portlovchi moddalar tayyorlangan xonadagi uskunalarda ham aniqlangan.

Eslatib o‘tamiz, 17 avgust kuni kechqurun Bangkok markazida sodir bo‘lgan portlash oqibatida 20 kishi halok bo‘lib, 120 kishi jarohatlangan. Qo‘lbola radioboshqaruvli portlovchi modda xitoylik, singapurlik va tayvanlik sayyohlar gavjum bo‘lgan to‘rt boshli fil ko‘rinishidagi Eravan ilohi yaqinida harakatga keltirilgan edi.