Namanganlik nuroniylar uchun Qo‘qon shahriga sayohat tashkil etildi
«Keksalarni e'zozlash yili» davlat dasturi doirasida «Mahalla» xayriya jamoat fondi Namangan shahar bo‘limi tomonidan Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahriga sayohat uyushtirildi.
Mazkur sayohat davomida Namangan shahridagi bir guruh nuroniy otaxon-onaxonlar Qo‘qon shahridagi diqqatga sazovor tarixiy obidalarni tomosha qilishdi.
Keyingi yillarda amalga oshirilgan qurilish va obodonlashtirish ishlari tufayli shahar yangicha qiyofa kasb etgani keksalarda katta taassurot uyg‘otdi. Qadimgi me'moriy obidalar hamda xonlik davriga oid eksponatlar bilan yaqindan tanishgan qariyalar xalqimizning o‘lmas tarixiy merosi haqida to‘liq ma'lumotga ega bo‘ldi.
"Shunday dorilomon, farovon yurtda yashayotganimdan faxrlanaman. Mana, kuni kecha mustaqilligimizning 24 yillik shodiyonalari respublikamiz bo‘ylab keng nishonlandi. Ayniqsa, joriy yil hukumatimiz tomonidan «Keksalarni e'zozlash yili» deb e'lon qilinishi bizni nihoyatda quvontirdi. Keksalarga bo‘lgan e'tibor, g‘amxo‘rlik, e'zoz va ehtirom qaysi bir yurtda bor? Bugungi sayohat ham biz keksalarning xotiramizda bir umr saqlanib qolishi, shubhasiz. Bu g‘amxo‘rliklarning boshida turgan hukumatimizga, «Mahalla» xayriya jamoat fondiga o‘zimning minnatdorchiligimni bildiraman", deydi «Sihatgoh» mahalla fuqarolar yig‘ini fuqarosi, mehnat faxriysi Odinaxon Po‘latova.
"Davlat dasturi doirasida turli madaniy tadbirlar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahriga uyushtirilgan sayohat ham ana shunday xayrli ishlardan biridir, - deydi «Mahalla» xayriya jamoat fondi Namangan shahar bo‘limi raisi o‘rinbosari Akramjon Nurmatov. - Bu sayohatdan ko‘zlangan asosiy maqsad qadimiy qadriyatlarimiz, o‘lmas merosimizni keksalarimizga tanishtirishdan iborat.